Kavush kiygan laylak
Adabiyotshunos olima, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Xalq ta’limi a’lochisi, bolalar adibasi Zamira IBROHIMOVA bu yil 70 yoshni qarshiladilar.
Zamira opa olima sifatida maktabgacha ta’lim tizimi uchun ilmiy izlanishlar asosida juda ko‘p o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy-metodik kitoblar yaratdi. Adiba sifatida esa bolajonlar uchun yozgan ertak va hikoyalarining sanog‘i yo‘q. Bolalarning sevimli asarlariga aylanib ulgurgan kitoblarini sanay boshlasak, qo‘lingizdagi barmoqlaringiz yetmay qoladi.
Zamira opaning ertak va hikoyalarini o‘qir ekansiz, undagi samimiylik, tabiiy holatlar, milliy ruhni his qilasiz. Hikoya va ertak qahramonlari shundoqqina yoningizda yurgandek, ularning gap-so‘zlari, ovozi qulog‘ingiz tagida eshitilgandek bo‘ladi.
Mehnatsevar, fidoyi, bolajon opangizni qutlug‘ 70 yoshlari bilan samimiy qutlaymiz. Hamisha sog‘-salomat bo‘lsinlar. Shu g‘ayrat, shu shijoat hamisha hamroh bo‘lishini tilaymiz.
“Gulxan” jamoasi.
Bor ekan-da yo‘q ekan, qadim zamonda katta o‘rmonda bittagina Laylak bo‘lgan ekan. Yo‘q-yo‘q, o‘rmonda hayvon-u parrandalar juda ko‘p ekan, ammo Laylak bitta ekan. U bu yerga qayerdan kelib qolganini hech kim bilmas ekan. Laylakning o‘zi ota-onasini, aka-opalarini g‘ira-shira eslar ekan. “Uchishni xohlamayman! Qanotlarim kuchsiz bo‘lsa, qiynalib nima qilaman? Yerda yurib ham qorin to‘yg‘azsa bo‘ladi-ku”, – deb o‘jarlik qilib, ulardan qochib ketgani yodiga tushib xomush bo‘lib qolarkan.
Oradan vaqt o‘tibdi. Laylak katta bo‘libdi, qanotlari mustahkamlanibdi. Ammo u uchishni bilmas ekan. Uzun va katta oyoqlari bilan yerda yurishga majbur ekan. Yozda issiq tuproqda oyoqlari kuyar, qishda sovuq qotarkan. Shunday bo‘lsa-da, Laylak hech kimga nolimas, “Otam-onam uchishni o‘rgan deyishgan edi. Men-chi, nima qildim? O‘zim aybdorman, jazoyimni tortyapman”, – deb, gohida biror burchakka berkinib, jimgina yig‘lab olarkan.
Laylakni o‘rmondagi hayvon-u parrandalar hurmat qilarkan. U do‘stlaridan yordamini ayamas, kichiklarga mehribon ekan. Bir kuni Laylak katta oyoqlarini avaylab, bir-bir bosib ketayotgan ekan, qayin daraxtining shoxida o‘tirgan Chumchuq:
– Assalomu alaykum, Laylakvoy, - debdi.
– Vaalaykum assalom, Chumchuqvoy, - debdi Laylak boshini qimirlatib.
– Nega zo‘rg‘a ketyapsiz, oyog‘ingiz og‘riyaptimi? – debdi mehribonlik bilan Chumchuq.
– Yo‘q, hammasi yaxshi, – debdi Laylak.
Chumchuq qayin daraxtining shoxidan “pir” etib yerga tushibdi. Qo‘yarda-qo‘ymay Laylakning oyoq kaftiga qarabdi. “Voy-bo‘, oyoq yara-chaqa bo‘lib ketibdi-ku! Tovon ham yorilibdi”. Chumchuqning juda rahmi kelibdi.
– Bunday yurishingiz yaxshimas. Keling bozorga borib, sizga kavush olamiz, – debdi.
– Nima degani – kavush?
– Bilmaysizmi?.. Kavush – bu oyoq kiyimi. Oyoqni issiqdan, sovuqdan, yara-chaqadan asraydi. Mana ko‘rasiz, sizga rosa yoqadi, – debdi Chumchuq.
Laylak rozi bo‘libdi.
Bozor nihoyatda gavjum ekan. Go‘yo o‘rmondagi hamma parranda-yu hayvonlar shu yerga ko‘chib kelgandek. Rastalarda meva-yu sabzavotlar, qand-qurslar, asal-u qaymoq, don-dunlar, kiyim-kechaklar, hatto yorqin rangli o‘yinchoqlar ham uyib tashlangan ekan.
Laylak bilan Chumchuq kavush sotadigan rastaga borishibdi. Laylak kattakon, elliginchi o‘lchamdagi, havorang kavushni tanlabdi. Oyog‘iga kiyib, “to‘p-to‘p” qilib yurib ko‘ribdi. Laylakning ingichka va uzun oyoqlariga kavush yarashmagan bo‘lsada, u benihoya sevinibdi. Unga qo‘shilib chumchuq ham quvonibdi. Ular shodliklarini ichlariga sig‘dirolmay, ashula aytib bozordan chiqishibdi va xayrlashib, qarama-qarshi tomonga yo‘l olishibdi.
Laylak oyog‘idagi kavush og‘irlik qilayotgan bo‘lsa ham parvo qilmay, “Takira-tak” deb qo‘shig‘ini baralla aytib ketayotsa, oldidan tez oqar ariq chiqib qolibdi. Laylak taraddudlanib to‘xtabdi. “Voy, endi nima qilaman. Suvdan yurib o‘tsam, kavushlarim ho‘l bo‘lib qoladi-ku!.. Yo‘q, yaxshisi sakrab o‘taman” – deb o‘ylabdi va kuchi boricha sakrab, narigi qirg‘oqqa eson-omon o‘tib olibdi. Bundoq qarasa, bir oyog‘idagi kavush yo‘q. “Dod” – deb ariqqa talpinibdi. Kavush suvda bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay oqib ketayotgan ekan. Laylak o‘zini suvga otibdi, afsus, kavush tutqich bermay uzoqlashib ketibdi. U bir amallab qirg‘oqqa chiqibdi. Oyog‘iga qarasa ikkinchi kavush ham yo‘q. Patlari badaniga yopishib, dir-dir titrayotgan Laylak ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi...
Shu payt osmondan laylaklarning ovozi kelibdi. Laylak boshini ko‘tarib qarabdi. “Laylaklar!.. Ular qanchalik baland uchadi-ya!” debdi havas bilan. “Men ham Laylakman! Boshqacha yashashim to‘g‘ri emas! Menga qanot berilgan-ku, uchishim kerak!” U shahd bilan o‘rnidan turib, qanotlarini astoydil silkitib, uchmoqchi bo‘libdi. Ammo, uchishning o‘rniga oldinga qarab yurib ketibdi. Tepadan pastga uchmoqchi bo‘libdi, qanotlari unga bo‘ysunmabdi. Gursillab yiqilibdi, turibdi... Yana va yana yiqilibdi... Harakat qilishdan bir zum to‘xtamabdi...
Kunlardan bir kuni qanday qilib yuqoriga ko‘tarilganini bilmay qolibdi. Laylak quvona-quvona bepoyon osmonda tobora balandlab ucha boshlabdi.