“Miyasi butun”lar sohasi
IT(Information technology) – o‘zbekchada “Axborot texnologiyalari” degani. Agar biz hayotimiz davomida qabul qiladigan ma’lumotlarimizni “axborot” desak, ularni bizga yetkazib beruvchi har qanday vositalar axborot texnologiyalari hisoblanadi.
Masalan, biz ingliz tilini turli mobil ilovalar orqali (Duolingo, Ibrat Academy kabi) o‘rganishimiz mumkin. Bunda axborot – ingliz tili bo‘lsa, axborot texnologiyasi – mobil dasturlardir. Yoki uyimizdan turib turli to‘garaklar, konferensiyalar, vebinarlarda onlayn ishtirok etamiz. Ulardan oladigan ma’lumotlar, bilimlarimiz – axborot, biz foydalanayotgan platformalar (masalan, Zoom) esa axborot texnologiyasi, ya’ni IT.
IT ta’limgagina emas, hayotimizning deyarli barcha sohasiga qadam qo‘yishga ulgurdi. Masalan, bir paytlar zavodlarda odamlar qiynalib bajargan vazifalarni bugun robotlar bajarishadi, to‘g‘rimi? Ular ham ITning bir qismi, boisi, ular ham ma’lum bir dasturlar asosida ishlaydi. Robotlarga bu dasturni yozib, harakatga keltiruvchilar esa IT mutaxassislaridir.
Hozir yoshlar o‘rtasida ITni o‘rganish urf bo‘lgan. Albatta, bu sohani yoshi kattalarga nisbatan yoshlar tezroq, chuqurroq tushunishadi-da!
Jahon mamlakatlaridan ortda qolmasligimiz uchun bizda ham ayni shu soha mutaxassislariga talab juda yuqori. Shunday bo‘lgach, IT sohasining turli yo‘nalishlarini o‘rgatuvchi markazlar, onlayn yoki an’anaviy kurslar ham ko‘paymoqda. Bunday o‘quv markazlariga ITPARK, Najot ta’lim, Mohirdev, ITSchool, JuniorCode kabilarni misol qilish mumkin. Ular siz va siz kabi “miyasi butun” yoshlarni jon-jon deb qabul qiladi. Sohani a’lo darajada o‘zlashtirib olsangiz, sizni o‘zlari “band” qilishadi. Buning uchun sizdan sohaga qiziqish, ishtiyoq, qunt va tinimsiz harakat talab etiladi.
O‘quv kurslardan tashqari, oliy o‘quv yurtlarida, hatto ba’zi maktablarda ham ITga ixtisoslashgan sinflar tashkil etilgan.
Axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Uchtepa tumanidagi 193-maktab o‘quvchilari bugun ustozlaridan robototexnika sirlarini o‘rganishyapti. Shu bilan birga bilimga chanqoq o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlarida tashkil etilayotgan respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, yuqori o‘rinlarni egallamoqdalar. 9-sinfda tahsil olayotgan To‘lqinov Umarjon ana shunday maqtasa arzigulik o‘quvchilardan. U yaqinda NEOBOT tanlovida o‘zi yasagan robot bilan qatnashib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. 3-sinf o‘quvchisi iqtidorli qiz Ziyodabegim Abdullayeva ham RoboSumbo, NEOBOT tanlovlarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallagan. Eng yosh ishtirokchi sifatida qatnashgan Ziyodabegimning intilishi va o‘tkir zehniga qoyil qolmay iloj yo‘q.
Mana endi siz ham “IT nima?” deyishsa, xayolingizga faqatgina kattakon kompyuterni keltirmaysiz. IT haqida tushunchaga ega bo‘ldingiz va ishonamanki, qiziqarli, zamonaviy, qolaversa o‘zingizdan tashqari xalqimizga foyda keltiruvchi bu kasbga siz ham qiziqib qolasiz. Uni o‘rganish, kelajakda kasbingiz orqali odamlar og‘irini yengil qilish, insoniyatga yangi qulayliklar yaratib berish siz uchun qiyin ish emas. Maqsadingiz va yorqin kelajagingiz sari olg‘a, do‘stlar!
Muhammadali PO‘LATOV