Orzulari osmon bola
Kuz bo‘lishiga qaramasdan havo issiq edi. Dildora opa uy yumushlarini tugatib ishga otlandi.
– Jamshidbek o‘g‘lim, bo‘la qolgin, maktabingga tashlab o‘taman, – deb o‘g‘lini chaqirdi. Maktab uylariga yaqin bo‘lganidan piyoda yo‘lga tushishdi.
– Oyi, bilasizmi, kecha men konstitutsiya kitobidagi moddalarni o‘qib chiqdim va biz, bolalarning haq-huquqlari nimalardan iborat ekanligini bilib oldim, – dedi Jamshid.
– O‘zimning bilag‘on o‘g‘lim, barakalla! – deb boshini silab, maqtab qo‘ydi onasi.
Jamshidbek kitobsevar, aqlli va bilimga tashna bo‘lgani uchun bo‘sh qoldi deguncha, qo‘liga kitob oladi. Uning kelajakdagi maqsadlari juda ko‘p. Ustozlarining aytishicha, har qanday maqsad va orzularga erishish uchun juda ko‘p kitob o‘qish kerak ekan.
Mana, maktabga ham yetib kelishdi. Sinfni o‘quvchilarning g‘ala-g‘ovuri bosib ketgandi. Sinf rahbari Mavluda opa kirib kelishi bilan shovqin bosildi. Ustoz o‘quvchilar bilan salomlashib, savol-javob qila boshladi:
– Bolalar, mana ikkinchi chorak ham boshlandi. Xo‘sh, ta’tilda nimalar bilan shug‘ullandingiz?, – dedi.
Bolalar birin-ketin qo‘l ko‘tarishdi. Biri “Maktab darslarimni tayyorladim, biroz vaqtimni do‘stlarim bilan o‘tkazdim”, desa, yana biri, “Axir, ta’til edi-ku, shuning uchun dam oldim”, dedi. Navbat Jamshidga keldi.
– Men ta’tilda qonun-qoidalar va inson huquqlariga oid kitoblar o‘qidim, – dedi u. – Konstitutsiyaning juda ko‘p moddalarini yodladim. Bu esa menga o‘z huquqlarimni bilib olishimga yordam berdi, – dedi.
Jamshidning javobidan ko‘ngli to‘ldi, shekilli, Mavluda opa jilmaydi va:
– Ofarin. Hammangiz ko‘p kitob o‘qibsiz, dars tayyorlabsiz, barakalla. Qani, kim aytib beradi? Siz bolajonlarning qanday huquqlaringiz bor? – deya o‘quvchilarga yuzlandi.
– Ustoz, men bilaman. Maylimi, aytsam? – so‘radi Jamshid o‘rnidan turar ekan.
– Xo‘sh ayt-chi?
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida yozilganidek, har kim ta’lim olish huquqiga ega. Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. 78-moddada esa shunday yozilgan, Farzandlar ota-onaning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Yana, biz bolalarning huquqlari 77-50-moddalarda ham belgilab qo‘yilgan.
80-moddada bizning kelgusidagi eng muhim burchlarimizdan biri keltirilib, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar, deyilgan. Biz, albatta, bu burchimizni bajarishimiz kerak. Buning uchun esa yaxshi o‘qishimiz, shu bilan birga go‘zal xulq-atvor va yaxshi kasb egasi bo‘lishimiz lozim.
Jamshid so‘zini tugatishi bilan sinfdoshlari qarsak chalib yuborishdi.
– Barakalla o‘g‘lim, yasha, – dedi Mavluda opa. – Ayt-chi, kelajakda kim bo‘lmoqchisan?
– Advokat bo‘laman. Shuning uchun qonun-qoidalarni yaxshi bilishim kerak.
– Men senga ishonaman, albatta, kelajakda zo‘r advokat bo‘lasan. Bolajonlar, kelasi darsda Konstitutsiyamizning huquqlaringizga oid moddalarini barchadan so‘rayman. Rahmat, o‘tir, Jamshid, – dedi o‘qituvchi.
Shu vaqt qo‘ng‘iroq chalindi. Ustoz Jamshidning kundaligiga “besh” baho va ota-onasiga “Rahmatnoma” yozib berdi. Jamshid bundan juda quvondi, axir ota-onasiga rahmat olib berish farzand uchun qanchalar katta baxt.
Sizlar ham o‘z huquqlaringizni bilib oling, chunki ular har qanday sohada, hayotingizda, albatta, kerak bo‘ladi.
Farzona HOSHIMOVA,
Erkin Vohidov nomidagi
ijod maktabining 7-sinf o‘quvchisi