Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ravshanning “3”lari yo‘q

Ravshan injiq, loqayd, qaysar bola bo‘lib qoldi. Sababi, u har kuni yarim tungacha televizor tomosha qiladi. Ertalab esa barvaqt uyg‘onishni istamaydi. Bazo‘r o‘rnidan turib, apil-tapil yuvinadi. Ba’zan nonushta qilishga ham ulgurmaydi, och-nahor maktabga jo‘naydi. Darslarda esnab, lanj holatda o‘tiradi. O‘qituvchisining aytgan gaplari qulog‘iga kirmaydi. Maktabdan kelib ko‘chaga chopadi. Ravshanning har kuni shu tariqa o‘tadi. Uning bu holatidan xavotirga tushgan sinf rahbari Otabek Rasulovich ota-onasini chaqirtirib: – O‘g‘lingiz darslarni yaxshi o‘zlashtirolmayapti. Mashg‘ulotlar paytida nuqul uxlab qoladi. Uning tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishga, sog‘lig‘ini nazorat qilishga to‘g‘ri keladi. Agar istasa, sport to‘garagiga qatnashsin. Jismonan sog‘lom bo‘ladi, o‘qishlari ham joyiga tushardi, – dedi. Bu gaplardan xulosa chiqargan ota-onasi uni tennis to‘garagiga berishdi. Avvaliga qiynaldi, lekin keyinchalik tennis bilan astoydil shug‘ullana boshladi. O‘qishlari va xulqi ham yaxshi tomonga o‘zgardi. Endilikda u erta tongdan turib badantarbiya mashqlarini bajaradi. Ota-onasi ham xursand. Yaqinda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy “Umid nihollari” sport musobaqasida Ravshan faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Ko‘rdingizmi, sport o‘g‘il-qizlarning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyatga ega. Sport Ravshanning kamchiliklarini vaqtida tuzatishga yordam berdi. Hozir barcha ishlarini rejaga solib olgan qahramonimizning kundaligidan “3” bahoni topolmaysiz.

 

Marjona MO‘YIDINOVA,

Buxoro viloyati Kogon shahri

8-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.