Muhabbatli muallim
Birgina harf o‘rgatishning ming mashaqqatini totib, bundan qalbi cheksiz g‘urur va faxrga to‘lib yurgan Muhabbat Sharapova tajribali ustozlardan biri. U Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi. Muhabbat opa hayotini yosh avlodga ilm o‘rgatishga bag‘ishladi. Sobiq sho‘ro davrida ham yigirma yil muallimlik qildi.
– Bugungi yoshlarga havasim keladi, – deydi Muhabbat opa. – U paytlari biz hozirgiday o‘quv binolarini orzu qilar edik. Qishloq joylarda, hatto ayrim tuman markazlarida ham pastqam binolar, xalqning o‘zi hashar yo‘li bilan guvala g‘ishtlardan qurgan maktablar bo‘lardi. Hech qancha vaqt o‘tmay ular nurab to‘kilib, ta’mirtalab bo‘lib qolardi. Hozir-chi? Mana, o‘zim ishlayotgan bilim dargohidan qiyos. Keng, yorug‘, barcha shart-sharoitlar mujassam inshootlar. Bularga yarasha o‘quvchilarimiz ham nodir iste’dod egalari. Ular shunday imkoniyatlarga ega maskanlarda bilim olishmoqda. Turli olimpiada va musobaqalar tufayli biz ko‘rmagan yurtlarni ular ko‘ryapti. Bularning barchasi istiqlolimiz tufayli.
Muhabbat opaning shogirdlari 17 marta respublika, 5 marta xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan. O‘tgan yili endigina o‘n besh yoshga to‘lgan Saidali Murodullayev Xitoyning Chang Chung shahrida o‘tkazilgan xalqaro yosh matematiklar olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni olib qaytdi. Muallimaning bugungi shogirdlari haqiqiy mustaqillik farzandlaridir.
Muhabbat Sharapova mustaqillikning birinchi yilidayoq “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu uning o‘qituvchilik faoliyati davomida olgan ilk rag‘bati edi. Tinib-tinchimas, fidoyi o‘qituvchi 1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi “Faxriy yorlig‘i” va 1996-yilda “Mehnat shuhrati” ordeniga loyiq topildi. 2007-yilda esa “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi. 2016-yil ham ustoz uchun unutilmas yil bo‘ldi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bo‘lgan mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida Muhabbat Sharapova mamlakatimizning eng oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Har kuni teleekran orqali “Axborot” dasturini ko‘rishni odat qilganman. O‘sha kuni ham televizor ko‘rib o‘tirganimda boshlovchi Prezidentimizning farmonini o‘qib berarkan, birdan mukofotlanganlar orasida nomimni eshitib, hayajondan tilim aylanmay qoldi, – deya so‘zini davom ettirdi Muhabbat opa. – Hamkasbim qo‘ng‘iroq qilib, “Muhabbat opa, O‘zbekiston Qahramoni bo‘libsiz, tabriklayman”, deganda, o‘zimga keldim. Birinchi aytgan gapim shu bo‘ldi: “Rostdan ham shu menmi? Tush emasmi?..”
Muhabbat Sharapova hozir faxrli yoshda. Bugun u shogirdlari, do‘st-yorlarining davrasida ko‘ngli osmon qadar. U o‘quvchilariga bor mehr-u muhabbati, shijoati bilan bilim berar ekan, mehnatlari besamar ketmasligiga, shogirdlari ishonchini oqlashiga ishonadi. Bundan Muhabbat opaning qalbi beixtiyor to‘lqinlanib shunday deydi: “Boringizga shukur, qora ko‘zlarim! Boringga shukur, Istiqlol!..”
Bekmurod ABDURAIMOV