Ustoz Bobur sabog‘i
“Boburnoma”ni mutolaa qilgan bo‘lsangiz, uning “To‘qqiz yuz o‘ttiz beshinchi (1528–1529) yil voqealari” bobida Zahiriddin Muhammad Bobur o‘g‘li Humoyun Mirzoga yozgan bir maktub bor. Xat o‘sha paytda farzand ko‘rgan o‘g‘ilga tabrik bilan boshlanadi.
Shukr, bermish senga haq farzande,
Sanga farzand-u, manga dilbande,
– baytini keltirar ekan, uning keyingi so‘zlari nafaqat Humoyun Mirzoga, balki o‘sha davrda yashagan barcha yoshlar, kelgusi avlodlar uchun qimmatli o‘git sifatida g‘oyat qadrlidir.
Xususan, bolaga ism qo‘yishda uning ma’nosiga ham, kelajakda qanday aytilishiga ham albatta e’tiborli bo‘lish lozim, toki odamlar bu ismni qisqartirib yoki ma’nosini buzib aytib ketishmasin, deydi u.
Qarang, bugun ayrim tengdoshlaringiz orasida o‘rtoqlarining chiroyli ismlarini qisqartirib yoki buzib aytadiganlar ham uchrab turadi. Bu odatning nihoyatda xunuk ekanini zukko adib bundan besh asr burun aytib qo‘ygan ekan!
Shuningdek, ushbu maktubda to‘g‘ri, savod bilan yozish, fikrni xoh yozma, xoh og‘zaki shaklda bo‘lsin, ixcham, sodda, tushunarli ifodalash lozimligi to‘g‘risida shunday saboq beriladiki, beixtiyor: “Bobur hazratlari nainki, ulug‘ podshoh, iste’dodli shoir, balki ajoyib murabbiy ham bo‘lgan ekanlar-da!” deya qoyil qolamiz.
“Xatlaringni yozib bo‘lgach, ularni qayta o‘qimaysan, – deya kuyunib yozadi ustoz Bobur. – Chunki o‘qishga niyat qilganingda ham o‘qiy olmasding. O‘qiy olmaganingdan so‘ng, albatta, o‘zgartirgan bo‘larding”.
Ona tili yoki adabiyot darslarida yozma ishlardan qiynaladigan ayrim o‘quvchilar uchun tanish holat, shunday emasmi? Maktubining Humoyun yozgan xat tahliliga bag‘ishlangan qismini shunday yengil tanbeh bilan boshlagan adib keyingi so‘zlarida tanqidni biroz oshiradi: “Xatingni qiynalib o‘qisa bo‘ladi, lekin u juda chalkash. Nasrda hali hech kim muammo ko‘rgan emas. Garchi uncha to‘g‘ri bo‘lmasa ham, imlong yomonmas. “Iltifot”ni “to” bilan, “qulunj”ni “yo” bilan bitibsan...”
O‘g‘lining xatolarini misollar bilan ko‘rsatib bergan Mirzo Bobur unga yanada qattiqroq ta’sir etishi uchun endi uning uslubiy kamchiliklariga diqqat qaratadi: “Xatingni bir amallab o‘qisa bo‘ladi, lekin tushunarsiz so‘zlarni qo‘llaganingdan maqsadingni to‘la anglab bo‘lmaydi. Ehtimol, xat yozishga sustliging shundandir...
Jimjimador so‘zlarni bitmoqchi bo‘lasan, shu bois (yozganlaring) tushunarsiz chiqadi. Bundan keyin takalluf qilma, ravshan va aniq so‘zlar bilan yoz. Senga ham, o‘quvchiga ham tashvish kamroq bo‘ladi”.
Mazkur so‘zlar ulug‘ shoir va adibning tilga e’tiborli bo‘lganini, ona tilimizni yuksak qadrlaganini, uning sofligi va taraqqiyoti yo‘lida qanchalar jon koyitganini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida tilga: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu – millatning ruhidir”, deya ta’rif beriladi.
Millat ruhini teran anglamoq uchun tilimizning teran ildizlarini bilmog‘imiz, o‘rganmog‘imiz shart. Mirzo Bobur kabi allomalar ijodi esa bu yo‘lda biz uchun ulkan maktab, bebaho mash’aldir.
Elmurod NISHONOV