Salom, musaffo olam
Har bitta odamning organizmi alohida bir mamlakat. Uning o‘ziga xos tuzilishi, ichki qoidalari, ish tartibi bor. Ba’zan uning chegaralarini buzib o‘tadigan, sarhadlariga tahdid soladigan “dushmanlari” bo‘ladi. Eng yomoni bu “yovlar” ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmas, maxfiy tarzda hujumga o‘tishadi. G‘aflatda “uxlab yotgan” yoki kamchilikni tashkil qiluvchi “askarlarimiz” ya’ni immunitetimiz ayonki, “bosqinchilarga” qarshi kurashda mag‘lub bo‘ladilar.
Chunki “dushman” tish-tirnog‘igacha qurollangan, kuchli va tezkor. Xo‘sh, bu “dushmanlar” kim ekan, deb o‘ylayapsizmi? Unda maqolamizni diqqat bilan o‘qib chiqing.
Kecha-yu kunduz biz uchun tinim bilmay ishlaydigan “azamatlar” ya’ni immun tizimimiz yaxshi nonushta qilmay, ovqatni vaqtida yemay, mevalar o‘rniga shirinliklarga ruju qo‘ygan bir vaqtda ancha kuchsizlanadi. Bunday paytda o‘zlariga o‘lja va qulay makon qidirib yurgan “bosqinchilar” – virus va bakteriyalar hududimizni ya’ni organizmimizni ishg‘ol qilishadi. To‘satdan issig‘imiz ko‘tariladi, ko‘nglimiz aynib, qayd qilamiz, etimiz uvishadi. Kasallik birdan boshlandi, deb o‘ylaymiz, lekin ungacha ichimizda kechgan jarayonlardan butunlay bexabarmiz. Keling, tibbiyotning Yuqumli kasalliklar deb ataluvchi bo‘limiga to‘xtalamiz-da, shifokor Aziz HAYDAROVdan maslahatlar olamiz.
Mikrob nima?
Mikrob so‘zi aslida “kichik hayot” degan ma’noni anglatarkan. Ular ham barcha tirik mavjudotlar singari hatto ovqatlanarkanlar. Biroq maxsus ovqat hazm qilish organlariga ega emas ekan. Aziz akaning aytishicha, agar ozuqa moddasi va kerakli harorat mavjud bo‘lsa taxminan yarim soatda 2 barobar, 1 soatda 4 barobarga ko‘payadi. Bu jonzotlar shu darajada kichkinaki, ular millimetrning mingdan bir, hatto milliondan bir qismiga teng. Ularni faqat mikroskop bilangina ko‘rish mumkin. Yer yuzidagi eng kichik jonzotlar bo‘lgan mikroblar milliard yillardan beri mavjud. Hozirda mikroblarning 1500 ga yaqin, viruslarning esa 100 dan ortiq turlari ma’lum. Ular odam organizmiga yuvilmagan mevalar, kir qo‘llar, qaynatilmagan suv, sifati buzilgan oziq-ovqat mahsulotlari orqali kiradi va kasallik qo‘zg‘atadi.
Toksin nima?
Organizmga tushgan mikroblar ishlab chiqargan zaharli modda toksin deyiladi. Ular shunchalik chidamli moddaki, hatto muzlatilganda ham, quritilganda ham o‘z xususiyatini saqlab qoladi. Yuqori haroratda uzoq vaqt qaynatilgandagina halok bo‘ladi. Zaharli moddalar organizmda paydo bo‘lgach, toksinlar bilan immunitetimizning ayovsiz janggi boshlanadi. Bu olishuvning eng yuqori nuqtaga yetishi intoksikatsiya jarayoni deyiladi. Tog‘li hududlarga dam olishga chiqqanda qo‘ziqorin terish biz uchun qiziqarli mashg‘ulot, to‘g‘rimi? Ammo, bu qo‘ziqorinlar tarkibida ekzotoksinlar mavjud bo‘lsa-chi? Ularni iste’mol qilgach, tezlik bilan tanamizda kuchli zaharlanish jarayoni boshlanadi. Yoki gaz pechiga chovgumni to‘ldirib suv qo‘yib, uxlab qolishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Suv qaynab toshganda tarqaladigan is gazi ekzotoksin zaharlanishga sabab bo‘ladi. Bu xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kir yuvadigan, buyumlarni oqartiradigan, uy jihozlarini tozalashda ishlatiladigan kimyoviy yuvish vositalaridan ham ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Shunda zaharlanishdan o‘zimizni himoya qilgan bo‘lamiz.
Bakteriya nima?
Bakteriyalar viruslardan shunisi bilan farq qiladiki, ular orasida hayot uchun muhim va foydalilari ham bor. Salomatlik uchun xizmat qiluvchi bakteriyalar nopatogen bakteriyalar deyilsa, kasallik chaqiruvchi turlari mikroblar deb ataladi. Sutdan qatiq, sariyog‘, pishloq va boshqa mahsulotlar qanday tayyorlanadi, deb o‘ylaysiz?! Ularni hosil qilishda bijg‘itadigan bakteriyalardan keng foydalaniladi. Salomatligimiz uchun xizmat qiluvchi tibbiyotdagi spirt, antibiotiklar, vitamin va aminokislotalar aynan foydali bakteriyalar mahsulidir. Zararli turlari bilan esa kurashamiz, chunki ular sabab don-dun, oziq-ovqat mahsulotlari buzilib, aynib qoladi. Organizmda kasallik qo‘zg‘atadigan turlari patogen bakteriyalar deyiladi. Hovlimizga ekkan nihollar, ekinlar, tuvakda parvarish qilayotgan gullarimizning barglari ba’zan qovjirab, shoxlari egilib qolganini kuzatganmisiz?! Kasallikka chalinibdi, deymiz. Aslida ularga o‘simliklarning hayotiga xavf soluvchi fitopatogen bakteriyalar yuqqan bo‘ladi.
Virus nima?
Viruslar tanamizdan tashqarida ham yillab tiriklik xususiyatini yo‘qotmaydilar. Qulay sharoitga, tirik hujayraga ya’ni og‘zimiz, burnimiz orqali nafas yo‘llariga joylashib olsa bormi, bitta mitti zarrachadan bir necha soatda milliardlab viruslar paydo bo‘ladi. Misol uchun, ertalab maktabga ketayotganimizda yaxshi edik. Ammo dars boshlangach tanamiz uvishib, qaltirab, suyaklarimiz zirqirab, boshimiz og‘riy boshladi. Demak, son-sanoqsiz viruslarning hujumiga uchrabmiz. Viruslar boshqa “sheriklari”ga nisbatan juda kichikligi va tirik mavjudot emasligi bilan ajralib turadi. U odam organizmidagi biriktiruvchi to‘qima – hujayra yadrosiga kirib olib o‘ziga o‘xshash juda ko‘p oqsillarni ishlab chiqaradi. Bakteriyalar hujayraviy tuzilishga ega bo‘lganligi uchun ularni hujayra devorimiz “tanib”, tutib qolishi mumkin, ammo “ayyor” viruslar mittiligi bois bu devorlardan osongina hatlab o‘tib, hujayra yadrosiga, ya’ni tarkibiy qismigacha kirib boradi. Mikrob va bakteriyalar bunday xususiyatga ega emas. Virusning yot narsa ekanini ajratolmay unga darvozalarini ochib bergan organizmimiz ko‘payishi uchun zamin yaratuvchi oqsillarni ishlab beradi va uni “boqa boshlaydi”. Gripp, gepatit, qizamiq, suvchechak kabi kasalliklar viruslarning “maxfiy yurishlari” orqali yuzaga keladi.
Immun tizimi esa organizmimizning himoya qatlami bo‘lib, uning sog‘-salomatligi uchun javobgardir. Agar immunitetimiz bahodirlardek baquvvat bo‘lsa, biz bugun sizga sanab o‘tgan yuqumli kasalliklarning birortasi yaqin yo‘lolmaydi. Agar bir yilda 5 marotabadan ko‘p kasal bo‘lsangiz, demak sizda immunitet pasayib ketgan. Biror xastalik bilan og‘rib qolganimizda tanamizda unga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida bolalar sun’iy emlanadi. Emlashni salomatligim uchun muhim, deb qabul qilishingiz kerak.
Toza havo, ozodalik, tartib-intizom, to‘g‘ri ovqatlanish va vitaminlar doim hamrohingiz bo‘lsin!
Umida SADATOVA