Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sarhisob (yosh ijodkorlar mashqlarini o‘qib)

Salom-salom bolajonlar, tili burro bilimdonlar! Bu yil sizlardan shu qadar ko‘p maktublar keldiki, tahririyat xodimlari shoshib qoldi. Xatni o‘qidik – bari go‘zal, bari samimiy. Lekin “Gulxan”ning vazifasi – sizga eng saralarini ulashmoq, badiiy didingizni oshirmoq. Ko‘pchilik jurnalxonlarimiz buvi­jonisi, ota-onasiga bag‘ishlangan she’rlarini yuborishni yaxshi ko‘rishadi. Jurnalda chiqsa, quvonib yaqinlariga sovg‘a qilishadi. Eng ko‘p yoziladigan mavzular o‘ntaligidan ikkinchi o‘rin doimo Vatan haqidagi she’rlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jajji mushtariylarimiz Vatanimizni shunchalar yaxshi ko‘rishlaridan juda quvonamiz. Lekin “O‘zbekistonim”, “onajonim”, “jonajonim”, “mehribonim”, degan qofiyalar oldiga boshqa so‘zlarni yozib qo‘ysak, afsuski, ular she’r bo‘lib qolmaydi-da. Masalan, Toshkent tumanidagi 7-maktab o‘quvchisi To‘ychiyeva Diyoraning quyidagi she’rini o‘qiylik:

Darslardagi shovqinlarga arang chidagan,

Bizlar uchun tinmay ishlab, tinim bilmagan.

Bergan ta’lim-tarbiyani minnat qilmagan

Qadringizga yetdik endi, aziz ustozlar!

Diyora qizimiz ustozini yaxshi ko‘rishini juda samimiy ifodalagan, lekin o‘qiganimiz she’riyat talabiga javob bermaydi. Chunki unda badiiylik yetishmaydi, ko‘proq matnga o‘xshaydi.  Toshkent viloyati Angren shahridagi 13-maktabning 8-“A” sinf o‘quvchisi Rajabova Mohinurning “Qish fasli” sarlavhali she’ridagi:

Muzlab qoladi suvlar,

Yaltirab qolar muzlar,

Uchib ketadi qushlar,

Uchib kelar qarg‘alar...  –

degan  misralardan qizimizning badiiy ijoddagi ilk urinishlari ekani bilinadi, chunki u oddiy gaplar tizimidan iborat. Yana bir toifa she’rlar borki, ularda bolalarning bolaga xos ovozi  sezilmaydi. Ular ijtimoiy hayotimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning qofiyali hikoyasi, xolos. Bunday she’rlarni umumiy qilib aytganda, davriy she’rlar, deb nomlash mumkin. Masalan, Navro‘z bayrami arafasida sumalak haqida, Mustaqillik bayrami arafasida Vatan haqida she’rlar, o‘zbek tili bayrami arafasida esa, Ona tilim – jon-u dilim, deya madh etilgan she’rlar juda ko‘payib ketadi. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining 6-sinf o‘quvchisi Ismoilova Zulfiyaning “Ta’limda bo‘lmas ta’til” she’rini shunday she’rlar sirasiga kiritish mumkin:

Ilm-ma’rifat hamda

Raqamli iqtisodiyot.

Onlayn maktab bilan

Shiddatli jo‘shqin hayot, – deb yoza­di u. Surxondaryo viloyati Angor tuma­nidagi 32-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Amangeldiyeva Sevinch esa:

Qarang, o‘tib ketar besh kunlik dunyo,

Kimgadir yaxshilik qila oldingmi?

Yoki kimgadir mehringni berib

Undan ortig‘ini so‘ray oldingmi? –

deya savolga tutadi. O‘n bir yoshli qizcha dunyoning o‘tkinchiligi haqida yozayotgani o‘quvchini ham hayratga soladi, ham diqqatini oshiradi.

Yana bir turkum she’rlar borki, ular nasihat ohangida yozilgan. Nasihat qilish ko‘proq kayvoni buvijonlarimiz, bobojonlarimizga yarashadi. Ammo ayrim ijodkorlarimiz “Tengdoshlarimga o‘zim “nasihat” qilib qo‘yay,  –  deya tashabbusni qo‘lga oladilar:

Jaholat bu – razillik, o‘zligin unutmoqlik,

O‘z yurtiga sadoqat tuyg‘usidan kech­moqlik,

Ma’rifatga intilish – komillikka yetmoqlik,

Sen doim ilm ista, millatga ilm kerak! –deya yozadi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 28-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Barnoxon Ro‘ziyeva.  Bolalik –  umrning eng go‘zal fasli. Inson bu pallada olamni samimiy nigoh bilan taniydi. Bu damda insonda cheksiz orzular sari intilish, shaxd gupillab turadi.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani 59-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Abduvaliyeva Husnidabonu “So‘nggi qo‘ng‘iroq” she’rida “Xayr, maktab, xayr yoshligim”, – deya “tugayotgan” yoshligi haqida yozadi. Bunday misralarni o‘qiganda o‘qirmanning xayoliga yo ko‘chirilgan, yo kimdir yozib bergan, degan gumon keladi.

Aziz, o‘quvchilar, bu maqolani tay­yorlashdan maqsad, aslo yosh ijodkorlarimizni ranjitish emas. Balki, kamchiliklar haqida aytib, sizning yana-da yaxshiroq yozishingizga turtki bo‘lishdir. Asl olmos ming chig‘iriqdan o‘tib, qimmatbaho toshga aylanganidek, siz she’rlaringizga olmosdek ishlov bersangiz, u nafaqat Gulxanjon, balki tengdoshlaringiz uchun ham qimmatbaho asarga aylanadi. Quyida yil davomida faollikni qo‘ldan bermagan, ammo mashqlaridagi ayrim kamchiliklar sababli ijodi jurnal sahifalaridan o‘rin olmagan ayrim havaskorlarimiz ro‘yxatini e’lon qilishga qaror qildik.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 45-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abduhamidov Abdulloh, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sa’dullayev Bobomurod, Navoiy viloyati 16-AFChO‘IM 9-sinf o‘quvchisi Ergasheva Dilnura, Arnasoy tumanidan Qodirov Umidjon, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 24-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Mansurova Mashhura, Buxoro viloyati Shofirkon tumani 1-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Baxtiyorova Maftuna, Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 44-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sa’dullayeva Muxlisa, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 39-maktabning 9-“B” sinf o‘quvchisi Odilova Ozoda, Ohangaron shahridagi 3-maktabning 7-“B” sinf o‘quvchisi Davlataliyev Rustamjon, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari Abdumalik Xursanaliyev, Ra’noxon No‘monjonova, Nodirabegim Sayidjonova, Gulyora Hoshimjonova, Husnirabonu  Sobirova, Buxoro viloyati Kogon tumanidagi  20-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Muzaffarova Zulfiya, QarDU 1-kurs talabasi Xudoyberdi To‘ychiyev, Buxoro viloyati Olot tumanidagi 9-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Umarova Mohinur, Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 32-maktab o‘quvchilari Davlatova Zebo, Ahmedova Kumush, Allamurodov Zafar, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 8-DIUO‘TMI o‘quvchilari Majidov Suxrob, Ibragimova Gullola, Meliyeva Madina, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani 50-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Tojiboyeva Rayhona, shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Baxtiyorova Asaloy, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 16-maktab o‘quvchilari Sattorova Gullola, Musayeva Dilnura, tumandagi 28-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Adolat Qosimova, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 24-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Hazratqulova Ruqiya, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani 52-maktab o‘quvchilari Boymurodova Jasmina, Ismoilov Umidjon, Solijonov Zuhriddin, Sirdaryo viloyati Guliston tumani 11-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Ochilova Marhabo, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 46-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Safarova Munisa kabi ko‘plab havaskor shoirlarimizning mashqlari goh mazmunan, goh shaklan maromiga yetmaganligini, ularning aksariyati she’riyat qoidalariga jiddiy e’tibor bermaganligini ko‘ramiz. 

Sizdan o‘z ustingizda ishlab, ko‘proq she’r o‘qishingizni maslahat beramiz va o‘zingizdek beg‘ubor ijod namunalarini kutib qolamiz.

Dilnavoz NAJIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.