Noo‘rin shikoyat
Madina maktabdan kayfiyatsiz ahvolda keldi-yu, onasiga matematika o‘qituvchisini yomonlay ketdi:
– Men uyga vazifani yaxshi bajargan bo‘lsam ham “3”, boshqalarga esa “4”, “5” baho qo‘ydilar. Endi matematikadan vazifalarni qilmayman, baribir “3” baho olarkanman,– dedi u qizarib.
– Mayli qizishma, ertaga hal qilamiz, – dedi oyisi.
Ertasi kuni Omina opa qizi bilan maktabga bordi.
– Bolaning bilimini to‘g‘ri baholay olmaydigan o‘qituvchini nima qilib ushlab turibsizlar? – dedi Omina opa direktorga.
– Sinfda 40 nafar o‘quvchi bor. Balki o‘qituvchi biroz yanglishib ketgandir. Shohidaxon maktabimizdagi eng malakali o‘qituvchilardan hisoblanadi. Men bu holatga albatta, aniqlik kiritaman, siz boravering,– deb Madinaning onasini eshikkacha kuzatib qo‘ydi maktab rahbari.
Maktabda darslar tugagach, direktor Shohida opani xonasiga chaqirdi:
– Iltimos, bunday janjalkash ota-onalarning bolalariga e’tiborliroq bo‘ling. Uy vazifasidagi xatosini aniq ko‘rsatib, nima uchun “3” baho qo‘yganingizni o‘quvchiga tushuntirib bering. Birovdan ko‘chirib yozmaganiga ishonsangiz, “4” qo‘ysangiz ham bo‘laveradi. Hozir shu Madinaning onasi shahar Xalq ta’limi boshqarmasiga boraman, kerak bo‘lsa hokimiyatgacha chiqaman, deb do‘q qilib ketdi. Keling Shohidaxon, maktabning o‘zida hal bo‘ladigan masalalarni hokimiyatgacha borishiga yo‘l qo‘ymaylik.
– Madinaning uy vazifasi noto‘g‘ri formulaga qo‘yib ishlangan edi. Shunda ham harakat qilibdi, deb “3” qo‘ygandim, – dedi o‘qituvchi.
Qadrli o‘quvchilar, Madinaning o‘rinsiz xafa bo‘lgani, voqeani o‘zi to‘liq anglamay turib norozi bo‘lgani necha kishining ishdagi kayfiyatini buzdi, direktor hamda ustozining vaqtini behudaga sarfladi. Keling, birgalikda bu muammoni mulohaza qilib ko‘ramiz. Avvalo, Madina “3” bahoga norozi ekanini o‘sha zahotiyoq ustoziga aytib, xatosini tushunib olishi kerak edi. Yoki uyga kelib, onasiga xarxasha qilmay, aksincha, matematikadan puxtaroq tayyorlanib ertasiga “3” bahosini “4” yoki “5” ga ko‘tarsa bo‘lardi-ku! Maktab rahbari aytganidek, sinfda 38-40 nafar o‘quvchi bo‘lsa, o‘qituvchi ham ulgurmay qoladi, bexosdan yanglishib ketadi. 45 daqiqalik dars mobaynida hammasini qamrab olish oson emas.
Madinaning onasi birgina baho uchun Xalq ta’limi boshqarmasini bezovta qilsa, tuman hokimiyati vakillarini ishdan qo‘yib vaqtini olsa, unday qilaman, bunday qilaman, deb o‘qituvchining, maktabning obro‘sini tushirishi, to‘g‘rimi?
Aziz jurnalxonlar, bu kabi voqealar har bir maktabda, har bir sinfda sodir bo‘lishi mumkin. Chunki o‘zi mavzuni yaxshi o‘zlashtirmasdan baho uchun talashadigan o‘quvchilar orangizda uchrab turadi. Madinaga o‘xshab uyiga borib ota-onasiga shikoyat qiladiganlari ham bor. Ming afsuski, bolasining gapiga kirib ustozlarni mensimaydigan, ularga bepisand muomala qiladigan shoshqaloq ota-onalar ham topiladi. Siz nima deysiz? Balki sizda o‘zgacharoq mulohazalar tug‘ilgandir. Birgina noo‘rin shikoyat, birgina nojo‘ya qadam qancha noxush holatlarga olib kelishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘raylik-a!
Fikr-mulohazalaringiz yozilgan xatlarni jurnalimizning telegram manziliga yuborishingiz mumkin.
Zahro HASANOVA