Kichkina demang bizni...
14 yashar maktab o‘quvchisining oyiga 5000 dollar pul ishlab topishiga ishonasizmi?!
Menimcha, tasavvurga sig‘dirish juda qiyin. Xoh ishoning, xoh ishonmang, yosh bo‘lishiga qaramay, ikkita xalqaro patent sohibasiga aylangan Munirabonu G‘afurova mana shunday ishbilarmon qizlardan. Qanday qilib deysizmi? Buning siri, o‘yinchoqlar yasab, ularga bezak berayotgan mohir qo‘llarda. Uning ixtirolari Germaniya, Avstraliya, Turkiya, Rossiya, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi ko‘plab mamlakat bozorlarini zabt etgan. Bugungi kunda Munirabonu maktabdagi “Mohir qo‘llar” to‘garagida dugonalariga qo‘g‘irchoq bezash sirlarini o‘rgatmoqda.
Tadbirkor qiz Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 90-maktabning 8-sinfida tahsil olayapti.
— Yetti yoshimdan boshlab “Barkamol avlod” respublika bolalar texnika ijodiyot markaziga qatnaganman, — deydi hunarmand qiz Munirabonu G‘afurova. — Markazda ustozim Nilufar Boymetova o‘yinchoq yasashni, ularga rang-barang munchoqlar bilan bezak berishni o‘rgatganlar.
Munirabonu dastlabki qo‘l ishlari tuman, shahar musobaqalarida yaxshi baho olgach respublika va xalqaro tanlovlarida iqtidorini sinab ko‘rishga jazm qildi.
Hozirgacha Indoneziya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Qozog‘iston davlatlarida bo‘lib o‘tgan turli xil tanlov va festivallarda qatnashdi. 2019-yil Moskva shahrida o‘tkazilgan “Руками женщины” festivalida 2-o‘rin, 2020-yil Toshkent shahrida o‘tgan “Eng yosh ixtirochi ayol” respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2022-yil “Raqamli texnologiyalar” tanlovi g‘olibi hamda Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan “Trade Expo Indonesia – 2022” festivali sovrindoridir.
– Yaqinda Avstraliyada bo‘lib o‘tgan tanlovda ham 12 ming dollar yutib oldim, – hikoyasini davom ettirdi Munirabonu. – Shukrki, men yasagan qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlarning bozori chaqqon bo‘lib, yiliga 60 ming dollar daromad ko‘ryapman. Quvonarlisi, shu yili Dubay shahrida o‘z savdo do‘konimni ochishga muvaffaq bo‘ldim. Shogirdlarim va men yasagan mahsulotlarni dubayliklar bajonidil xarid qilmoqda. Shuningdek, imkoniyati cheklangan 50 dan ziyod ayolga hunarning sir-asrorini o‘rgatib, ish bilan ta’minladik. Kelajakda egallamoqchi bo‘lgan kasbim esa huquqshunoslik. Chunki mening hozirgi ishim kasb emas, hunar. Shukur, hunarim meni elga tanitdi. Xalqimiz “Qunt bilan o‘rgan hunar, hunardan rizqing unar”, deb bejizga aytmagan-da.
Bugun maktab o‘quvchilari qo‘ligul qizdan o‘rnak olsa arziydi. Bir vaqtning o‘zida o‘quvchilik, hunarmand va tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Munirabonu G‘afurovaga o‘zi yasagan o‘yinchoqlar turini ko‘paytirib, milliy mahsulot brendi ostida jahonning ko‘plab mamlakatlarini zabt etishida omad tilaymiz.
Azim AXTAMOV