Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayotingizni portlatmang!

Yangi yil – bayramlar a’losi. Eng yuqori kayfiyat, eng go‘zal onlar, eng go‘zal qutlovlar, shubhasiz, yangi yilda bo‘ladi. Ammo, men bayram yaqinlashsa qo‘rqaman. Bayram nishonlayman, o‘ynayman, xursandchilik qilaman, deb o‘z boshiga balo orttirgan bolalar haqida eshitish, ko‘rish og‘ir. Menimcha, angladingiz, aynan pirotexnika balosi haqida gapiryapman.

Pirotexnika so‘zi yunoncha “olovli texnika” deganidir. Mudhish oqibatlar va talafotlarning ko‘pligi sabab mamlakatimizda pirotexnika vositalariga nisbatan cheklovlar qo‘yilgan. Ammo nazoratchilar ko‘zini shamg‘alat qilib, noqonuniy yo‘l bilan mamlakatimizga pirotexnik vositalarni olib kirish holatlari ayni yangi yil arafasida ko‘payib ketadi. Yoshlarning o‘yinqaroqligidan foydalanib, mo‘may daromad topishni ko‘zlaganlarning bozori chaqqon bo‘ladi. To‘g‘ri, ularning hamyoni qappayadi, biroq...

Pirotexnika vositalaridan ehtiyotsizlik tufayli noto‘g‘ri foydalangan bola yuzini, ko‘zini, qo‘lini jarohatlaydi, ba’zan ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishi, kuyish oqibatida yuz-qo‘lida, badanida dag‘al chandiqlar qolib ketishi mumkin. Eng yomoni – ehtiyotsizlik o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Aziz o‘quvchi! Bayram kayfiyatini portlovchi vositalardan izlamang! Paaq, etib tugaydigan quvonchga hayotingizni almashmang. Bayram arafasida baxtsiz hodisaga duch kelish, kamiga javobgarlikka tortilish nafaqat sizni, qolgan oila a’zolaringizni ham dilini xufton qiladi! Qadrdonlaringizdan bayram kayfiyatini, yangi yil mo‘jizasi, yangi yil umidini tortib olmang! Pirotexnikaga qo‘shib sog‘ligingiz, baxtli hayotingizni portlatmang!

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.