G‘alabaga boshlagan orzu
– Rayxona, qayerdan kelyapsan? – qorong‘ida shoshib-pishib kelayotgan qo‘shnisidan so‘radi Mushtariy.
– Sport zaldan, bugun mashg‘ulotim bor edi.
– Voy, shunaqa kech chiqasanmi, qayerda shug‘ullanasan?
– Yangioboddagi maktabda. Vaqtli chiqqandim, avtobus kutib kech qoldim, – dedi hansirab Rayxona.
– Qaysi sport bilan shug‘ullanasan, o‘zi?
– O‘zbek jang san’ati bilan.
– O‘rtoqjon, axir mahallamizdagi 342-maktabda ham shunday to‘garak tashkil qilingan-ku. Atrofimizdagi ko‘pchilik o‘sha yerga boradi. Sport zali ham shahardagi zallardan qolishmaydi. Yorug‘, keng. Shug‘ullanishimiz uchun hamma sharoit bor. Nahotki, har kuni o‘sha maktab yonidan o‘tib bu haqida eshitmagan bo‘lsang?! Men ikki yildan buyon o‘sha yerda shug‘ullanaman. Ikki marta viloyat chempioni bo‘ldim. Biz tushdan keyin o‘qiganimiz uchun mashg‘ulot ertalab bo‘ladi. Darslarga ham ulguraman.
– O‘-ho‘-o‘, viloyat chempioniman degin. Mening ham orzum – chempion bo‘lish. Eshitmagan ekanman, dadam ham indamagandilar. Oyiga qancha so‘m to‘laysan?
– Hech qancha, mashg‘ulotlar bepul. U yerda ikkita guruxga qirqta bola shug‘ullanamiz.
– Dugonajon, dadam bilan gaplashib ko‘ray, balki men ham shu yerga sen bilan birga qatnasharman.
Rayxonani trener – 2-DAN qora belbog‘ sohibi, mamlakat va Osiyo o‘yinlari chempioni Ahror aka Sodiqov ochiq chehra bilan kutib oldi. Bu sport turini nega tanlaganini so‘radi. Mashq qildirib, harakatlarini kuzatdi.
– Yomon emas, oyoq harakatlaring sal zaif. Hechqisi yo‘q, o‘rganib ketasan. Tushunmaganlaringni dugonangdan so‘rab olasan. Balki o‘zaro kuch ham sinasharsizlar. Axir, siz To‘maris avlodisiz, – daldali ohangda dedi Ahror aka. – Sizdan talab qilinadigani – qat’iy intizom, mustahkam iroda, qat’iyat, tirishqoqlik. Bularsiz yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Mushtariy aytgandir, sababsiz birorta mashg‘ulot qoldirish mumkin emas. Yana mashg‘ulotlar darslarni yaxshi o‘zlashtirishingizga xalaqit bermasligi kerak. To‘garagimiz shiori: Iymon, kuch, adolat. Har bir mashg‘ulotda shunga amal qilsangiz tez kunda, Mushtariy, Odina kabi chempion qizlarimiz qatoridan joy olasiz, – dedi murabbiy ishonch bilan.
O‘sha voqeaga ham mana ikki yil bo‘ldi. Bugun murabbiyning topshiriqlarini mahorat bilan bajarishga harakat qilgan Rayxona ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Tuman va viloyatga tanildi.
Vatanimiz kelajagi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning har bir kunini mazmunli, samarali o‘tishiga xizmat qilayotgan bu to‘garak 2018-yilda Qibray tumani sport maktabi tashabbusi bilan tashkil qilingan. Mana salkam besh yildirki, bu to‘garak “Hilol”, “Ibrat”, “Mirishkor” mahallasidagi (bu bolalar Yashnobod tumanidagi 152-,339, 341 va 342-maktablarda o‘qishadi) sportsevar bolalarning mahoratini oshirishga, o‘zligini topishiga, sog‘lig‘ini mustahkamlashgagina xizmat qilib qolmasdan, O‘zbek jang san’ati sport turini rivojlanishiga, iqtidorlarni yuzaga chiqishiga xizmat qilmoqda. Ahrorning shogirdlari – Rayxona Nig‘matullayeva, Qurbonmurod Xurramov, Jasur Bahodirov, Po‘lat Umarovlar avval Toshkent viloyatida, shahar hududiga o‘tgach esa poytaxtdagi eng tirishqoq, eng mahoratli sportchilar sifatida tanildi. Nufuzli musobaqa, bellashuvlarda ochiq chempionatlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Mushtariy Choriyeva, Odina Obidjonovalar respublika chempionatida g‘olib bo‘ldilar. Yana bir mamlakat chempioni Asad Almatov yaqin kunlarda Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Biz yuksak sinov oldida turgan Asadbekka ham, jamoaning barcha a’zolariga ham yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Muhabbat HAMIDOVA