Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Matonat bilan uchrashuv

Yashnobod tumanidagi 255-maktabda  3-dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” mu­nosabati bilan O‘zbekiston milliy  parolimpiada qo‘mitasi 5X5 ko‘zi ojizlar terma jamoasi  bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Terma jamoa bosh murabbiyi Abror Abdullayev jamoa qo‘lga kiritgan  yutuqlar va kelgusidagi rejalar haqida  batafsil gapirib berdi.  Terma jamoa a’zolari  mohir futbolchilar I.Yodgorov, J.Tursunov, S.G‘ulomovlarning maktab va sportdagi hayotiy tajribalari  o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sportchilar o‘quv­chilarni qiziqtirgan savollarga javob berish jarayonida o‘zlarini chinakam matonat va mustahkam iroda  sohiblarigina emas, balki  chuqur bilim va tafakkur  egasi ekanliklarini ham namoyish qildi.

– Biz qo‘lga kiritgan yutuqlar ona Vatanimizning bizga ko‘rsatayotgan g‘am­xo‘rligi natijasidir. Ana shu mehr bizni o‘zimizga o‘zimizni anglatadi. Ichki im­koniyatlarimizni yuzaga chiqarishimizga  ruhlantiradi va qiyinchiliklarni yengishga, muvaffaqiyatga erishishga undaydi, – deydi jamoa sardori  S.G‘ulomov.

Tadbir nihoyasida uchrashuv meh­monlariga  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat  markazining sovg‘alari  topshirildi.

Shubhasiz, bu uchrashuv maktab o‘quvchilari  uchun  matonat  sabog‘i bo‘ldi.

                                           

Otabek DO‘STYOROV,

maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.