Xudoyberdi To‘xtaboyev
Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Tarjimai holimdan lavhalar”ida shunday yozilgan: “Men 1932-yilning 17-dekabrida Farg‘ona viloyatidagi Katta Tagob qishlog‘ida tug‘ilgan ekanman. Otam To‘xtavoy 21 yoshida quloq qilingan, Tojikistonning Chorku degan joyida vafot etgan.
Men bobom – Erkavoy, enam – Robiyabibi qaramog‘ida qolganman.
1949-yili Qo‘qon davlat pedagogika institutini, 1955-yili Toshkent davlat universitetini (ilgari SAGU deb atalgan) bitirganman.
1958-yilda Toshkentga kelib, avval “Toshkent haqiqati”, so‘ng hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida ishladim”.
X.To‘xtaboyev butun ijodiy salohiyatini bolalar va o‘smirlar dunyosini sharh etishga, ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiladigan asarlar yozishga baxsh etdi. Shu bois yoshlar nashriyoti, “Gulxan”, “Yosh kuch” jurnallari, “Iste’dod” jamg‘armasida rahbar lavozimlarida ishlab, bola va o‘smir ruhiyatidagi go‘zallikni himoyalashga, boyitishga e’tibor qaratdi.
E’lon qilingan hikoya va to‘plamlari: “Shoshqaloq” (1961), “So‘qmoqlar” (1966), “Muhabbat qo‘shig‘i” (1967), “Jonginam, shartingni ayt” (1969), qissalari: “Sir ochildi”, “Omonboy bilan Davronboyning sarguzashti” (1974), romanlari: “Sariq devni minib” (1968), “Sariq devning o‘limi” (1973), “Besh bolali yigitcha” (1976), “Qasoskorning oltin boshi” (1981), “Yillar va yo‘llar” (1983), “Shirin qovunlar mamlakati” (1986), “Mungli ko‘zlar” (1988), “Jannati odamlar” (1996), “Qiz talashgan o‘smirlar”, “Quyonlar saltanati”, “Qiz bolaga tosh otmang”, barcha-barchasi uning qizg‘in ijodiy faoliyatining samarasi bo‘ldi.
Adib 1982-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 1989-yilda O‘zbekiston Davlat mukofoti, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari dunyoning 24 tiliga tarjima qilingan.
X.To‘xtaboyev 2021-yil 21-martda Toshkentda vafot etdi.