Bir yilda 12 marta
Qadrli muxlislar, mana siz bilan jurnalimizning yangi yildagi ilk soni orqali yana uchrashib turibmiz. Bu yil “Gulxan” o‘quvchilarining soni ortgan bo‘lsa ajab emas. Sababi, o‘tgan yili jurnalimizning pochtasiga, telegram kanalimizga muxlislarimizdan iliq fikrlar bildirilgan maktublar keldi.Qadrli muxlislar, mana siz bilan jurnalimizning yangi yildagi ilk soni orqali yana uchrashib turibmiz. Bu yil “Gulxan” o‘quvchilarining soni ortgan bo‘lsa ajab emas. Sababi, o‘tgan yili jurnalimizning pochtasiga, telegram kanalimizga muxlislarimizdan iliq fikrlar bildirilgan maktublar keldi. Ota-onalar farzandlariga kitob sovg‘a qilishsa, ustozlar qo‘shimcha dars soatlarida bolalar bilan badiiy adabiyotlarni muhokama qilishsa, ularni kitobga qiziqtirishsa, sevinib ketamiz. Chunki biz “Gulxan”ni O‘zbekistonning barcha bolalari o‘qishlarini istaymiz. Tahririyatda jurnal sahifalarini tayyorlar ekanmiz, ko‘z oldimizda respublikadagi 10.000 ta maktabning millionlab o‘quvchilari turadi.Mamlakatimiz rahbari 2023-yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildilar. O‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan o‘qituvchi va murabbiylar, farzandlarining kelajagini o‘ylagan ota-onalar, qo‘yingki, yurtimizning barcha ma’rifatparvar ziyolilari bu xabarni eshitib ta’lim va tarbiya sohasiga berilayotgan yuksak e’tibordan quvonishdi.Lekin... Ota-onalar va ustozlarning quvonchini, orzu-istaklarini so‘ndirmaslik uchun siz o‘quvchilar ham o‘z navbatida ularni qo‘llab-quvvatlashingiz kerak bo‘ladi. Qanday qilib deysizmi? Ziyrak bolalar darrov tushunib olishdi. Maktabda yaxshi o‘qib, to‘garaklarga qatnashib, badiiy kitoblarga oshno bo‘lib, tanlov va tadbirlarning faol ishtirokchisiga aylanib. Chunki tanlov va tadbirlar sizni o‘z ustingizda ko‘proq ishlashga o‘rgatadi, mavzu doirasida o‘qib o‘rganishga undaydi. Nutqingizni o‘stirib, tashkilotchilik qobiliyatingizni oshiradi. Xalqimizda “Til bilgan – el biladi” degan maqol bor. Bugungi kunda yoshlarning chet tillaridan bir nechtasini o‘rganishi juda dolzarb bo‘lib qoldi. Sababi, til bilgan bolalar zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o‘zlashtiradi, internet imkoniyatlaridan foydalanadi, dunyodan xabardor bo‘ladi. Chet tillarini o‘rganish uchun maktab to‘garaklari, o‘quv markazlari, alohida repetitorga borishingiz mumkin, albatta, uyingizdagi sharoitga qarab.Bugungi hayotning o‘zi ma’rifatparvar bobolarimiz aytgan fikrlar naqadar to‘g‘ri ekanligini isbotlab bermoqda. “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – ilmda, najot – muallimda”.Aziz o‘quvchilar, balki siz yashayotgan uzoq viloyat, tuman yoki chekka bir qishloqqa yangi kitoblar, badiiy asarlar yetib bormayotgandir... Siz xafa bo‘lmang, maktab kutubxonasi orqali “Gulxan”ga obuna bo‘ling. Har oyda 1 donadan jurnal o‘qib tursangiz, bir yilda 12 ta jurnal mutolaa qilasiz. Bu – 12 ta kitob o‘qigan bilan teng demakdir.Jurnal haqidagi fikr-mulohazalaringizni elektron manzilimizga yuboring. Eng yaxshi ijod namunalaringizni ham kutib qolamiz.