Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli nimcha

Bor ekan-da, yo‘q ekan. Dilshodjon degan bolaning sehrli nimchasi bo‘lib, uni kiyib, qanaqa buyruq bersa, bajaraverar ekan.

Muzqaymoq, xilma-xil shirinliklarni gapirmay qo‘ya qolay, Dilshodjon bularni yeyaverib zerikib, nimchadan kattaroq narsalarni ham so‘raydigan bo‘libdi. Axiyri internet qahvaxonadagi tekin o‘yinlar ham joniga tegibdi.

– Sendan jon deb qo‘l kompyutermi, planshetmi so‘rar edim-u, ota-onam: “Qayerdan olding?” – deb so‘roqqa tutishlari mumkin-da...

Nimcha egasidan ham ayyor bo‘lib ketgan ekan. Dilshodning kundaligini ochib baholariga ishora qilibdi:

– Mana bu soxta “besh”lar bilan ham aldayapsiz-ku, xo‘jayin. Birorta bahona o‘ylab toping! A’lochi bo‘lganim uchun maktabdan kompyuter sovg‘a qilishdi, deb qo‘ya qoling.

– Ko‘p valdirama! Dadam sen o‘ylaganchalik sodda emas. Maktabimiz direktori uning sinfdoshi. Bitta qo‘ng‘iroq bilan sirimiz fosh bo‘ladi. Nima qilsak ekan-a?

– Topdim! – qichqirib yubordi nimcha. – Siz hoziroq kasal bo‘lib qolasiz. Men esa shahar ichki ishlar boshlig‘i qiyofasida kelaman. “O‘g‘lingiz kecha bir cho‘kayotgan odamni qutqarib qoldi. Muzday suvga sakragani uchun kasal bo‘lib qolibdi-da! Mana, unga mukofot tariqasida eng so‘nggi rusumdagi kompyuter, yana planshet ham sovg‘a qilmoqchimiz”, – deb gapni do‘ndirib sizni mukofotlab ketaman. Qalay, zo‘rmi, xo‘jayin?

– Dahshat! Zo‘r! Qani, bo‘l, issig‘imni ko‘tar! Boshimni og‘ritib, kasal qilib qo‘y. Hov anavi kundaqa. Faqat ishonarliroq chiqsin, oyimni bilasan-a?!

– Xo‘p bo‘ladi!

Nimcha uning buyrug‘ini a’lo darajada bajaribdi. Haroratini ko‘tarib, tomog‘ini qizartirib, toshma ham toshirib yuboribdi.

– Qalay, xo‘jayin, bopladimmi?

– Qoyil! Ha, qizishni boshladim... sen nega qaqqayib turibsan?! Bor, mashq qilib tur. Dadam anoyi emaslar.

– Xo‘p bo‘ladi! Meni darvoza tomonga irg‘itvoring. O‘sha tomondan kelsam ishonarliroq chiqadi.

Ota-onasi kirsa, Dilshodjon alahlab yotganmish. Oyisi shoshib uning peshonasiga kaftini qo‘yibdi. So‘ng issiq o‘lchagichni olib Dilshodbekning tana haroratini o‘lchabdi va xavotirga tushibdi:

– Dadasi, o‘g‘limiz shamollab qolibdi. “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qiling! Bugun darsga bormaydi.

Ana, ota-onasi ortiqcha mehribon-da, “Tez yordam”ga balo bormi? Nimcha tezroq kela qolsa-chi!

O‘n daqiqaga qolmay “Tez yordam” mashinasi yetib keldi. “Nari borsa, bitta dori bilan qutulaman!” – xayolidan o‘tkazibdi Dilshodjon...

Iye, obdon tekshirgan shifokor hamshiraga barmoqdan qon olishni buyurdimi?.. Ha, nimcha oshirib yuboribdi. Noiloj hamshiraga javdirabdi:

– To‘xtang! Kasalmasman. Hazil... A-aaa!

Hech kim unga quloq solmabdi. Yaxshiyam kasalxonaga olib ketishmabdi. Jazillatadigan doridan naqd ikkitasi emlangach, “bemor” dong qotib uxlab qolibdi.

Peshinga yaqin ko‘zini ochsa, qo‘shni hamshira xola tirjayib turganmish:

– Qani, polvon, yana bitta emlab qo‘yaylik! Kechga yana ikkitasini olasan.

– Yo‘q, men soppa-sog‘man! Kerak emaaaas!

Emlashdan so‘ng yig‘lab-yig‘lab nimchani qidiribdi. Ammo u hech qayerda yo‘q emish. Yolg‘onchi! Meni boplab laqillatibdi-da! Qayerlarda yuribdi? Nahotki, yarim kun yo‘qolib ketsa!

– Mabodo eski nimchangni qidirmayapsanmi? – so‘rabdi oyisi.

– Ha, o‘shani qidiryapman. Sovqotib ketdim.

– Nimchangni hovlidan topdim. Darvoza oldida yotgan ekan. Kecha o‘ynayotib yechib kelgansan, shekilli. Bir-ikki joyidan teshilibdi... Shuning uchun shamollagansan. Ana uni so‘kib, iplaridan singlingga paypoqcha to‘qib qo‘ydim...

Dilshodjon yugurib borib paypoqchalarga yopishibdi. Oyisidan yashirinib ularga buyruq beribdi:

– Hoy nimcha! Yo‘g‘-ey, paypoqcha! Nega meni aldading? Endi gap bundoq, menga hech qanaqa kompyuter yoki planshet kerak emas. Maktabga bormoqchiman. Hoziroq soppa-sog‘ qilib qo‘y!

Paypoqchalar miq etmasmish! Dilshod yana buyruq beribdi:

– Hoy, senga gapiryapman! Kasal bo‘lishni xohlamayman. Meni davola!

“Ha, ularni kiyib, keyin buyruq berishim kerak. Uf, menga kichkina-ku! Sig‘mayapti!” – deb o‘ylabdi. Bechora noiloj yig‘lab yolvoribdi.

Shundagina paypoqchalardan sado chiqibdi:

– Kechirasiz! Siz kimsiz? Tanimayroq turibmiz. Biz faqat sohibamizning buyruqlariga bo‘ysunamiz.

Dilshodjon shundagina qadrdon do‘stidan butunlay ayrilganini tan olibdi. Achchiq emdori va malhamlar ta’sirida ikki haftada arang oyoqqa turibdi. Ammo o‘sha voqeadan yigitcha yaxshigina saboq chiqaribdi. Birovga emas, o‘z bilimiga ishonish kerakligini tushunibdi.

Singlim ham menday xato qilmasin deb paypoqchalarning g‘aroyib xususiyati haqida og‘iz ochmaslikka qaror qilibdi.

 

Yozuvchi opangiz Muazzam Ibrohimovaning “Akademnashr” NMIUda chop etilgan ushbu kitobidan uning bolalar uchun yozilgan bir-biridan qiziq ertaklari hamda ajoyib she’rlari o‘rin olgan. M. Ibrohimova siz bolalarni juda yaxshi ko‘radi. Shu bois sizga qanday ertaklar, qanday hikoyalar kerakligini yaxshi biladi. Biz “Sumalakxo‘r samolyot” kitobining qanchalik qiziqarli ekani haqida ortiqcha so‘zlamoqchi emasmiz. Yaxshisi quyidagi ertakni o‘qing. O‘ylaymizki, shundan so‘ng bu kitobni do‘konlar va kutubxonalardan, internet tarmoqlaridan izlab qolasiz.

Tahririyat

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.