Sharifa Salimova
Sharifa Salimova 1951-yil 30-dekabrda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topdi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1969–1974). Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston teleradiokomitetida boshladi (1974–1987). “Saodat” jurnali, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida (1989–1994) xizmat qildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etdi. Shu yillarda adibaning turfa mavzu va muammolarga bagʻishlangan publitsistik maqolalari eʼlon qilindi.
Sharifa Salimovaning dastlabki sheʼriy guldastalari “Hayot zavqi” va “Mening bahorim”, nomlari bilan 80-yillarda chop etildi. Shoira ijodida “Xizr bulogʻi” (1996) toʻplami alohida ahamiyatiga ega. Uning buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyning 550 yilligiga bagʻishlangan “Tongga qasam” (2002) kitobidagi publitsistik maqolalarida davrimizning eng dolzarb masalalari shoirona til bilan qalamga olinadi. Shuningdek, “Giyohlar bilan tillashgan inson” (1997) publitsistik maqolalar toʻplami, “Vatan suvrati” (2011) sheʼriy majmuasi chop etildi.
Rus, qozoq, qirgʻiz shoiralari ijodidan tarjimalar qilish bilan bir qatorda, islomshunos nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh sheʼrlarini oʻzbekchaga oʻgirib, “Oq atirgul” nomi bilan nashr ettirdi.
Sharifa Salimova 1994-yilda “Oʻzbekiston Respulkasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor boʻlgan.