Qizil lavlagi moʻjizalari
Koʻpchiligingiz qizil lavlagini unchalik xush koʻrmaysiz. Lekin bahorning ilk kunlarida undan tayyorlangan salatlarni koʻproq isteʼmol qilsangiz, horgʻinlik va ishtahasizlikdan qiynalmaysiz. Chunki bu ildizmevada tanangiz uchun nihoyatda foydali vitaminlar bor.
Lavlagi tarkibida temir, natriy, magniy, kalsiy, fosfor va A, V va S guruhlariga kiruvchi vitaminlar mavjud.
Ortiqcha vaznga ega bolalar lavlagini koʻproq isteʼmol qilishlari foydadan xoli emas. U tanadagi yogʻlarni eritish xususiyatiga ega boʻlib, jigardan zararli toksin moddalarini chiqarib yuboradi. Turli sabzavotlar bilan birga bugʻda pishirib yeyilsa, xavfli oʻsmalarning oldini oladi. Anemiya (kamqonlik) va leykemiya (oqqon) bilan xastalanganlar uchun juda foydali ozuqa. Sababi u organizmda gemoglobin ishlab chiqarilishini kuchaytiradi.
Lavlagi yoshartiruvchi xususiyatga ega boʻlib, uning tarkibidagi foliy kislotasi odam vujudida yangi hujayralar paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Ammo meʼdasi zaif va zardasi qaynaydiganlar bu sabzavotni yemaganlari maʼqul.
Agar sizni qabziyat (ich qotishi) qiynayotgan boʻlsa, och qoringa 50-100 gramm qaynatilgan yoki bugʻda pishirilgan lavlagi ustiga ozroq oʻsimlik moyi quyib yesangiz kifoya. Lekin surunkali qabziyati bor bolajonlarga bu muolajaning taʼsiri kamroq boʻladi.
Kamqonlikda bitta qizil lavlagi, bir dona yashil olma, bir dona qizil sabzi oling. Hammasini suvini chiqarib, bir osh qoshiq toza asal soling va bir soatga tindirib qoʻying. Shunda idish tagida koʻngilni aynitadigan oq moddalar choʻkadi. Bir oy davomida ovqatlanishdan bir soat oldin yarim stakandan ichib yursangiz tetiklashasiz, gemoglobiningiz oshadi, moddalar almashinuvi va koʻrish qobiliyatingiz yaxshilanadi, rangingiz ochiladi.
Lavlagi suviga paxtani botirib, kesilgan joyga qoʻysangiz, qon oqishi toʻxtaydi.
Tishingiz ogʻriganda yangi lavlagini kesib bir boʻlagini milkka qoʻying, ogʻriq toʻxtaydi. Keyin albatta, stomatolog qabuliga boring.
Qizil lavlagi – eng kam kaloriyali, parhezbop sabzavotdir. Parhez tutayotganlar uchun undan tayyorlanadigan salatlar mazali, shirin va ochlikni bartaraf etuvchi yengil taomdir.
Qandli diabed bilan kasallangan bemorlarga lavlagi bargidan tayyorlangan salatlar tavsiya etiladi. Chunki lavlagi bargida qand miqdori juda past. Bargi tarkibidagi moddalar saxarozani fruktoza va glyukozaga ajratishga yordam beradi. Ildizmevaning oʻzi esa qandli diabedda tavsiya etilmaydi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.