Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sumalak

Biz yoshlar bu taomni qanday tayyorlashni bilmasdik. Lekin, moʻjizali taomning xushtaʼmligi ogʻzimizda qolgan. Har yili bir marta boʻlsa ham sumalak yegimiz keladi.

Ezgu niyat bilan sumalak tayyorlashni sinfdoshlarimiz bilan kelishib oldik. Bahorning iliq kunlaridan birida onalarimiz boshchiligida bugʻdoy ivitib, ulkan dasturxon uztiga yozdik. Tezroq nish urishi uchun har kuni ustidan suv sepib turdik. Oradan 4-5 kun oʻtib bugʻdoy maysadek boʻlib unib chiqdi. Shanba kuni darsdan soʻng onalarimiz va ustozimiz bilan birga sumalak qilinadigan xonadonga, dugonam Saboxonning uyiga bordik. Ishni unib chiqqan bugʻdoyni goʻsht qiymalagichdan chiqarishdan boshladik. Yanchilgan bugʻdoyni suvga solib, shirali suvini ajratib oldik. Momolar uni doshqozonga quyishdi. Biz dugonalarimiz bilan suv tashidik. Sinfdosh yigitlar oʻtin yorib berishdi. Epchil qizlarimiz yeng shimarib, xamir qorib, boʻrsildoq non yopdilar. Gulnora xolam biz uchun katta qozonda osh pishirdilar. Ishlar koʻpligidan qanday kech kirganini ham bilmay qoldik. Sumalak pishirishning qanday mashaqqatlari borligiga ham guvoh boʻldik. Qozonda biqirlab qaynayotgan sumalakni yaxshi niyatlar bilan kovlay-kovlay ishni yarim tunda toʻxtatdik. Onalarimiz oʻchoq olovini oʻchirib, qozon ustini yopishdi.

Biz pishirgan sumalak qanchalar mazali chiqishini oʻylab, uyquga ketdik. Ertalab turib, yuz-qoʻlimizni yuvgach, kattalar boshchiligida tayyor boʻlgan sumalakdan nonushtada baham koʻrdik. Xushtaʼm taom barchamizga manzur boʻldi. Bu esa hamjihatlikning mevasi edi.

 

Xatira TURSUNBOYEVA,

Andijon viloyati Boʻston tumani

10-maktabning 10-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.