Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shoirlikka yo‘q maktab

(Tahririyatga kelgan she’riy mashqlarni o‘qib)

 

Har kuni tahririyatga kelgan xatlarning yarmidan ko‘pini she’rlar tashkil qiladi.

– Voy-bo‘, bir haftada 70 dan ortiq she’r kelibdi-ya, – dedi Xatlar bo‘limi boshlig‘i Iroda Umarova hayajon bilan.

– Yaxshi-ku, demak, bolalarimiz kitob o‘qishyapti, shoirlarga havas qilishyapti, – dedim men.

– To‘g‘ri, biroq bu mashqlar hali juda xom-da, o‘quvchilarimiz dillarini quvontirgan, hayajonga solgan his-tuyg‘ularini yozib, bizga jo‘natishyapti. Biroq ularning ko‘pchiligi she’riyat qonun-qoidalarini yaxshi bilishmagani uchun bu mashqlari badiiylikdan yiroq, she’rdan ko‘ra xabarga o‘xshab qolgan. Chunki ularda na qofiya, na bo‘g‘in, na vaznga e’tibor berilgan. Imlo xatolari ham tuzatilmagan, – dedi Iroda opangiz.

– Ular O‘zbekiston xalq shoiri Po‘lat Mo‘min bobomizning “Shoirlarga 20 qoida” she’rini o‘qishmagan-da, – suhbatga aralashdi Gulxanjon.

– Yaxshi esimga solding, Gulxanjon, bugun ana shu she’r asosida havaskor shoirlarning she’rlarini taqriz qilamiz, – quvonib ketdim. – Maqolamizga ham shu she’rdagi “shoirlikka yo‘q maktab” satrini sarlavha qilib olamiz. Ba’zi ota-onalar, bobo-buvilar bolamni, nabiramni shoirlikka o‘rgating, deb kelishadi-ku, taqrizimiz ularning shu takliflariga ham javob bo‘ladi. – Ana shunda Iroda opangiz menga 100 ga yaqin she’r solingan papkani tutqazdi. To‘g‘ri, bitta taqrizda 100 ta bola ijodiga baho berib bo‘lmaydi. Shu bois men avval she’rlar bilan birma-bir tanishib chiqdim. Qayta tahrir qilib foydalansa bo‘ladiganlarini Adabiyot va san’at bo‘limi muharriri Umida Sadatovaga berdim, o‘zlarining qulog‘iga kamchiliklari, albatta, aytilishi lozimlarini esa, javob xati yozish uchun ajratdim. Shundan so‘ng she’rlarni shartli ravishda ona, vatan, fasllar, Birinchi Prezidentimizga bag‘ishlangan mavzularga bo‘ldim. Va taqrizni va’daga binoan bolalarimizning sevimli shoiri Po‘lat Mo‘minning yosh shoirlarga bag‘ishlagan qoidasi bilan boshladim:

Kimki bo‘lmoqchi shoir

Gapim bor unga doir.

She’r yozish oliy niyat

Kerakdir qobiliyat...

Ha, qobiliyati bo‘lmagan o‘quvchini hech bir maktab shoir qilib tarbiyalay olmaydi. Shu jumladan, biz ham. Biz sizga faqat she’r yozish qoidalarini, mashqlaringizdagi yutuq, kamchiliklarni ko‘rsatamiz. Yangi fikr, yangi qofiyani esa o‘zingiz ko‘p o‘qish, izlanish tufayli topasiz. Unutmang, iste’dodning 99 foizi mehnat tufayli yuzaga chiqadi.

Shubhasiz, har bir bola onasini yaxshi ko‘radi. Qobiliyatli bolalar ana shu mehrni she’r orqali izhor qilmoqchi bo‘ladi. Sayhunobod tumanidagi 40-maktab o‘quvchilari Nodirbek Toshpo‘latov, Dildora Narziyeva, Nozima Rahimovalar maktabda o‘tkazilgan Onalar haqidagi mushoirada qatnashgan bo‘lishsa kerak. Garchi har bir o‘quvchi o‘z onasi haqida yozgan bo‘lsa-da ular bir-birining takrori bo‘lib qolgan, birortasida yangi gap yo‘q. Ular onaning farzandi uchun kuyib-yonishi, tunlari bedor alla aytishi, oilasining chirog‘i ekanligi haqida yozishgan. Zangiota tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Dilnoza Nuriddinovaning “Onajon” she’ridagi:

Onajonim, onajon

Doim sog‘ yuring.

Bizlarni baxtimizga

Uzoq umr ko‘ring... degan tilagida ham she’riyat talab qilgan badiiylik yo‘q. Hatto she’rga ohang beruvchi qofiyaga ham e’tibor berilmagan. Xuddi shunday kamchiliklar Zomin tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Ozoda Norbo‘tayeva, Shofirkon tumanidagi 20-maktab o‘quvchisi Mohinur Kenjayeva mashqlarida va boshqa ko‘plab ona haqidagi she’rlarda ham uchraydi.

To‘g‘ri, hamma onalarning maqsadi bitta – farzandi baxtini ko‘rish. O‘z navbatida bolalar ham onalarining sog‘-omon bo‘lishini istashadi. Lekin har bir onaning o‘ziga xos jihati bo‘ladi. Chinakam ijodkor buni ilg‘ay oladi. Shuning uchun Abdulla Oripovning ona haqidagi she’ri Muhammad Yusufning “ona”siga o‘xshamaydi. Iste’dodli ijodkorlarimiz faqat o‘zlarining onalarigagina xos bo‘lgan qirrani topib ta’riflashgan. Shunday ekan, havaskor o‘quvchilarimizga katta shoirlarimizning ijodi bilan chuqurroq tanishib borishni maslahat beramiz. Bu mutolaa tufayli malakalari oshadi, she’rning qanchalik, nozik, teran tuyg‘u ekanligini his qilib unga jiddiyroq yondoshadigan bo‘lishadi.

Biz onamizni qanchalik yaxshi ko‘rsak, Vatanni undan-da ko‘proq yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun uni ardoqlab ona Vatan deymiz-da. Bu mehr qo‘limizdagi Vatan mavzusidagi she’rlarda ham o‘z ifodasini topgan. Quvonarlisi, bolalar vatan ostonadan, oiladan, mahalla, shahar, qishloqlaridan boshlanishini tushunib yetishgan. O‘z vatanlarini maqtashga, ta’riflashga intilishgan. Biroq yana o‘sha gap, Vatan haqida allaqachon shoirlarimiz aytgan fikrlarni qaytarish bilan kifoyalanishgan.

Ariqlarda suvlar oqadi zilol,

Hech bir odam emasdir nochor... deb yozadi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 52-maktab o‘quvchisi Nilufar Hoshimova “Namangan” she’rida. She’rni o‘qib o‘ylanib qolasan. Nima, Farg‘ona yoki Andijondagi ariqlardan oqadigan suv zilol emasmi? Xuddi shunday kamchiliklar”... Mening shahrim Farg‘ona, Olam ichra yagona...” deb Farg‘onani ta’riflagan Quvadagi 20-maktab o‘quvchisi Sevinch Abdullayeva mashqlarida ham uchraydi. Biz ularga Vatan mavzusida yozilgan ko‘plab she’rlarni o‘qishni maslahat beramiz. Ana shunda ular o‘z “vatan”larining o‘ziga xos jihatlarini shoirona ko‘z bilan ilg‘aydigan bo‘lishadi. Yana bir maslahat, she’r yozishga ixlos qilgan har bir o‘quvchi o‘ziga ustoz tutishi kerak. Adabiyot muallimi, maktabdagi adabiyot to‘garagi bu borada ularga juda yaqin murabbiy bo‘la oladi. Zero, Po‘lat Mo‘min bejizga “Ustoz top eng avvalo, ishlaring bo‘lar a’lo”, demaganlar. Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 3-maktab o‘quvchisi Zulxumor Ro‘zmatova ustozlar maslahatiga amal qilib she’r yozayotgani ko‘rinib turibdi. Yaxshi mavzular tanlagan, qofiya, bo‘g‘in, vazn joyida, bir o‘qishda juda chiroyli yangraydi. “Betakrorim – O‘zbekiston” she’ri ana shunday yozilgan. Biroq Zulxumor qofiyaga berilib ketib mazmunni buzib qo‘ygan. She’rda qofiya yoki bo‘g‘in buzilsa-da, o‘quvchi o‘ziga xos o‘xshatish yoki yangi fikr ayta olgan bo‘lsa, bunday she’rlarni biz tahrir qilib, albatta, jurnalda e’lon qilamiz. Chunki she’rda eng avvalo yangi fikr bo‘lishi talab qilinadi-da.

Po‘lat bobomiz “She’rni yozgin qiziqroq, Buzilmasin hech turoq”, deb o‘rgatadilar. Biroq o‘ziga xos qiziq voqeani qalamga olgan Yakkabog‘ tumanidagi 40-maktab o‘quvchisi Z. Shomahmudova “Davronning tishlari” voqeiy she’rida ana shu o‘gitga amal qilmagan. Balki Zebuniso voqeani she’r emas, hikoya qilib yozganida qiziqroq va ibratliroq chiqqan bo‘larmidi?! Uychi tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Hojiakbar Norboyev, Yangiyo‘l tumanidagi 16-maktab o‘quvchisi Mushtariy Boltaboyevalar she’rga o‘ziga xos qiziq mavzu tanlashgan, ammo yangi gap ayta olishmagan. Turoq, vazn, qofiyani unutib qo‘yishgan.

O‘quvchilardan O‘zbekistonimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bag‘ishlab yozilgan she’rlar kelishda davom etmoqda. Bu she’riy mashqlardagi Mustaqilligimizni mustahkamlashda, O‘zbekistonimizni ozod va obod Vatanga aylanishida Islom Karimovning beqiyos xizmatlari, metin irodasi, chinakam vatan o‘g‘loni ekanligini yuksak hurmat va hayajon bilan ifodalashga uringanlari bizni quvontiradi. Yurtini va Birinchi Prezidentini yurakdan seva olgan bu bolalar kelajakda Islom bobolari orzu qilgandek barkamol avlod safida bo‘lishga ont ichganlar.

O‘zbekiston jannatmonand yurt. Bu zaminda to‘rt faslning o‘z o‘rni, xizmati, fazilati bor. Biroq bolalarimiz negadir ko‘proq bahor haqida she’rlar yozishadi. Bahorga bo‘lgan mehrlari, zavqlari bo‘lakcha. Pastdarg‘om tumanidagi 69-maktab o‘quvchisi Dildora Yo‘ldosheva “Qani, qani kel bahor, Senda qancha gullar bor...” deb bahorga peshvoz chiqsa, Qo‘shko‘pir tumanidagi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muxlisa Baxtiyorova”... G‘unchalar labida shabnam jilosi, Ko‘zni qamashtirib yonadi yal-yal...” deya musavvirona bir uslubda bahorni ta’riflaydi. Muxlisaning she’r yozishga ancha qo‘li kelishib qolgani sezilib turibdi. Chunki u yangi-yangi o‘xshatishlar, yangi qofiyalar topishga uringan. Bu esa Muxlisa izlanishdan charchamasa kelajakda yaxshi, puxta she’rlar yoza olishiga umid beradi. Afsuski, bahor haqidagi barcha she’rlarda ham shunga o‘xshash yangiliklar bor, deb ayta olmaymiz. “Tog‘da qizil lolalar, Terib oling bolalar...” bu bayt Qarshi tumanidagi 25-maktab o‘quvchisi Shalola Mamatqulovaning “Bahor” she’ridan. Ammo bu fikr, hatto bu misralarni undan avval juda ko‘p shoirlar aytganini ko‘pchilik biladi. Agar buni Po‘lat bobo o‘qiganlarida:

Doim yangi so‘z izla,

Aslo bo‘lmaysan izza.

Agarda qilsang taqlid

Ko‘ringan qilar tanqid, – degan bo‘lardilar. Ishonamizki, Shalola keyingi mashqlarida bu kabi taqlidga yo‘l qo‘ymaydi. Sh. Mamatqulovaning maktabdoshi Xurshida G‘oyibova esa “Bahordan berib darak, Uchib keldi ko‘p laylak”, deb bahorni ta’riflaydi. Qofiya o‘rinli, lekin mazmun-chi? Odatda “Laylak keldi yoz bo‘ldi, qanoti qog‘oz bo‘ldi...” deyishadi-ku. Ajablanarlisi, bu she’rida Xurshida bahordagi chaqmoqdan qo‘rqishini aytib turib bahorni sevaman, deydi. Qanday qilib bir vaqtning o‘zida ham qo‘rqish, ham sevish mumkinligini o‘ylab o‘quvchining boshi qotmaydimi? Xurshida chaqmoq haqida she’r yozib undan qo‘rqish sababini ko‘rsata olganida, she’r boshqacharoq jaranglagan bo‘lardi.

Biz she’riy mashqlarni o‘qib, kamchiliklarini ro‘y-rost aytdik. To‘g‘ri tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqara olgan havaskor keyingi mashqlarida bu xatolarga yo‘l qo‘ymaydi, mashqi ancha puxta bo‘ladi. Biroq, kamchiliklardan qat’iy nazar, bu she’rlar bizni juda quvontirdi. Chunki ular o‘quvchilarimiz qalbida she’r ishqi, adabiyot mehri borligini namoyon etdi. Go‘zallikni qalbdan his qila olgan, mustaqil fikrlashga o‘rgangan, borliqqa nozik nigoh bilan qarayotgan bu bolalar orasidan ertaga adabiyotimiz dong‘ini dunyoga tanita oladigan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi iste’dodlar yetishib chiqishi muqarrar. Bu ularning mehnatsevarliklariga, izlanishdan, ko‘p o‘qish va xo‘p uqishdan charchamasliklariga, biz ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlarga nechog‘lik amal qilishlariga bog‘liqligi ham rost gap.

Biz bu ijodkor o‘quvchilarimizdan yangi-yangi she’rlar kutamiz, bu she’rlar o‘ziga xosligi, yangi ohang, yangi fikrga boyligi bilan hammamizga ma’qul bo‘lishi, jurnal sahifalaridan joy olishiga ham ishonamiz. Taqrizni esa dono shoir bobomiz Po‘lat Mo‘minning quyidagi to‘rtligi bilan yakunlaymiz:

Qolibdi yana bir gap,

Shoirlikka yo‘q maktab.

Uni o‘zing ochasan,

Dovonlardan oshasan.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.