Sirli, sehrli, mitti buloqcha
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, tabiatni asrash mavzusidagi asarlari uchun Xalqaro YUNESKO mukofoti sohibi, taniqli yozuvchi Abdusaid KOʻCHIMOVning nafaqat Hamdoʻstlik mamlakatlarida balki Xitoyda ham koʻplab muxlislari bor. Chunki uning “Halqa”, “Hayot hukmi” kitoblarini xitoyliklar ham qoʻlma-qoʻl qilib oʻqishgan.
Darvoqe, Abdusaid aka asarlarining aksariyati siz bolalarga bagʻishlangan. Bu ham bejiz emas. Chunki ustoz mehnat faoliyatini “Tong yulduzi” gazetasida boshlagan. Bir necha yil unga bosh muharrirlik qilgan. Bir soʻz bilan aytganda, bolalar adabiyoti, bolalar jurnalistikasi rivojiga salmoqli ulush qoʻshgan bolajon ijodkor. Begʻubor diyordan aslo uzoqlashishni istamagan sevimli yozuvchimizning bolaligi haqidagi xotiralarini oʻqisangiz, siz ham bunga ishonch hosil qilasiz.
Yoqimli damlar
Baland-baland togʻlarning eng xilvat goʻshasida, marjonday tizilgan zangori maysalar orasida oppoq alangaday qaynab, mitti yulduzday porlab turgan buloqchani bir tasavvur qilaylik: naqadar musaffo, naqadar begʻubor, qanchalar tiniq! Hovuchini toʻldirib bir marta ichgan odam umrbod “quli – asiri” boʻlib qoladi uning. Maʼsum-u begʻuborligiyam mayli-ya, tevaragidagi goʻzallikni aytmaysizmi? Siz nominiyam bilmaydigan turfa rang gullar, atlasday tovlanuvchi suluvdan suluv chechaklar, baxmal maysalar, asaldan shirin – simirib toʻymaydigan bebaho havo. Qayerda koʻrgansiz, koʻrganmisiz bunchalar halovatbaxsh, sehrli, sokin diyorni?! Yana kelsam, muzday suvidan bahramand boʻlsam, yonboshginasida xayollarga gʻarq boʻlib oʻtirsam demaysizmi?! Deysiz! Demaslikning sira-sira iloji yoʻq. Ayniqsa, qishloqda tugʻilgan-u shaharda yashayotgan boʻlsangiz, turmush tashvishlari-yu gʻidi-bidilaridan charchab, yaxshi-yomon muomalalar-u munosabatlardan toliqib, xatolar-u xatoliklardan ruhingiz soʻlib yurgan paytlarda bor dard-u hasratingizni shu tilsiz doʻstingizga toʻkib solgingiz, u bilan hasratlashgingiz, undan madad, kuch-quvvat olgingiz kelib ketadi beixtiyor. Va... Ketolmaysiz, ketolmay qolasiz – buloqcha vujudingizni tozartiradi, ruhingizni poklaydi, yaltiratib yuboradi chang bosgan xayolot olamingizni, qushday yengil tortasiz alhol! Bolalik degani, bolalik dunyosi degani menimcha shu buloq, shu sirli sehrli, mitti buloqcha! Undan olislab, undan ajralib boʻlmaydi. Uzoqlashgan sayin sogʻinch hislari zoʻrayadi, oʻrab-chirmab boraveradi jumla-yu jahoningizni...
Men koʻz ochib koʻrgan manzil judayam xilvat, judayam sokin va ertaknamo emasa-da, boshqa joylarga oʻxshamaydigan, oʻzigagina mansub boʻlmish bir talay fazilatlarga ega – Urgut togʻlari etagidagi bir qishloq edi. Qulqishloq deb atalar ekan esimni tanib bilsam. Bir necha taxminlar ham bor ekan bu nomga aloqador. Birida aytilishicha, allaqaysi zamonda xojalari tarafidan ozod etilgan kishilar shu makonga kelib, oʻtroqlashgan va qishloq nomi shu tarzda paydo boʻlgan. Boshqasida esa, qishloq oʻrnida qachonlardir kattakon koʻlmi, daryomi boʻlgan. Zamonlar tegirmoni koʻlni quritib, uning oʻrnida qumzor hosil qilgan. Odamlar kelib yashay boshlagach bu makonni Qumqishloq deb ataganlar. Qumqishloq bora-bora Qulqishloqqa aylanib ketganmi yoki aksimi, bunisi ham noayon. Boshqacha farazlar ham koʻp. Ularning qay biri rost, haqiqatga yaqin bilmayman, hech kim bilmaydi. Mening bilganim shuki, qishlogʻimiz keng-moʻl edi, koʻchalari egri-bugri, pastak-pastak tomlari bahorda qizgʻaldoqzorga aylanib ketardi, qorday oppoq boʻlib gullagan olma, oʻrik shoxlari paxsa devorlar osha koʻchalarga oppoq sumalaklar singari nur sochib osilib turardi, ariqlarda suv toʻlib oqardi, qishloq atrofini uzumzor – bogʻlar, ekinzor dalalar qurshab olgan, odamlarning qiyofalari ham olma gullaridek yoqimli edi, bir-birlariga mehrli edi. Darvozalar qulflanmasdi, ostonada bir yoʻtalib yoki “hoy faloncha, uydamisan?” deb kirib kelaverar edi, odamlar bir-birlarinikiga.
Toʻqqiz jondan iborat oilamizning karvonboshisi boʻlmish otamiz bir soʻzli, qattiqqoʻl, mehrini huda-behuda dasturxon qilavermaydigan, qoʻlidan ketmon-u oʻroq tushmaydigan, oddiy bir dehqon edilar. Oʻtgan asrning 50–60-yillarida, garchand Ikkinchi jahon urushi tugaganiga ancha yillar oʻtgan esa-da, boshqa joylarni bilmayman, ammo bizning qishloqda yashash, hayot kechirish oson emasdi. Otam har kuni sahardan shomgacha tinmay ishlar, biz – mushtday-mushtday bolalar ham u kishining qavatida yer chopar, oʻt oʻrar, hatto, gʻisht quyar edik. Otamiz tugul onamiz ham bizlarni erkalashga vaqt topolmas ekanlar endi oʻylab koʻrsam. Qoʻli kosov, sochi supurgi edi onamizning: hali xoʻroz qichqirmay sigir sogʻar, tappi yopar, kuvi pishar, suv qaynatib kir yuvar, tandirda non yopar. Ammo, oʻchoqda qorayib-mungʻayib turguvchi qora qozonimiz haftalab goʻsht koʻrmasdi. Bobo yoki buvimiz allaqachonlar oʻtib ketgan, bor boʻlganlarida ham, ishonchim komilki, ishdan ortib bizlarni erkalatolmas edilar. U vaqtlarda hozirgidek maktabga tayyorlovchi, kichkintoylarga harf oʻrgatuvchi kurslar, bogʻchalar boʻlgan emas. Oʻqish, yozish, chizish – hammasi maktabga qatnay boshlagandan keyin oʻrganilgan.
Siyoh qilgan siyohlik
Maktab boʻsagʻasiga birinchi qadam qoʻygan kunlarimda nimalar boʻlgani aniq esimda yoʻq. Lekin onam tikib bergan latta “Kitob xalta”ni boʻynimga osvolib chopganda, kissasidagi siyohdon agʻdarilib, ust-boshim nopormonga boʻyalib ketgani uchun tanbeh eshitganim yodimda qolgan: axir, yap-yangi kandir koʻylak, shalvar (bu liboslarniyam rahmatli onam oʻz qoʻllari bilan tikkanlar), hatto, latta poyabzalgacha boʻyalib, “rasvo”si chiqib ketgan edi-da!
Rostini aytaman – judayam shoʻx, toʻpolonchi, tinmasak edim. Ammo, yaxshi oʻqirdim, aʼlochilar roʻyxatida turardim. Badiiy kitoblarni yaxshi koʻrardim. “Gulliverning sayohatlari”, “Etik kiygan mushuk”, “Oʻzbek xalq ertaklari”... Maktab davrida qiziqarli voqealar shu qadar koʻp boʻlganki, ularning ayrimlarini eslashning oʻziyoq ayricha zavq, armon, oʻkinchga koʻmib yuboradi xayollaringni. Tasavvur qiling. Yoz. Erta tongda mol-hollarni oldiga solib dashtlarga chiqib ketgan bolalar, qoʻy-qoʻzi-yu sigir-uloqlarni oʻtloqqa yoyib yuborib, qiy-chuv bilan “Eshak mindi”, “Suyak otar”, “Quloq choʻzma”, “Qilich-qilich”, “Musht ketdi”, “Chillak”, “Yashinmachoq” oʻynaydi. Chimzorda esa yaydoq eshaklarga minvolib, arqondan eshilgan “uloqlar”ni taqimga bosib “koʻpkari” chopayotgan boshqa bolalarning qiyqiriqlari olis-olislarda aks-sado beradi... Men oʻyindan keyin tegirmonariq yoqasidagi yakka tol soyasida yonboshlab kitob oʻqish, soʻng osmonga qarab oʻy surishni behad yaxshi koʻrardim. Ammo uyda ishlar koʻpligidan bunday lazzatli lahzalarga hamisha ham vaqt topilavermasdi. Shuning uchun kechalari lampa chiroq yorugʻida dars qilib, kitob varaqlar edik.
Shularni oʻylar ekanman, bugungi kitobxon bolalarga havasim keladi. Boshqa mamlakatlarni bilmayman, biroq bizda hech qachon kitob oʻqish bugungichalik izzat qilingan emas. Koʻp kitob oʻqigan odamga davlat tomonidan mashina berilishi, misol uchun, bizlarning avlodni yetti uxlab tushigayam kirgan emas. Maʼrifat va maʼnaviyatga bunday yuksak eʼtibor hozirgi yoshlarimiz, yanikim siz uka-singillarimiz uchun baxt, bepoyon baxt! Quvonchli yana bir jihati shundaki, doʻkonlar toʻla kitob. Istagan asaringizni, istagan vaqtingizda topib mutolaa qilishingiz mumkin. Faqat unutmaslik zarurki, kitobxonlik degani qoʻlga ilingan kitobni oʻqiyverish kerak, degani emas. Kitobni tanlab oʻqishni oʻrganish juda muhim. Men uni oʻqing, buni oʻqimang, demayman. Ammo, Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Shukur Xolmirzayev, Rauf Parfilarning asarlarini albatta oʻqish kerak. Abdulla Oripovning sheʼrlarini esa hijjalab oʻrganish va yod olish zarur. U Bayron, Gyote, Pushkin, Lermontov, Aytmatov, Hamzatov singari jahon adabiyoti daholaridandir.
Farishta qizlar bazmi
Esimda qolgan yana bir voqea bor, shuni hozir aytmasam boʻlmas.
Qishlogʻimizning togʻ tarafi bogʻ-rogʻlar bilan qoplangan, bizning katta uzumzorimiz ham oʻsha tomonda edi. Boʻyim bir muncha choʻzilgan, 6-sinfda oʻqiyman. Kunduzi otamning yonida ishlab, kechasi bogʻda qorovullik qilib yotaman. Katta yongʻoqning tarvaqaylagan shoxlari orasida chayla qurib, atrofini toknovdalar bilan oʻrab, somon toʻshab, tolxivichdan eshik yasab xuddi uydek qilib olganman. Kechalari allamahalgacha fonus yorugʻida kitob oʻqiyman. Keyin barglar orasidan moʻralab turgan oyga qarab xayol surib uxlab qolaman. Qoʻrqmayman, chunki pastda yeroʻchoq, oʻchoq yonida kuchugim Qoravoy, uvatda koʻk eshagim bor. Bir oqshom doira-yu qiyqiriqlar sadolaridan uygʻonib ketdim. Yo piray, qay koʻz bilan koʻrayki, oʻchoqda gurillab olov yonyapti. Bir gala qiz olov atrofida xuddi qushlarga oʻxshab uchib-qoʻnib bazm qilishmoqda. Hammalari qip-qizil libosda, sochlariyam choʻgʻday. Ular goh olov ichiga kirib ketishadi, goh sakrab oʻtishadi. Ammo na sochlari, na kiyimlari kuymaydi...
Bazmni qancha tomosha qildim, koʻrganlarim tushmi-oʻngmi, buniyam bilmayman. Ertalab bogʻqoʻshnimiz Umir boboga aytib berdim koʻrganlarimni. “Oʻchogʻingda kul qolgan. Kul bor joyga farishta qizlar keladi. Kulni sochib, oʻchoqni tozalab tashla”, dedi Umir bobo.
Umir boboning aytganini qildim. Farishta qizlar qaytib koʻrinmadi.
“Qilpillama” chiqargan qanot
Maktabda jinim suymaydigan birinchi raqamli fan matematika boʻlsa, eng suyadiganim adabiyot edi. Ehtimol, yozuv-chizuvga qiziqish ham shundan – kitobdan boshlangan boʻlishi mumkin. Yana bir gap shuki, bizni maktabda bir yilmi, ikki yilmi Oʻzbekiston xalq shoiri Barot Boyqobulov, shoir Erkin Neʼmat oʻqigan. Men oʻquvchilik paytim ularni koʻrmaganman. Faqat kutubxonadagi kitoblariga tikilib, biznikiday shaharlardan olis qishloqlardan ham shoir chiqishi mumkin ekan-ku, deya havasim kelgan. Kitoblardan tashqari, tuman va viloyat gazetalarini, respublika pioner-oʻquvchilar gazetasi “Lenin uchquni”ni qoldirmay oʻqirdim. Birinchi maqolam 7-sinfdaligimda maktab devoriy gazetasida chiqqan. Sinf rahbarimiz maqtagan. Maqtovdan ilhomlanib, tuman gazetasiga maqola yubordim. Maqola tuman markaziga boradigan yoʻldagi eski koʻprik haqida edi. Uch-toʻrt kun oʻtdimi-yoʻqmi esimda yoʻq. Darsdan chiqib kelayotsam, Meliqul aka degan pochtachi velosiped qoʻngʻirogʻini jiringlatib yonimda toʻxtadi.
– Malades! Boplabsan! – dedi u gazetani ochib koʻrsatib. – Yoz, yoʻlniyam qoʻshvormabsan-da.
Qay koʻz bilan koʻrayki, “Qilpillama” degan luqma-maqola ostida akang qaragʻayning ism-u shariflari turibdi-da! “Luqma” nimaligini hali tushunmayman, ammo quvonganimdan qush boʻlib uchib ketib, necha kunlar osmonlardan tusholmay yurdim-ov... Shu-shu tinmay maqola yozadigan boʻldim. Iskandar Boymurodov (joyi jannatlardan boʻlgan boʻlsin) degan joʻram ham qiziqib qoldi maqolakashlikka. Ikkovlon tuman gazetasi qoshidagi “Ishchi-dehqon muxbirlar” maktabiga qatnaydigan boʻldik. Rahmon Joʻraev, Ergash Majidov, Fayzi Haydarov degan gazeta xodimlari bilan tanishdik. Maktabda “muxbirlar” degan nomimiz chiqdi. Keyin-keyin jajji hikoyalar, sheʼrlar, undan soʻng kitoblar...
Beziyon yolgʻon
Karimberdi Xudoyberdiyev degan muallimimiz boʻlardi.
– Yolgʻon soʻzlash gunoh, lekin gohida shirin yolgʻon ham kerak boʻladi, – derdi. Masalan, – derdi muallim, – ogʻir kasalga, salgina shamollabsiz yoki xunukrok qizga chiroylisiz, deyish yolgʻon. Ammo bunday yolgʻonlar ularni xursand qiladi.
Yoshlikda bilibdir, bilmaydir yolgʻon gapirmagan bola boʻlmaydi. Men ham bunday “fazilat” dan holi boʻlmaganman. Biroq bolalikning yolgʻonlari uning oʻzi kabi sodda, begʻubor, beziyon boʻladi. Biroq, keyingi yolgʻonlardan Xudo asrasin. Bitta yolgʻon oʻnta rostning belini sindirishi mumkin.
Bebaho boylik
Hozir qoʻl yetmas uzoqliklarda qolib ketgan bolalik chogʻlarini eslayapman-u, yuragim gʻalati boʻlib ketyapti. Oilamizda koʻp jon boʻlgani, otamizga qiyin ekani tufayli albatta, akam Abduvali bilan men yozda kolxozning gʻallasi oʻrib olingan yerlaridan somon yigʻib, eshaklarda yanchib, Urgut bozorida sotib, oʻzimizga daftar-kitob, kiyim-kechak olardik. Boshqalarning turmushi ham biznikidan uncha farq qilmasdi. Buning ustiga oltinchidan boshlab to oʻninchi sinfni tamomlaguncha har yili ikki-uch oylab qoʻshni Ishtixon tumani dalalarida paxta terganmiz. Yoqimsiz boʻlsa ham aytaman – bitlab ketardi bolalarning hammasi. Shamollagan, kasal boʻlganlar nechta. Biroq uyga javob yoʻq. Hozirgidek yorugʻ maktablar qayoqda? Pol-patologi yoʻq, yomgʻir yogʻdi deguncha chakka oʻtadigan zax sinfxonalarda choponlarga burkanib, qoʻllarimizni kuh-kuhlab isitib... Taqqoslash mumkin emas u kunlarni bugunga! Bugungi bolalar, sizlar, aziz uka-singillarim, chin maʼnoda baxtiyor avlodsiz. Tilagim, bitta: vaqtni behuda oʻtkazmang! Bu dunyoda eng bebaho boylik – vaqtdir. Rivojlangan, barcha sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan mamlakatlarda vaqt oltin kabi qadrlanadi. Mana shu oddiy haqiqatni tushungan, unga amal qilgan millatning ertasi yorugʻdir.
Muhabbat HAMIDOVA yozib oldi.