Qodiriy zakosiga beshik xonadon
Muzeylar oʻtmishdan kelajakka xabar beruvchi maskan. Gohida tinch, gohida suronli davrlardan bugunga qadar saqlanib qolgan tarixiy buyumlar, yodgorliklar borki, bularni faqat muzeyda uchratish mumkin.
Muzeylar kuni arafasida jamoamiz bilan poytaxtimizning Samarqand darvoza koʻchasida joylashgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga bordik. Adib yashab ijod qilgan ushbu xonadon 2019-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta rekonstruksiya qilinib, uy-muzeyiga aylantirildi. Bu eʼtibor siz kabi yoshlar – boʻlajak yozuvchilar, adabiyotshunoslar, jamiki ijod ahli uchun muhim edi, albatta. Qutlugʻ maskan 70 sotix maydondan iborat boʻlib, bu yer yozuvchi yashagan ikki qavatli uy, undagi toʻrtta xona, alohida yozgi shiypon va uning birinchi qavatidagi bitta xonadan tashkil topgan. Shuningdek, uy-muzeyiga qoʻshimcha tarzda kutubxona, konferensiya va koʻrgazma zallari ham qurilgan.
Hovliga kirib borar ekanmiz, yozuvchining bir qoʻlida kitob ushlagan holda oʻtirgani tasvirlangan haykaliga koʻzimiz tushdi. Uning orqa tomonida shiypon qad koʻtargan. Muzey nazoratchisi Sayyora Muhammedovaning aytishlaricha, shiyponning qurilishida Abdulla Qodiriyning oʻzlari bosh-qosh boʻlganlar. Shu yerda oʻtirib ijod qilishni yoqtirganlar. Undan katta hovlining bogʻlari kaftdek koʻrinadi. Shiypon Aleksey Tolstoy, Soʻfizoda, Oybek, Komil Yashin, Sadriddin Ayniy, Yunus Rajabiy, Yusufjon qiziq Shakarjonov kabi yozuvchi va sanʼatkorlarning qizgʻin suhbatlari, ijodiy bahslariga guvoh boʻlgan. Undan sal nariroqdagi xonada “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlari yozilgan. Adib ijod iztirobini, ogʻrigʻini shu yerda his qilgan, aynan shu yerda qatʼiyatli Raʼno, olijanob Anvar, maʼsuma Kumush, mard Otabek obrazlari dunyoga kelgan. Xonadagi Qodiriy oʻtirib ijod qilgan, oʻsha paytda Rossiyadan keltirilgan yogʻoch stol-stul, qoʻl yuvishi uchun foydalangan oftoba, yotoq karavoti, hujjatlar saqlanadigan temir sandiq muzey xodimlari tomonidan tabarruk xazinadek avaylab kelinmoqda. Bu buyumlar yozuvchi haqida soʻzlaydi. Eksponatlarni koʻzdan kechirib, bir muddat oʻzimizni adib bilan yonma-yon his qildik. Goʻyo u hozir oftobada qoʻlini yuvib, kerosin lampa yorugʻida ijodga beriladigandek.
Yurakni vahima bosadi. 1937-yilning 31-dekabrida bu xona mashʼum voqeaga guvoh boʻldi. Aynan shu kuni NKVD xodimlari adibni nafaqat shu xonadan, balki bir umrga, oilasidan, ijoddan va hayotdan olib chiqib ketgan.
Boshqa bir xonadan Qodiriyning rafiqalari Rahbarbonuning kelinlikda olib kelgan sarpo sandigʻi oʻrin olgan. Hovli toʻriga qarab yurar ekanmiz, farzandi dardida yurak-bagʻri oʻrtangan ona Josiyatbibi istiqomat qilgan, oddiy oʻzbekona hayot tarzi aks etgan xonaga duch keldik. Abdulla Qodiriy bu xonani tark etganida 44 yoshda edi.
Adib iqtidori, zakosiga beshik boʻlgan muzeydagi nodir buyumlar nafaqat qodiriylar, balki barchamiz uchun qadrli va kerakli. Agar bu maskanni ziyorat qilsangiz, yozuvchi shaxsi bilan yaqindan tanishasiz, u yashagan davr murakkabliklarini anglashga harakat qilasiz. Zero, Qodiriy taʼbiri bilan aytganda, moziyga qaytib ish tutmoq xayrlidir.
Dilafroʻz Zayniyeva