Qalblarni soʻzlatgan adib
Bugun mamlakatimizda “Sariq devni minib”ni oʻqib, sehrli qalpoqchasi boʻlishini orzu qilmaydigan, “Shirin qovunlar mamlakatida yoxud sehrgarlar jangi” romanini mutolaa qilib, qovunlarni oʻzgacha ishtiyoq bilan yeb, urugʻlarini sanab koʻrmoqchi boʻlmagan, “Jannati odamlar”ni oʻqib, bobosini yoki buvisini mahkam quchoqlab qoʻymagan, “Quyonlar saltanati”ni oʻqib, quyonchilikka qiziqib qolmagan, “Sariq devning oʻlimi”ni oʻqigach, jinoyatlarni oshkor qilishga harakat qilmagan, bu borada bolalarcha surishtiruvlar olib bormagan, “Mungli koʻzlar” yoxud “Besh bolali yigitcha”ni oʻqib, yigʻlamagan bola topilmasa kerak. Ha, ustozimiz ana shunday yozardilar. Romanlarida kezi kelsa, yigʻlatib, kezi kelsa, kuldirardilar. Bilasizmi, Xudoyberdi boboning asarlarini oʻqimaysiz, balki oʻsha asar bilan suhbatlashasiz.
Yaqin insoningiz, ustozingiz haqida unday edi, bunday edi, deb oʻtgan zamonda fikr yuritishi gʻalati boʻlar, dilingizni ogʻritar ekan. Toʻgʻri, hozir yozuvchi bobomiz jisman oramizda yoʻqdir, ammo qalbimizda, ongimizda oʻzlari yaratgan qahramonlar timsolida umrbod yashaydi. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning nomini nafaqat oʻzbek, balki jahon bolalari, bolalar adabiyoti, ularning pokiza qalblari hech qachon unutmaydi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Kamalak” bolalar tashkiloti Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Gulxan” jurnali bilan hamkorlikda ana shu maqsadda “Bolalar Xudoyberdi Toʻxtaboyevni unutmaydi” mavzusida press klub tashkil etildi. Tadbirda yozuvchining shogirdlari, oʻquvchilar va ijodkor yoshlar ishtirok etishdi. Adibning asarlari borasida qizgʻin munozaralarga boy oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Muhabbat Hamidova, Dilshod Rajab, Zahro Hasanova, yozuvchi Otabek Quvvatov, Hoshimjon obrazida tomoshabinlarga tanilgan aktyor Bunyodbek Rahmatullayevlar spiker sifatida ishtirok etishdi.
– Xudoyberdi Toʻxtaboyev faqat va faqat bolalar uchun yashadi, faqat bolalar uchun ijod qildi. Ushbu tadbir ham ustozning sermahsul va mazmunli ijodi, mehnat va mashaqqatlari uchun munosib javob boʻldi. Oʻylaymanki, bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston xalq yozuvchisi X. Toʻxtaboyev ijodiga ehtirom sifatida maktab va kutubxonalarda davom etadi”, – dedi “Shuhrat” medali sohibasi, yozuvchi Muhabbat opa Hamidova. Bunyodbek boʻlsa, barchamizga sevimli boʻlib qolgan “Sehrli qalpoqcha” kinosining yaratilish tarixi haqidagi ajoyib voqealardan soʻzladi. Yozuvchining sadoqatli shogirdi Otabek Quvvatov ustozning bogʻida oʻn uch yil yongʻoq qoqqani haqidagi xotiralarni bolalar kulib, mamnuniyat bilan tinglashdi.
Tashkilotchilar tomonidan Xudoyberdi Toʻxtaboyevning asarlari boʻyicha eʼlon qilingan Respublika insholar tanlovi gʻoliblariga diplom va esdalik sovgʻalar topshirildi.
Yorqinjon HAYITBOYEV