Sokinlik bagʻridagi tugʻyonlar
Aziza 1-sinfda oʻqib yurganidayoq Alisher Navoiyning rasmiga qarab oʻxshatib chiza boshladi. Nabirasidagi qobiliyatni koʻrgan Anifa opa Toshkent tumanidagi 32-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabiga olib bordi. Unga ustozlik qilishni zimmasiga olgan Munisa Turgʻunova yaxshi rassom boʻlish uchun mehnatdan qochmaslik, tartib-intizomga rioya qilish zarurligini tushuntirdi. Aziza sanʼat maktabidagi saboqlari maktabdagi darslariga xalaqit bermasligi uchun uy vazifalarini vaqtida bajarishga harakat qiladi. Munisa opa rasm chizayotganida uning barmoqlari harakatini diqqat bilan kuzatdi. Va tez orada ustoziga maʼqul boʻladigan rasmlar chiza boshladi.
Maktabning “Isteʼdodli yoshlar” koʻrik-tanlovida I darajali diplom bilan taqdirlandi. Sekin-asta yutuqlari soni koʻpayaverdi. Aziza sevimli mashgʻuloti bilangina cheklanib qolmadi. Uch yil davomida sport murabbiyi Mirsobit akadan karateni oʻrgandi. Chunki Munisa opaning aytishicha, yetuk rassom boʻlishni istagan inson har tomonlama sogʻlom boʻlishi ham kerak ekan. Nozik didli musavvir boʻlishda musiqani dildan anglash muhimligini anglagach esa, fortepiano chalish sir-asrorlarini mukammal egallash uchun singlisi Malikabonuning ustozi Malohat Erkaboyevaga shogird tushdi.
Tinimsiz mehnat va izlanish Azizaga shu yil mart oyida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 12 yoshli oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan Xalqaro tasviriy sanʼat onlayn tanloviga qatnashish imkoniyatini berdi. Uning “Bibixonim”, “Doira sadosidagi raqs” rasmlari, “Kuz neʼmatlari” natyumorti hayʼat aʼzolari tomonidan birinchi oʻringa loyiq deb topildi.
– Haqiqiy musavvir boʻlishni xohlasang, oʻz ustingda koʻproq ishlashing, mashhur rassomlar faoliyatini, mahoratini oʻrganishing, qiyinchiliklarni yengishing kerak. Agar bilsang, Xalqaro tanlovga qatnashish har kimga ham nasib qilavermaydi, bolam, – degan edi buvisi dugonalari chaqirib kelganida ular bilan oʻynay olmaganidan xafa boʻlgan Azizaga. Albatta, – bu nasihatlar besamar ketmadi.
Aytmoqchi, Azizaning singlisi ham dastlab rasm toʻgaragiga qatnashgan. Biroq rassomlikdan koʻra musiqaga qobiliyati kuchliligini payqagach, omadini shu yoʻnalishda sinab koʻrishga qaror qildi. Malikabonu ham opasidek sergʻayrat aʼlochi oʻquvchilardan. Sportning karate, suzish turlarida ham yutuqlarga erishdi. U sanʼat maktabida 3-sinf, umumtaʼlim maktabida esa 5-sinfda oʻqiydi. Ayni paytda raqs toʻgaragiga qatnamoqda. Niyati – Aziza opasidek xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlib, 20 yillik pedagog – buvisi ishonchini oqlash.
Opa-singillar tabiatidagi tirishqoqlik, bilimga chanqoqlik buvisi hamda onasidan oʻtgan boʻlsa, ajab emas.
Garchi Aziza kamgap, tortinchoq koʻrinsa-da, chizgan rasmlari uning ichki dunyosi nihoyatda sergʻalayon, shu bilan birga noziktaʼb ekanligidan soʻzlaydi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA