Kitob – hayot koʻzgusi
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 212-maktabning 4-”D” sinf oʻquvchilari “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Kitob – hayot koʻzgusi” mavzusida tadbir oʻtkazdi. Unda nashriyotlar tomonidan jahon va oʻzbek yozuvchilarining bolalar uchun chop etilgan asarlari oʻquvchilarga taqdim etildi.
Bugungi axborot asrida sanoqli soniyalarda internet tarmogʻi orqali istagan maʼlumotlarni topish mumkin. Ammo, bu bilan kitob mutolaasidan cheklanib qolish kerak emas. Negaki, kitob oʻqish orqali inson zehni oʻtkirlashadi, ongi va fikrlash qobiliyati oʻsadi, ezgu xislatlari shakllanib, yangiliklar yaratishga boʻlgan ishtiyoqi oshadi. Oʻquvchilarga yoshlariga mos, oson tushunadigan, qalbida ezgu oʻy-fikrlar uygʻotadigan, toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan kitoblarni tavsiya etish birinchi navbatda ota-ona va kutubxonachining vazifasi. Bu kitobxonlar safini kengayishida katta omil boʻladi. Ana shu maqsadda tadbir ishtirokchilariga Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, Anvar Obidjonning “Meshpolvonning janglari”, “Oltin yurakli avtobola” (Oʻq oʻtmas bolakay), “Oʻgʻirlangan pahlavon”, Hidoyat Olimovaning “Bukri toychoq”, Zamira Ibrohimovaning “Gulbahorning doʻstlari”, Erkin Malikning “Bolaligim ertaklari”, “Nabiramga maktublar”, Dilshod Rajabning “Baxshi bola – yaxshi bola”, Zahro Hasanovaning “Kutilmagan sovgʻa” hamda amerikalik yozuvchi Mark Tvenning “Shahzoda va gado”, “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” kabi asarlarini oʻqish tavsiya etildi.
Tadbir davomida bolalarga moʻljallangan “Guncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi” gazeta va jurnallarini oʻquvchilar dunyoqarashini, salohiyatini oʻstirishi haqida soʻz yuritilib, muntazam oʻqib borish kerakligi taʼkidlandi.
Dilorom NIYOZALIYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi
212-maktab oʻqituvchisi