Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qoʻshqanotlar parvozi

Aziz bolalar! Ushbu suratlardagi tengdoshlaringiz – aka-uka Jahongir va Shohjahon Azimjonovlar sportning Pencak Silat turi boʻyicha uch karra Oʻzbekiston chempioni va Oʻzbekiston kubogi gʻolibi. Suhbat jarayonida Jahongirdan nima uchun aynan shu sport turini tanlagani, uning qiziqishlari haqida soʻradim.

Sinfdoshim Sarvar Abdullayev sport mashgʻulotlariga muntazam qatnar edi. Bir kuni u bilan sport zalga bordim va y yerda shugʻullanayotgan bolalarning harakatlarini kuzatgach qiziqib qoldim.

Pencak Silat sharq yakka kurashlarining yigʻindisi boʻlib, Pencak – himoya, Silat – jangovar harakat, degan maʼnoni bildiradi. Mamlakatimizda bu sport turining toʻrtta yoʻnalishi boʻlib, ular tanding, tungal, regu va ganda deyiladi.

Tanding – jangovar yoʻnalishda ikki raqib bir-biri bilan kurashga tushadi. Unda bosh, umurtqa qismlarga zarba berilmaydi. Tungal – bu yoʻnalishda faqatgina bir kishi ishtirok etib, unda oʻzi egallagan texnikasini koʻrsatadi. Regu asosan – 3 kishi turli xildagi sinxron mashqlari bilan mahoratini namoyish qiladi. Ganda – yoʻnalishida ikki kishi bir-biriga haqiqiy zarba bermay, faqatgina namoyish uchungina maydonga chiqishadi. Bu esa bolalar uchun xavfsiz tur hisoblanadi...

Jahongir Pencak Silat haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlishga harakat qilayotganini, bu sport bilan 11 yoshli ukasi Shohjahon ham shugʻullanishini aytdi.

– Biz bu sport turi bilan 2017-yilning dekabr oyidan Toshkent shahar Olmazor tumani 1-bolalar va oʻsmirlar sport maktabi qoshidagi “Jama Fight” klubi murabbiyi, sport ustasi, koʻp karra Oʻzbekiston va Osiyo chempioni Jamshid Vohidjonov qoʻlida shugʻullana boshladik.

Aka-uka qahramonlarimiz qisqa muddat ichida tuman, shahar miqyosidagi musobaqalarda birinchi oʻrinlarni egallab, 2018-yilda Samarqand viloyatida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston chempionati”ga yoʻllanma olishdi va gʻolib boʻlishdi. Soʻng Toshkent shahrida oʻtgan “Oʻzbekiston kubogi”, Jizzax viloyatida oʻtkazilgan kikboksing boʻyicha ochiq birinchilik musobaqalarida ishtirok etishib, yuqori natijalarga erishishdi. 2019-yilning mart oyida Toshkent shahrida 13 ta davlat sportchilari ishtirokida oʻtkazilgan “Birinchi Markaziy Osiyo ochiq chempionati”da, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida, Oʻzbekiston kubogi musobaqalarida, tuman, shahar va respublika turnirlarida zafar qozonishdi.

2020-yilda Toshkent shahridagi “Universal” sport saroyida 9 ta davlat sportchilari oʻrtasidagi “Sultanʼs Open International Champioship”da ham gʻoliblar safidan joy olishdi. Faxrlisi, Oʻzbekiston chempionatida aka-ukalar 1-oʻrinni egallab, respublika chempionligini qoʻlga kiritishdi. 2021-yilning “Toshkent ochiq chempionati”da Jahongir 1-oʻrin, Shohjahon esa 2-oʻrin sohibi boʻldi. Soʻng Buxoro viloyatining Olot tumanida oʻtgan “Oʻzbekiston chempionati”da ham gʻoliblik shohsupasiga koʻtarilishdi. Shu yilning aprel oyida Namangan viloyatida oʻtkazilgan respublika ochiq turnirida, “Sultanʼs Open II International Champioship” xalqaro turnirida ham yuqori natijalarga erishishdi.

Aka-uka chempionlar hozirgi kunda Olmazor tumanidagi 191-maktabda tahsil olishmoqda. Jahongir 10-sinf, Shohjahon 4-sinfda oʻqiydi. Shohjahon bilan suhbatlashish jarayonida uning xatti-harakatlarini kuzatib, soʻzlarini tinglagach, “Kichkina demang bizni...” degan maqol xayolimdan oʻtdi.

Birinchi sinfda oʻqib yurganimda bir voqea boʻldi. Tanaffus payti yoʻlakda mendan katta bolalar yoʻlimni toʻsib, kostyumimni egnimdan yechib, yerga tashladi. Bittasi esa boʻynimdan boʻga boshladi. Yap-yangi kiyimimni oyoqosti boʻlganini koʻrib, gʻazabdan bilaklarimga kuch kirdi. Boʻynimni siqib turgan bolani zarb bilan tepdim. Soʻng ikkinchisini kurash uslubida yerga qulatib bosdim. Vajohatimni koʻrib, uchinchi bola qochib qoldi. Ertasi kuni oʻsha bolalarning ota-onalari ustimdan shikoyat qilib, maktabga kelishdi. Ustozim meni direktorning xonasiga olib kirganida, koʻpchilik oʻtirganini koʻrib, hayron qoldim. Qarasam, ularning orasida dadam ham bor ekanlar. Oʻsha bolalarning otalari meni koʻrishlari bilan hayron qolishdi va ulardan biri oʻgʻliga: “Shu kichkina bola bilan urishib yurgan boʻlsang, battar boʻl! Uyat senga!” deb xonadan chiqib ketdi. Shundan soʻng ustozim Shoira opa biror sport turi bilan shugʻullanishni maslahat berdilar. Shundan keyin men ham akam bilan mashgʻulotlarga qatnay boshladim.

Hech esimdan chiqmaydi. Jizzaxda kikboksing boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada 10 soniyada raqibimni nokaut qildim. 2018-yil Samarqandda boʻlib oʻtgan turnirda sportning yakka kurash turi boʻyicha ishtirok etib, uchta raqibimni ham muddatidan oldin yengib, gʻalabaga erishdim. Musobaqa yakunida esa hakamlar negadir mendan nokautga uchragan samarqandlik tengdoshlarimga 1-, 2-oʻrin, menga 3-oʻrinni berishdi. Kutilmagan eʼlonni eshitib, hakamlardan qattiq ranjidim. Onam bilan dadamga: Sport bilan boshqa shugʻullanmayman, mashgʻulotlarga ham bormayman, – deb yigʻladim. Toʻgʻrisi, bunday adolatsizlik menga ogʻir botdi. Shunda dadam: “Hali koʻp yutuqlarga erishasan, hayotda shunday nohaqliklar ham uchrab turadi”, – deb dalda berdilar. Oʻsha kunlari murabbiyim Jamshid aka ham menga ruhiy madad berib, qoʻllab-quvvatladilar. Boʻlmasa, allaqachon sportdan ketgan boʻlardim.

 

Ustoz-murabbiyimiz shogirdlariga doimo: “Inson uchun, avvalo, odob, keyin bilim, uchinchi oʻrinda esa sport zarurdir. Agar qaysi biringizda odob va bilim boʻlmas ekan, sport bilan shugʻullanib ovora boʻlmang, mashgʻulotga ham kelmang”, – deb takrorshdan charchamaydilar. Biz bu oʻgitga doimo amal qilamiz...

Jahongir va Shohjahon bilan suhbatlashar ekanman, bu yutuqlar ortida ota-onasining tinimsiz mehnati, gʻamxoʻrligi borligini his etdim.

Imkon qadar farzandarimning kun rejalarini toʻgʻri tashkil qilishga harakat qilaman. Birga shaxmat oʻynaymiz, badiiy kitoblar oʻqib, fikrlashamiz, tahlil qilamiz. Shuni taʼkidlab aytishni istardimki, men shu paytgacha farzandlarimga qoʻl telefoni tutishlariga ruxsat bermadim. Sababi, telefon bolalarning vaqtini oʻgʻirlab, qoʻyadi, – deydi chempionlarning otasi Xayrulla aka.

Oʻgʻillarim Pencak Silat sport turidan tashqari kikboksing, suzish mashgʻulotlariga ham qatnashadi. Ular hattoki oʻzlarini boks turida ham sinab koʻrishdi. Shu yilning oʻzida ikki xil yoʻnalish, yaʼni kikboksing va Pencak Silat boʻyicha 6 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar orasida oʻz vazn toifasida qatnashib, yuqori oʻrinlarni egallashdi. Ayni kunlarda Jahongir sport ustasi, Shohjahon esa sport ustaligiga nomzod normativlarini bajarishdi...

Shu oʻrinda men farzandlarimning ustozlari, sport murabbiyi, Oʻzbekiston va Toshkent shahar Pencak Silat Federatsiyasiga oilamiz nomidan tashakkur aytmoqchiman.

Pencak Silat sport turining yurtimizga kirib kelganiga 13 yil toʻldi. Toʻgʻrisini aytsam, ularning oʻziga xos kiyimi, madaniyati menga juda yoqadi. Ranglari har xil boʻlishi mumkin, ammo eʼtibor berib qaralsa, ajdodlarimizdan meros qolgan kiyinish uslubini eslatadi. Oʻgʻillarim ota-bobolaridek kuchli, zabardast boʻlishlarini istardim. Ular mening faxrim, gʻururimga aylangan – qoʻshqanotlarimdir.

 

 

Biz vaqtdan unumli foydalanib, tinmay yutuqlarga erishayotgan, yurtimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarish uchun intilayotgan aka-uka chempionlarimizga: “Parvozingiz baland va viqorli boʻlsin, qoʻshqanotlar!” – deymiz!

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.