Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Gulxan” kashf qilgan moʻjiza

Maktabda oʻtadigan bir tadbirga tayyorlanish uchun oʻquvchilar bilan yigʻildik. Shunda oʻquvchilarimdan biri qoʻlidagi oʻqilaverganidan varaqlari urinib qolgan “Gulxan” jurnali, bir-ikki dona “Tong yulduzi” gazetasiga ishora qilib, ushbu jurnal va gazetalarda oʻtkazmoqchi boʻlgan tadbirimiz mavzusiga oid sheʼrlar va qimmatli maʼlumotlar borligini aytdi.

Bolalar nima uchun yigʻilganlarini ham unutib, gazeta va jurnallarni oʻqishga kirishib ketdi. Ular chehrasidagi qiziqish va mamnunlikni koʻrib, “Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” nashrlari oʻquvchilar uchun suv bilan havodek zarur ekanligini his qildim.

Men 30 yillik tajribaga ega oʻqituvchiman. Mana shu davrda koʻp kuzatdimki, oʻquvchilar obuna boʻlgan nashrlarini intiqib kutishardi. Ularda chop etilgan sheʼrlarni yod olishar, hikoyalarni oʻqib, bahslashar, dolzarb mavzudagi maqolalardan kerakli xulosalar chiqarishar, xullas, oʻzlari uchun foydali maʼlumotlarga ega boʻlishardi. Tengdosh oʻquvchilar ijod namunalaridan ilhomlanib sheʼr, hikoya yozib, tahririyatga joʻnatishar edi. Mashqlari gazeta va “Gulxan” jurnali sahifalarida eʼlon qilinganidagi xursandliklarini esa asti qoʻyavering.

Jurnal ijodkorlari ham erinmasdan bolalar yuborgan maktublarga javob yoʻllashar, jurnal sahifalarida oʻquvchilar yozib yuborgan sheʼr, hikoyalarini sinchiklab tahrir qilib berishardi. Bu esa oʻquvchi isteʼdodi uchun katta ragʻbat edi. Axir, bularning hammasi toʻlaligicha maʼnaviyat emasmi?! Esimda, bundan bir necha yil ilgari zimmamga anchagina tartibsiz, shoʻx, toʻpolonchi oʻquvchilar oʻqiydigan sinfga rahbar boʻlish vazifasi tushdi. Oʻshanda ular bilan jiddiy shugʻullanishga kirishdim. Oʻquvchilarni turli tadbir va tanlovlarga qatnashtirib, erishgan katta-yu kichik muvaffaqiyatlari haqida “Gulxan” jurnaliga yozib joʻnatdim. Maqola jurnalda suratlari bilan birga eʼlon qilindi. Shundan soʻng oʻquvchilarimga, bizni endi butun respublikadagi teng doshlari tanishi, bizga havas qilishi haqida aytib, bundan keyin shunga munosib boʻlishimiz lozimligini tushuntirdim. Bu gaplar va maktabdoshlarining oʻquvchilarimdan “Siz “Gulxan”da chiqdingiz-a?” – deb havas bilan soʻrashlari ularga shu darajada taʼsir qildi-ki, keyinchalik xuddi shu sinfdan turli bellashuv va tanlovlarning tuman, viloyat, hatto Respublika bosqichlari gʻoliblari yetishib chiqdi. Bir vaqtlar toʻpolonchi boʻlgan sinf maktabning eng namunali sinfiga aylandi. Eh-he, bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Xulosa oʻrnida aytmoqchimanki, “Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” nashrlari oʻquvchilarning bilimini oshiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan cheksiz maʼnaviy olamdir. Afsuski, keyingi paytlarda maktabda bolalar nashriga eʼtibor bir muncha susayib qoldi. Vaholanki, bugungi kun bolasining kelajakda qanday inson boʻlishi, jamiyatda nechogʻlik oʻrin tutishi ana shu olamga chambarchas bogʻliq. Shunday ekan qadrli ustozlar, aziz ota-onalar! Farzandlarimiz maʼnaviyatdan bahra olib ulgʻayishlari uchun jon-u jahdimiz bilan harakat qilaylik. Ularni qoʻliga jurnal tutaylik.

 

Shozoda JABBOROVA,

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi

43-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.