Qadriyat
Bepoyon va serquyosh Oʻzbekistonmizning har bir ziyo maskanlarida bayram va tadbirlar oʻzgacha shukuh va koʻtarinki kayfiyatda oʻtishi yurtimiz tinchligi va osoyishtaligidan.
Ana shunday bayramlardan biri 9-may – Xotira va qadrlash kuni ham yurtimizda tinchlikka, qadriyatga ehtirom sifatida nishonlanadi.
II jahon urushi veteranlari, mehnat faxriylari bilan boʻlgan uchrashuvlar ishtirokchilari tinchlikning nechogʻlik ulugʻ neʼmatligini, mehnat faxriylarining hikoyalaridan bobo-buvilarimizning jamiyatimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun qoʻshgan hissalarini chuqurroq anglab yetmoqdalar. Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 236-umumtaʼlim maktabida ham bu borada ancha ishlar amalga oshirildi. Maktabimizning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha rahbar oʻrinbosari Davron Shukurov, 2-”A”, 4-”B” sinflar rahbari Dilfuza Sulaymonova hamda musiqa oʻqituvchisi Latofat Yusupova, Yoshlar ittifoqi maktab boshlangʻich tashkiloti raisi Malika Sobirovalar tashabbusi bilan aʼlochi va jamoatchi oʻquvchilar 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan maktabimizda koʻp yillar davomida yosh avlodga taʼlim-tarbiya bergan fidoyi ustozlarni yoʻqlab borishdi. Oʻz sheʼr, kuy, qoʻshiq va raqslari bilan ularni xushnud etdilar.
Oʻzbek degan millat bor ekan, ulugʻ allomalarimiz, ota-bobolarimizni, fidoyi ustozlarni xotirlashdek buyuk qadriyatlarimiz davom etaveradi.
Zero, xotira va qadrlash millatimizning yuksak insoniy fazilatlaridan sanaladi.
Latofat YUSUPOVA,
Uchtepa tumanidagi 236-maktab oʻqituvchisi