Xayr, jonajon maktab
Maktab – bilimlar maskani. U bizni oʻn bir yil oʻz bagʻrida aqlan va jismonan ulgʻaytirdi, bilim berdi, asrab-avayladi, katta hayotga tayyorladi.
Tegrasi togʻlar bilan oʻralgan tabarruk oshyon – bu mening qadrdon maktabim. Faxrlansam arziydi, oʻz bagʻridan ne-ne buyuk insonlarni uchirma qilgan soʻlim Angren shahridagi 4-maktabning bitiruvchisiman! Oʻtgan yillar mobaynida bir qator tanlovlarda ijobiy natijalarga erishdim. Ota-onamni quvontirib faqat aʼlo baholarga oʻqidim.
Bularning zamirida jonkuyar ustozlarimning mashaqqatli mehnatlari yotibdi. Bizga kerakli shart-sharoitlarni yaratib bergan maktab rahbari Ravshan Hasanov, onamizdek jonsarak ustozim Mahfuza Nodirova va barcha jonkuyar oʻqituvchilarimizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Nasib qilsa, shu yil oliy oʻquv yurtiga grand asosida oʻqishga kirib, ustozlarim yuzini yorugʻ qilaman. Ushbu maskanda jonajon oʻqituvchilarimning ishonchiga, eʼtirofiga sazovor boʻlgan, qadrdon doʻstlarimning mehriga loyiq topilgan baxtiyor qiz sifatida ustozlarim va maktabdoshlarim faxri boʻlishga, ona Vatanimizga munosib farzand sifatida sidqidildan xizmat qilishga harakat qilaman.
Muxlisa ALISHER qizi