Muhim masala
Bugun bolalarni kitobga, kitobxonlikka yoʻnaltirish muhim masalaga aylandi. Sababi aniq, XXI asr bolalari kompyuter, televizor va telefonga qattiq bogʻlanib qolishmoqda. Ularning maʼnaviy va ruhiy salomatligini asrash, yetuk va barkamol inson qilib tarbiyalash uchun bolalarning qoʻliga qiziqarli kitoblar bilan birga rang-barang jurnallar ham tutishimiz shart deb oʻylayman. Yaqinda Prezidentimizning maʼnaviyat va maʼrifat haqidagi nutqlarini eshitib, nihoyatda, quvondim. Men 20 yildan buyon boshlangʻich sinflarga dars beraman. Shu vaqt mobaynida yuzlab oʻquvchilarni oʻqitib, yuqori sinflarga kuzatdim. Ularning ota-onalari bilan tanishdim, bolalarni turli fanlarga qiziqtirish uchun hamjihatlikda ishladim. Oʻtgan yili 4-sinflar orasida oʻtkazilgan “Kitobxonlik tanlovi”da mening oʻquvchilarim tumanda birinchi, shahar miqyosida ikkinchi oʻrinni egallashdi. Albatta, buning uchun ular bilan koʻproq shugʻullanishga toʻgʻri keldi. Ular tanlovga deb koʻproq sheʼr va gʻazallar yodlashdi, kitobxonlikka oid boshqotirmalarni yechishdi. “Boʻrining tabib boʻlgani haqida”gi ertakni esa sahnalashtirdik. Bolalar tayyorgarlik jarayonida kitob oʻqishga, sheʼrlar yodlashga shunday berilib ketishdiki, natijada, eng bilimdon, eng zukko kitobxonga aylanishdi.
Oʻquvchilarim orasida yosh muxbirlar, havaskor rassomlar bor. Ular “Tong yulduzi” gazetasida qatnashib turishadi. Men dars davomida bolalar nashrlaridan unumli foydalanaman. Maqsadim, elektron texnologiyalar rivojlangan bir paytda shogirdlarimni kitoblardan, bolalar uchun chop etilayotgan nashrlardan uzilib qolishlariga yoʻl qoʻymaslikdir.
Ozoda BERDIYEVA,
Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi
283-maktab oʻqituvchisi