Oʻquvchining koʻzgusi
Farhod jamoat ishlarida ancha faol, oʻzlashtirishi ham yaxshi. Ammo men uni yaxshi oʻquvchilarim qatoriga qoʻsha olmasdim... Negaki, u biroz shoshqaloq, pala-partish. Yozuvi xunuk. Bu uning nafaqat yozuv, balki matematika, ingliz tili, “Atrofimizdagi olam”dan tutgan daftarlari, hatto kundaligida ham lop etib koʻzga tashlanib, yaxshi oʻquvchi emas, deganday boʻlaverardi. Bu fikrdan qutulish uchun Farhod va unga oʻxshash yana ikki-uchta oʻquvchim bilan alohida shugʻullanishga qaror qildim. Ishni tartibli yozishni oʻrgatishdan, kundalik reyting daftarining asl vazifasini tushuntirishdan boshladim.
– “Kundalik reyting daftari” oʻquv yili davomida yuritiladigan yarashiqli hamda chiroyli husnixatdan iborat atributgina emas, balki u sizning kundalik hayotingiz haqida maʼlumot beruvchi ichki hujjat. Ustoz, ota-onangiz uni varaqlab turib xulq-atvoringizni, fanlarni qay darajada oʻzlashtirayotganingizni, hatto oʻquv quroliga munosabatingizni ham bilib olishadi. Toʻgʻri, bunda sinf rahbari sifatida mening ham aybim bor. Chunki avvalroq kundalikni qanday yuritayotganingizga jiddiy eʼtibor berishim kerak edi. Endi siz bilan birga men ham rahbariyatdan gap eshitaman. Qarang, mana bu, – dedim Farhodning muqovasiga chizilgan aji-buji rasmga ishora qilib, – Farhodning rassomligini emas, balki oʻquv quroliga nisbatan eʼtiborsizligi, masʼuliyatsizligini koʻrsatadi. Hech qachon kundalikka, kitob-daftarga rasm chizmang. Ahror boʻlsa hali oʻquv yili yarimlamasdan toʻrtinchi daftarni tutibdi. Bu uning otasi mehnatini qadrlamasligini, isrofgarligini koʻrsatadi. Demak siz bilan chiroyli yozishnigina emas, tejamkorlikni ham oʻrganamiz.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun oʻquvchilarim orasida “Toʻgʻri yozibsizmi?”, “Kimning xati chiroyli?” “Husnixatimizni solishtiramiz” kabi musobaqalar oʻtkazdim. Gʻoliblarning daftarlaridan koʻrgazmalar tashkil qildim. Natija yomon boʻlmadi. Bir oy ichida Farhod ham Muborak Hayitboyeva, Hojiasqar Saydullayev kabi chiroyli, bexato yozadigan oʻquvchilarim safidan joy oldi. Eng muhimi, bu uning feʼl-atvorida ham sezildi.
Yana bir gap, oʻquvchilarimning daftar muqovasiga ularni tugʻilganlik guvohnomasida FXDYO xodimlari grammatik xatolar bilan yozgan (Ishmatov emas Eshmatov, Sapar emas Safar kabi) ism-sharifini maktab maʼmuriyati bilan kelishib, yangi oʻquv yili oldidan alohida daftar yuritib, sinf hujjatlariga qoʻshimcha ravishda toʻgʻrilab, qayd etib boramiz.
Xulosa qilib aytganda, daftar, umumiy daftar, kundalik oʻquvchining koʻzgudagi aksidir. Shunday ekan, fan oʻqituvchilari, sinf rahbari, ota-onalar ana shu oʻquv qurollarining namunali yuritilishini nazorat qilib borishlari kerak.
Mavluda SUYAROVA,
Gʻallaorol tumanidagi 22-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi