Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sirli sovg‘a

– Bolalar, qaranglar, Sohib o‘zining gavdasini o‘zi ko‘tarolmayapti! Vah-hah-ha!

Shodiyorning zaharli qahqahasi Sohibjonga juda og‘ir botdi. Turnikdan tusha solib, bu masxarabozning yoqasidan olmoqchi bo‘ldi. Lekin shu tobda boshqa bir bola ham shunday xoxolab kuldiki, Sohibjon qattiq mulzam bo‘lib qoldi. Chunki u – eng yaqin o‘rtog‘i Akrom edi.

Jismoniy tarbiya darsida yugurish bo‘yicha hammadan ortda qolgani yetmagandek, turnikka ham yaxshi tortila olmagan Sohibjon uyiga xomush qaytdi. Yomon bahoni bir kun kelib tuzatsa bo‘lar, biroq yaqin o‘rtoqlari mazax qildi-ya. Shunisi alam qilardi unga.

Kela solib, sumkasini ayvonga otdi-da, u yerda ish tikib o‘tirgan onasiga parvo ham qilmay, xonasiga kirib ketdi.

O‘g‘lining bu “g‘alati” qilig‘idan Oysara xola cho‘chib tushdi. Tikuv mashinasining tagiga kelib tushgan sumkani olib, sekin stol ustiga qo‘ydi. Bir ko‘ngli: “Ortidan kirsammikan”, dedi. “Nima bo‘ldi ekan? Ko‘chadan u-bu kim bilan urishib keldimi? Unday desam, kiyim-boshi joyida. Ishqilib, biror kor-hol yuz bermagan bo‘lsin-da!”. Ona ming o‘y-xavotir bilan o‘g‘lining xonasiga kirdi.

– Sohibjon, bolajonim, senga nima bo‘ldi? O‘qishingga yaxshi borib keldingmi?

Maktab liboslarini ham yechmay, karavotiga uzala tushgan Sohibjon yuztuban yotgan ko‘yi: “Assalomu alaykum...”, deb g‘o‘ldiradi. So‘ng o‘zining tovushidan o‘zi uyalib: “Nima deysiz, ona?” deb qo‘shib qo‘ydi ovozini yo‘g‘onroq qilib.

– Tinchlikmi, bolam, biror joying og‘riyaptimi? – Oysara xola karavot boshiga borib, o‘g‘lining sochlarini siladi. Onasining mehr to‘la so‘zlari, qo‘llaridagi iliq harorat Sohibjonni eritdi.

– Onajon, – dedi yuzini unga burib. – Nega men... Shunchalar kuchsizmanmi, onajon, ayting. Boshqalardan kam joyim bormi mening?

– Nega bunday deysan, qo‘zichog‘im?

Sohibjon bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Ammo ikki o‘rtog‘i o‘zining ustidan kulganini atay qoldirib ketdi – aytmadi. Onasining “O‘g‘lim chaqimchi, ojiz bola bo‘lib qolibdi” deb o‘ylashidan cho‘chidi.

Oysara xola o‘g‘lining gaplarini bir nuqtaga tikilgancha jimgina tingladi. Xayolidan: “Rahmatli otasi hayot bo‘lganida, bolam hammadan kuchli bo‘lardi”, degan fikr o‘tdi. Xo‘rsindi.

Umr yo‘ldoshi Ibrohim aka polvon odam edi. Sohibjon uch yoshga to‘lganida, o‘g‘lim katta bo‘lsa, sportchi qilaman, deb turli anjomlar olib kelgandi. Oysara xola ularni ko‘rib “Polvoningizga hozir bular nimaga kerak, unga o‘yinchoq olib kelsangiz bo‘lardi”, deb o‘pkalangan bo‘lsa-da, baribir ich-ichidan sevingan edi. Hozir shularni xotirlar ekan, beixtiyor lablariga tabassum yugurdi.

– Qiziqsiz-a, ona? – dedi Sohibjon mehribonining bu ahvolini ko‘rib. – Ko‘zlaringiz yig‘lab turibdi-yu, lablaringiz kuladi-ya?

Oysara xola ko‘zlari yoshlanganini shunda sezdi. Ro‘molining uchi bilan apil-tapil yoshini artib, o‘rnidan turdi:

– Sohibjon, men bilan yur-da.

– Nega?

– Sen yuraver, keyin bilasan. – U o‘g‘lini uyning chordog‘iga qo‘yilgan narvon oldiga boshlab bordi.

– Bu yerda nima qilamiz, ona? – hayron bo‘ldi Sohibjon.

– Ma, manavi kalitni ol-da, tepaga chiq. Burchakdagi eski sandiqcha bor-ku, o‘zing “Buning ichida nima bor?” deb qo‘ymas eding. Hozir ochib ko‘rasan, nima borligini...

Sohibjon yuragi dukillab, avval hech qachon tuymagan bir hayajon bilan narvonga oyoq qo‘ydi. O‘ziga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan ko‘tarilar ekan, onasining bir paytlar aytgan gapini esladi: “Bolam, otang uzoqlarga safarga ketgan. Katta bo‘lganingda senga ko‘p sovg‘alar olib kelmoqchi. Faqat sen esli-hushli, bilimli bola bo‘lishing kerak, xo‘pmi?”

O‘shanda Sohibjonning bo‘yi bir gaz o‘sgan, kun bo‘yi o‘rtoqlariga maqtanib yurgan edi: “Mening ham otam bor, u uzoqqa safarga ketgan. Qaytishida menga ko‘p sovg‘alar olib kelmoqchi”.

Yillar o‘tdi. Sohibjon esli-aqlli, bilgir yigit bo‘ldi. Bugun otasining uzoqqa safarga ketgani-yu, hech qachon qaytib kelmasligini yaxshi biladi. Biroq hamon xayoli onasi aytgan o‘sha sirli sovg‘ada edi. Mana, bugun o‘sha orzusi ushaladiganga o‘xshayapti...

U shirin entikish bilan chiqib, sandiqchani ochdi. Uning ichi to‘la sport anjomlari ekan! Bir juft gantel, bog‘ichlari uzun krossovka, butsi, futbol to‘pi, bir juft raketka va tennis koptogi... Bari yap-yangi, xuddi kecha olingandek yaltiraydi. Ularni olib tushar ekan, onasining quchog‘iga otildi.

– Onajon, shularmi siz aytgan sovg‘alar!

– Ha, bolajonim, shular edi.

– Onajon, bir narsa aytsam maylimi?

– Aytaqol.

– Men sportchi bo‘lmoqchiman!

Oradan ikki yil o‘tib, Oysara xola maktab ma’muriyatidan maktub oldi. Unda: “Muhtaram Oysara opa! Farzandingiz Sohibjon Ibrohim o‘g‘li 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan sport musobaqasida milliy kurash bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shunday mard, pahlavon o‘g‘ilni tarbiyalaganingiz uchun sizga tashakkur bildiramiz”, – degan so‘zlar bor edi.

Sohibjon uyiga ushbu minnatdorlik maktubi bilan birga maktab terma jamoasi safida futbol bo‘yicha tuman birinchiligida qatnashajagi haqidagi xushxabar bilan qaytdi.

 

Elmurod NISHONOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.