Siz ham sinab ko‘ring
Aziz tengdoshim! Bugun bot-bot quloqqa chalinayotgan innovatsiya atamasi haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishni, undan siz ham foydalanishni istaysizmi? To‘g‘ri, uning ma’no-mazmuni ancha keng. Ammo hayotimizdagi kichik bir holatga innovatsion yondashib, uni o‘zimizda sinab ko‘rishimiz, aytaylik, hatto biror yutuqqa-da erishishimiz mumkin. Qanday, deysizmi?
Men sizlarga hayotimda ro‘y bergan voqea, aniqrog‘i o‘zim yasagan kichik innovatsion qurilma haqida so‘zlab bersam. Nima bo‘ldi-yu, bir kuni xayolimda hech qanday xarajatsiz ishlaydigan kichik GES yaratish g‘oyasi tug‘ildi. U unchalik katta bo‘lishi shart emas, shunchaki past kuchlanishli elektr chiroqlarini tok bilan ta’minlasa bo‘ldi, deb o‘yladim. Keling, bu ishni siz bilan yana qaytadan bajarib ko‘ramiz.
Ishni, avvalo, generator tanlashdan boshlaymiz. U elektr toki ishlab chiqaradigan asosiy qurilmamiz bo‘ladi. Buning uchun yaroqsiz holga kelib qolgan DVD yoki audiomagnitofon topishimiz zarur. Bizga uning ichidagi, tasmani aylantirishga xizmat qiladigan kichik dvigatel kerak. Uning ikki yoniga 12 volt kuchlanishda ishlaydigan LED chiroqchasini ulab, dvigatel o‘qini qo‘l yordamida aylantirib ko‘ramiz. Agar chiroqcha yonsa, dvigatel generator sifatida tok ishlab chiqarmoqda. Bu esa biz kutgan voqea.
Keyingi ishimiz elektrpayvandlashda qo‘llaniladigan, uzunligi 40 sm., aylana diametri 3,2 mm. li elektrod simini topish. Uning bir uchiga aylana o‘yma yo‘lak (rezba) ochib dvigatel o‘qiga qattiq rezina shlang yordamida tutashtiramiz. Maqsad dvigatel o‘qini uzaytirib olish. Uzaytirilgan o‘qning aylana o‘yma yo‘lakli uchiga mos keluvchi boltlar yordamida kompyuterlardan chiqarib tashlangan diametri 7 sm. li parrakni qotirib qo‘yamiz. Shundan so‘ng uzunligi 70 sm, ko‘ndalang kesimi 1x4 sm o‘lchamga ega taxtacha topib, unga dvigatelni rasmda ko‘rsatilganidek o‘rnatamiz. Parrak aylanayotganda surilib ketmasligi hamda uni bir muvozanatda tutib turishi uchun taxtachaning uchki qismiga kichik teshikli tayanch to‘sig‘ini qo‘yamiz. So‘nggi ishimiz plastmassadan konus shaklida soyabon yasab, uni taxtachaga (parrakning old qismiga) 5-rasmda ko‘rsatilganidek joylashtiramiz.
Xo‘sh, endi bu qurilma qayerda, qanday ishlaydi, deb o‘ylayotgandirsiz. Kichik ixtiromizni kichik ariq yoki suv yo‘laklarining suvi tez oqadigan har qanday joyiga o‘rnatishimiz mumkin. Oqimga nisbatan shitob bilan tushayotgan suv parrakka urilgach, uni katta tezlikda aylantira boshlaydi. Natijada generator ishga tushib kerakli elektr toki ishlab chiqaradi. Shu yerda plastmassali soyabon haqida aytib o‘tsam. U suvning oqim tezligini sezilarli darajada oshirish bilan birga suv sathi ko‘tarilgan vaqtda go‘yo charxpalak kurakchalari singari generatorni yuqoriga ko‘taradi yoki aksincha holatda pastga tushib parrakni suvda bir maromda ishlashini ta’minlaydi.
Bunday mitti GESlar elektr toki yetib bormagan yerlarda, dala uylarida juda asqotadi. Undan yoritish, radio tinglash hamda ko‘plab xizmatlarda foydalanish mumkin. Muhimi, quvvat ehtiyoji 12 voltdan oshmasa bo‘lgani.
Maftuna Yo‘ldosheva,
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 28-maktab o‘quvchisi