Kavsar Turdiyeva
Bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva 1958-yil 6-avgustda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi.
1975-yili Chilonzor tumanidagi 201-maktabni oltin medal bilan tugatdi va ToshDU (Hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi. So‘ng Leningrad (Hozirgi Sankt-Peterburg) davlat universitetida o‘qishni davom ettirdi (1981).
Kavsar Turdiyeva O‘zbekiston fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. Toshkent Davlat pediatriya tibbiyot institutida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Hozir shu institutda kafedra mudiri lavozimida xizmat qiladi. K. Turdiyeva yoshligidan bolalar adabiyotiga qiziqdi. Ilk she’ri o‘quvchilik yillari “Tong yulduzi” gazetasida bosildi. Birinchi kitobi “Varrak” 1983-yili nashr etildi. Shundan so‘ng “O‘ynayapman, o‘ylayapman” (1987), “Qush bo‘lib uchgan ona” (1994), “Raqamlar bo‘ylab sayohat” (2002) kitoblari bosmadan chiqdi.
Bolalar dramaturgi sifatida “Toshkesaklar mamlakatida” degan sahna asarini yaratdi. U Samarqand qo‘g‘irchoq teatri tomonidan sahnalashtirilib, qo‘g‘irchoq teatrlar festivalida 1-o‘rinni oldi.
“Botu nidosi” (2004), “Mitti qo‘g‘irchoqboz” (2007), “Quvnoq alifbo olamiga sayohat” (2008), “Sog‘inchlar sochilgan bekatda” (2011), “Dunyoni saqlang, bolalar” (2012) kabi she’riy to‘plamlari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.
Kavsar Turdiyeva ssenariychi sifatida faol ishlamoqda. Chunonchi, “Zumrasha” (1997–2001) kinojurnalida uning ssenariylari asosida o‘nga yaqin lavhalar suratga olingan. U uch yuzdan ortiq qo‘shiqlar muallifi, o‘zbek va rus tillarida ijod qiladi. K. Chukovskiy, S. Marshak, L. Barbas, R. Farhodiy she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
2009-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining g‘olibi bo‘ldi. 2010-yil yakunlari bo‘yicha “Bolalarning sevimli shoirasi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.