Yuksalishga qanot bergan kuch
Shu kunlarda mamlakatimizning har bir go‘shasida Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami keng nishonlanmoqda. “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi bu qutlug‘ bayram barchaga yuqori kayfiyat, ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
Har yili ulug‘ ayyom arafasida yangi bunyod etilgan bog‘cha, maktab, turar-joy binolari, uzoqni yaqin qiluvchi ko‘priklar va boshqa inshootlarning ishga tushirilishi, egalariga topshirilishi an’anaga aylangan. Bu yil ham xuddi shunday bo‘ldi. Vatanimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi yangi o‘quv yilining boshlanishi – “Bilimlar kuni” tantanalariga ulanib ketdi. Barcha viloyat va tumanlarda yangi qad rostlagan, kapital ta’mirdan chiqib ko‘rkam qiyofaga kirgan maktablar bolalarni quchoq ochib qarshi oldi.
Bir kelsa qo‘sha-qo‘sha, deganlaridek, istiqlol tantanalari Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumani bilan davom etdi. Hozirda ajdodlar an’analarini davom ettirish, san’at orqali tinchlik, do‘stlik, ahillik, qardoshlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari yurtimiz ziyolilari bilan o‘tgan uchrashuvda “Biz xalqimizning noyob merosi bo‘lgan maqom san’atini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish, kerak bo‘lsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak”, deb aytgan edi. Ana shu so‘zlarning amaliy ifodasi sifatida qariyb bir hafta davomida vatanimizning go‘zal va betakror maskanlaridan biri, 2700 yillik ko‘hna tarixga ega Shahrisabzning Amir Temur bobomiz bunyod etgan Oqsaroy maydonida Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazildi. Unda dunyoning 73 davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchi mehmonlar qatnashdi. Ularning orasida nafaqat o‘z yurtida, balki jahon miqyosida ham mashhur xonanda va sozandalar, madaniyat va san’at arboblari, musiqashunos olimlar bor edi. “Xalqimiz badiiy tafakkurining mahsuli bo‘lgan “Shashmaqom”, ya’ni olti maqomni, olti azim daryoga qiyoslash mumkin”, dedi Prezidentimiz anjumanning ochilish marosimidagi nutqida.
Xalqaro anjumanning asosiy g‘oyasi maqom tarixi, uning betakror ijro uslubi va boy ijodiy an’analarini kelajak avlodga yetkazish va davomiyligini ta’minlashdan iborat. Televizor orqali kuzatib borgan bo‘lsangiz, festivalning har bir kuni qiziqarli va o‘ziga xos bo‘ldi. Besh kun mobaynida maqom san’atining muxlislari, xorijdan kelgan mehmonlar, san’atkorlar, ishtirokchilar bu san’atning betakror navolaridan bahramand bo‘ldilar. Mehmonlar ushbu anjuman bahona xalqimizning urf-odatlari, yashash tarzi bilan ham yaqindan tanishishdi, mehmondo‘stligimizdan behad xursand bo‘lishdi. Eng muhimi, ushbu katta anjumanda Farg‘ona viloyatidagi “Sanoi nafisa” nomli maqom ansamblining eng yosh a’zolari – Rishton tumanidagi 26-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Sodiqjon Soliyev, Toshloq tumanidagi 22-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari Jamoliddin Alijonov, Shukronabegim Odilovalar ham o‘z mahoratlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ular ijrosidagi maqom qo‘shiqlari ishtirokchilarga nihoyatda manzur bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida “Shashmaqom”, “Katta ashula” insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YUNESKOning Jahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilganini yaxshi bilamiz. Bo‘lib o‘tgan anjuman dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaydi. Bundan buyon ham turli millat vakillari bir-birining san’ati, tarixi, milliy urf-odatlari, noyob obidalari bilan yaqindan tanishib boradilar.
Har ikki yilda bir marta Shahrisabzda o‘tkazilishiga asos solingan ushbu Xalqaro maqom san’ati anjumani barcha ezgu niyatlarning boshlanishi bo‘lib tarixga muhrlanadi.
Zahro HASANOVA