Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sohibqiron saltanatida

Qadrli o‘quvchilar, siz darsliklar va ustozlaringiz sabog‘i orqali Amir Temur bobomizning hayoti, uning yurishlari, jahon tarixida tutgan o‘rni, insoniyat tamaddunidagi buyuk xizmatlari, davlatchilik siyosati, boqiy merosi va tarixiy qudrati haqida juda ko‘p marotaba eshitgansiz, o‘qigansiz. Qolaversa, buyuk bobomiz haqida asrlar osha xalqimizning tilidan tiliga ko‘chib shu kungacha yetib kelgan talaygina hikoyat va rivoyatlar ham borki, ular haqida qayta-qayta eslamaslikning iloji yo‘q.

Gulxan”ning qo‘lingizdagi aprel sonini tayyorlayotganimizda qo‘shni tahririyatdagi yosh qalamkash do‘stimiz A. Xudoyberganov bizga Amir Temur haqidagi quyidagi kichik hikoyatni yozib kelib topshirdi. Uni o‘qidimu Jahongir bobomiz haqidagi boshqa ma’lumotlar yodimga tushdi va ularni siz ham qiziqib o‘qishingizga ishondim. Marhamat, tanishing.

 

To‘g‘ri tadbir

Shavkatli Amir Temur Dehli qal’asiga yaqinlashganda xabarchilar unga hindlar oldinda ikki yuzta quturgan fil va yana son-sanoqsiz lashkari bilan kutib turgani haqida xabar yetkazishadi. Shunda Amir Temur, jangchilarim fillarni ko‘rib vahimaga tushib qolmasmikan, deb o‘ylanib qoladi. Chunki askarlari birinchi marta fillar bilan to‘qnash kelishi edi. U o‘ylab-o‘ylab, oxiri hiyla ishlatishni ma’qul ko‘radi. Qachonki fillar ular ustiga yurish boshlaganda oldindagi jangchilar tik turuvchi uchi o‘tkir qurollarni yerga tashlashni va qochishni buyuradi. Bu qurollar fillarning oyoqlariga kirib, oldinga yurolmay qoladilar. Sohibqiron yana fillar tuyadan ham cho‘chishini eshitgandi. Shunga ko‘ra yuzta tuyaning ortiga xashak bog‘lab olov yoqishni va oldinga haydashni amr etadi. Bu usul ish berib, bo‘kirib kelayotgan olovli tuyalarni ko‘rgan fillar filbonlarini uloqtirib orqasiga qaramay qocha boshlaydi. Ortida turgan lashkarlarini yanchib, toptab tashlashadi. Shunday qilib, Amir Temur hindlar ustidan g‘alaba qozonadi.

Bu hikoyat menga Ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning “Amir Temur” nomli kitobida Sohibqiron ilk marotaba fillarni qanday qilib Samarqandga olib kelganini yodimga soldi. Samarqand ahli Sultoniyadan g‘alaba bilan qaytib kelayotgan Amir Temur va uning askarlarini munosib qarshilash uchun ko‘chalarga chiqadi. Dastavval qator musiqachilar guruhi doira, karnay-surnay navolarini chalib maydondan o‘tadilar. Ular orasida masxarabozlar ham tomosha ko‘rsatib xalqni muborakbod etadilar. So‘ngra Dehlidan o‘lja qilib keltirilgan fillar olib o‘tiladi. Umrida bu qadar bahaybat jonivorni ko‘rmagan odamlarning hayratdan og‘zi ochilib qoladi. Ular fillar haqida o‘z bilgan-eshitganlarini bir-birlariga turlicha izohlashadi:

– Bu hayvonning terisi shunchalik qalin ekanki, uni na qilich kesar, na o‘q o‘tar ekan.

– Aytishlaricha, xartumi bilan ming yillik daraxtlarni qo‘porib, odamning boshiga solar ekan.

– Urush paytida bu fillar oldinga qarab yugurar, xartumi bilan piyoda va suvoriylarni osmonga uloqtirar, tovonlari bilan majaqlab tashlar ekan.

Shu payt kutilmaganda fil xartumini ko‘kka cho‘zib na’ra tortib yuboradi. Hozirga qadar bunday tovushni eshitmagan aholi ushbu qichqiriqdan qo‘rqib qocha boshlaydilar, ayrimlari quloqlarini berkitib oladilar. Maydonning narigi boshida esa oppoq ot minib olgan Amir Temur paydo bo‘ladi. Butun maydonni qarsak va olqishlar sadosi qamrab oladi. Zafar liboslarini kiyib olgan Sohibqiron boshini tik tutgancha bayramona bezatilgan ot ustida qoyadek mag‘rur o‘tirardi.

 

Ot yigitning qanoti

Amir Temur saltanatida otlarga alohida hayotiy kuch sifatida qaralgan. Erishilgan g‘alabalarining asosiy qudrati ham mana shu otlar bilan bog‘liq, deb ta’kidlangan. Ot uyurlari mamlakatga tegishli hududdagi poyonsiz o‘tloqlarda boqilgan. Uning har bir uyuri yuz mingdan yigirma marta ko‘proq bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor. Buyuk sarkarda umrining asosiy qismi ot ustida o‘tgan. Uning jangchilari asosan otliq-suvoriylardan iborat bo‘lib, jangga ketayotgan har bir askar o‘zi bilan yana bittadan qo‘shimcha zahira ot olgan, minib ketayotgan oti charchasa, narigisiga almashgan. Otni almashish usuli uzoq masofani belgilangan muddatdan tezroq bosib o‘tish imkonini bergan. Faqat zaxira otlar tufayligina kecha-yu kunduz harakatlanish mumkin bo‘lgan. Uzoq masofalar ana shu usulda bosib o‘tilgan. Sohibqiron bir mamlakatga hujum qilmasdan avval otlar uchun sumbul o‘simligini olishni buyurar ekan. Bu o‘simlik bilan jangchilar otlarning lunjini artishlari kerak edi, o‘shanda otlar pishqirmas ekan. Uzoq yo‘l bosib manzilga yetib kelgan otlar to‘xtash joyini avvaldan his etib pishqirish odati bor. Bu esa dushman poyloqchilarining e’tiborini tortishi mumkin edi. Otliq askarlarni yengish piyodalarni yengishdan ko‘ra mushkul bo‘lgan. Shuning uchun Amir Temur otliqlarni ko‘paytirgan. Jang paytida ham o‘z askarlariga dushmanning otliq askarlarini safdan chiqarishga buyruq bergan. Sohibqiron haqida yozilgan asarlardan birida shunday jumlalar bor: “Kecha-yu kunduz to‘xtamay ot surdik. Faqat otlarimizning horiqqanligi sezilgandagina qisqa muddatli to‘xtab, bir oz fursat dam olar edik. Jangchilarimiz zaxira otlarga almashgandan so‘ng yana yo‘lga tushardik. Uzoq masofalarni qisqa muddatlarda ziyon-zahmatsiz bosib o‘tishda otlarni qanday oziqlantirib, qay yo‘sin chanqog‘ini bosish ham muhim ahamiyatga ega edi. Men va mening sarkardalarim bu borada katta tajribaga ega edik. Otlarni qongunicha sug‘orib bo‘lmaydi. Agar shunday qilinsa, ularning yurak qismida sanchiq paydo bo‘lib, tezda safdan chiqadi. Sutkasiga ikki marta oz-ozdan ozuqa berilsa – bas, ochlikdan sulayib qolmasa bo‘lgani, shunda u yengil yuradi. Bundan tashqari, uzoq safarlar chog‘i otlarni ikki-uch kun yaydoq qo‘yish kerak, u oyog‘ining chigilini yozib, charchoqdan tez forig‘ bo‘ladi”.

Amir Temur safarga chiqishdan avval otlarga faqat quritilgan yem-xashak – beda va arpa yemi berishni tayinlagan. Chunki yaylovda boqilgan va ko‘k o‘t yegan otlar uzoq masofaga chopa olmaydilar. Tezda charchab nafas yo‘llari berkilib qolardi. Sohibqiron umrining asosiy qismini ot ustida yurib ochiq osmon ostida o‘tkazdi. Qishning qahraton kunlarida ham dala sharoitida yashadi. U bir qoidaga doimo amal qilgan. Biror qal’ani qamal holatida tutib turish chog‘ida otlarni qarorgohga yaqin joyda saqlamagan. Kutilmaganda qarorgohga o‘t tushib, alanga olsa, olov ularni cho‘chitib yuborishi mumkin, otlar tushovini uzib uzoqlarga qochib ketish ehtimoli bo‘lgan. Keyin otlarni to‘plab kelish ortiqcha tashvishligini bilgan va avvaldan buning ehtiyot chorasini ko‘rgan. Amir Temur askarlari sovuq o‘lkalarda yurishganda qo‘lqopi yo‘qlar qo‘llarini otlarning yollari ichiga tiqib sovuqdan saqlanganlar.

Qadrli o‘quvchilar, yuqorida biz sizga Amir Temur qo‘shinida, uning mislsiz g‘alabalarida otlarning o‘rni hamda Hindistondan olib kelingan fillar haqida o‘qiganlarimizni hikoya qildik, xolos. Aslida Sohibqiron haqida yozilgan asarlarni varaqlasangiz, buyuk sarkardaning jangga hozirlik ko‘rayotganda muhim aloqa vositalari bo‘lgan kabutarlar, lochinlardan qanday foydalangani haqidagi hayratlanarli ma’lumotlardan ham xabardor bo‘lasiz. U katta yurishlar oldidan palaponligidan qo‘lga o‘rgatilgan lochinlar to‘pi hamda kabutarlarni ham qafaslarga joylab yo‘lga otlangan ekan. Bular haqida batafsil bilishni istasangiz, Amir Temur bobomiz hamda temuriylar davridan hikoya qiluvchi tarixiy kitoblarni, albatta, o‘qib boring. Shunda siz buyuk shaxsning jahon tarixida tutgan o‘rni, uning ajoyib fazilatlari, millati, xalqi uchun davlat arbobi va sarkarda sifatida adolat bilan siyosat olib borgan vatanparvar Inson ekanligiga amin bo‘lasiz.

 

Bosh muharrir

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.