Tabiatning chin farzandi
Bu yilgi bahor biroz kechikkan bo‘lsa-da, nam va sovuq havo, sharros yomg‘irlari bilan atrofni yashillikka burkadi. Mart oyida barq urib, birin-ketin ochiladigan bahoriy gullar sovuqning zahridan cho‘chibmi, ko‘klamning ostonasida ikkilanib kutib qolishdi. Saxiy quyoshning bir mo‘ralab boqishi ularning ildiziga iliqlik bag‘ishladi. Ular bir xatlab, ona zamin bag‘ridan bosh ko‘tarib, o‘z joylarini topib oldilar. Arilar vizillashib, kapalaklar uyg‘ondilar, chumolilar tizilishib tirikchilik tashvishiga tushdilar.Bu yilgi bahor biroz kechikkan bo‘lsa-da, nam va sovuq havo, sharros yomg‘irlari bilan atrofni yashillikka burkadi. Mart oyida barq urib, birin-ketin ochiladigan bahoriy gullar sovuqning zahridan cho‘chibmi, ko‘klamning ostonasida ikkilanib kutib qolishdi. Saxiy quyoshning bir mo‘ralab boqishi ularning ildiziga iliqlik bag‘ishladi. Ular bir xatlab, ona zamin bag‘ridan bosh ko‘tarib, o‘z joylarini topib oldilar. Arilar vizillashib, kapalaklar uyg‘ondilar, chumolilar tizilishib tirikchilik tashvishiga tushdilar.Bahor gullari... Ular garchi juda qisqa muddat yashasalar-da, xushbo‘y ifori, betakror tarovati bilan odamlar qalbiga bir yilga tatigulik quvonch ulashib ketadilar. Ko‘zlar quvonadi, dillar bahra oladi, iforidan to‘yib-to‘yib simirib olasiz.Odamzot tabiatdan o‘rnak olib yashashi kerak. Saxiylikni quyoshdan, ulug‘vorlik va g‘ururni tog‘lardan, go‘zallikni bahordan, oqlik va soflikni qish faslidan. Vatanga muhabbatni azim daraxtlardan, kamtarlikni majnuntoldan... Eh-he, sanayversam adog‘i yo‘q. Yaqinda toza havodan nafas olish, ko‘klam husnidan ko‘proq bahramand bo‘lish ilinjida Toshkent viloyatining Parkent tog‘lari bag‘rida bir kungina dam olib qaytdik. Tog‘lardan oqib kelayotgan soy suvlari qo‘shig‘iga quloq tutdim. Toshdan toshga urilib, ajib navoga aylanayotgan bu qo‘shiq xayollarimni uzoq-uzoqlarga oqizib ketdi. Soy suvlariga havasim keldi. Uzundan uzun manzil makonlarning tomiriga jon bag‘ishlovchi bu obi hayot insoniyatni zamin uzra tutib turuvchi, uning yemog‘i, ichmog‘i, bari tirikligini ta’minlovchi manba.Odam dunyoga niholdek bo‘lib keladi. Ona zamin esa uni undirib-o‘stiradi. Quyosh, suv, havo o‘z ne’matlaridan bahramand qiladi. Shu bois Yaratganning har bir tuhfasi biz uchun aziz va ardoqli. Biz ona tabiatning bir bo‘lagimiz, uningsiz yashay olmaymiz.Ana, tog‘ yon bag‘ridan qo‘lida tayog‘i bilan qishloq chorvasini haydab kelayotgan cho‘pon ko‘rindi. Yuz-ko‘zlaridan chayirligi shundoqqina bilinib turibdi. Kiyimlari ham biznikidek qo‘shqavat emas, yupungina, choponini beliga bog‘lab olgan. Biz qancha yo‘l bosib tog‘ manzarasini ko‘rgani keldik. U esa tabiat qo‘ynida yashaydi, tog‘ havosida chiniqqan. U ona quyoshga, ona zaminga, ko‘rkam tabiatga yaqin, uning chin farzandi. Biz shaharliklar esa... Shu go‘zal manzaralarning bari uning oyog‘i ostida. Soylar qo‘shig‘i doimo u bilan birga. Daraxtlar uning do‘stlari. Maysalar u pinakka ketganida qulog‘iga alla aytishadi. Qushlar esa hamisha boshi uzra charx urib, cho‘ponni uydan tog‘larga, tog‘lardan esa uyga kuzatib qo‘yishadi. Qanday yaxshi!Quyosh tog‘lar ortiga o‘tib, kun bota boshladi. Endi mana shu bari go‘zallikni o‘z egalariga qoldirib shaharga – uyga qaytish kerak.