Tanlov – aldov emas
Dilnoza 8-sinfda, Komila esa 7-sinfda o‘qiydi. Ular yaqin dugona, maktabning a’lochi o‘quvchilari. Dilnoza mehnat fanini juda yaxshi ko‘radi. Har xil kiyimlar tikish, to‘qishni, taqinchoqlar yasashni yoqtiradi. Komila esa bu fanni unchalik xushlamaydi. Chunki kiyim tikish yoki to‘qishga uquvi yo‘qroq. Bu yil 7-sinfga mehnat fanidan yangi o‘qituvchi dars beryapti. Navbatdagi darsda ustozi qizlarga ijodiy mavzuda ko‘rgazmali ish bajarishni topshirdi. Komila nima qilishni bilmay, qo‘shnisi Dilnozanikiga chiqdi. Dilnoza dugonasiga o‘zi tikkan ishlarni ko‘rsatdi. Komilaga rangli munchoqlarda “O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat” deb yozilgan, ostiga esa ipakda O‘zbekiston bayrog‘i va gerbi tikilgan palak yoqdi. “Ertaga qaytarib beraman”, deb ularni olib ketdi. Komila mehnat darsiga Dilnozaning o‘sha ishini olib bordi. Ustozi uning kashtalaridan zavqlanib, “Iste’dodli yoshlar” ro‘yxatiga familiyasini kiritib qo‘ydi. Ertasiga Komila Dilnozanikiga chiqib, “Uzr o‘rtoq, mehnat xonasidan chiqib ketayotganimda palagingni qoldirib ketibman. Qaytib borsam hech qayerda yo‘q, meni kechir”, dedi ma’yus. Dilnoza shuncha mehnat qilib tikkan, eng yaxshi ko‘rgan ishini yo‘qolganidan qattiq xafa bo‘lsa-da, dugonasini ranjitib qo‘ymaslik uchun: “Xijolat bo‘lma, yangisini tikarman”, deb qo‘ydi.
Ko‘p o‘tmay maktabda “Iste’dodli yoshlar” to‘garagi a’zolari o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Komila tanlovda Dilnoza yaratgan ish bilan, Dilnoza esa rangli munchoqlardan tikkan “Kuz” nomli kashtasi bilan qatnashdi. Hakamlar ikki dugonaning ishini yaxshi deb topdi. Lekin g‘olib bitta bo‘lishi kerak. Shu sabab hay’at a’zolari ularga mustaqil ish tikishni topshirdi. Dilnoza ipakdan juda ham chiroyli gul tikdi. Komila esa tuzukroq shakl ham chiza olmadi. Tanlovdan so‘ng o‘z xatosini tushungan Komila ko‘zda yosh bilan Dilnozadan uzr so‘radi.
– Xohlasang, bo‘sh paytingda biznikiga chiq, tikishni o‘rgataman, – dedi Dilnoza jilmayib. Komila chuqur “uh” tortdi.
E’zoza MUHAMEDOVA,
Uchtepa tumanidagi
193-maktab o‘quvchisi