Yutuqlarning adog‘i yo‘q
– Sport tufayli o‘zimga bo‘lgan ishonch yana-da mustahkamlandi, – deydi buxorolik Gulnoza Aliyeva. – Har safar xalqaro musobaqalarga yo‘l olar ekanman, o‘z oldimga ulkan maqsadlarni qo‘yaman. Men albatta, g‘olib bo‘lishim, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, xalqimiz ishonchini oqlashim shart, deya niyat qilaman. Har bir musobaqa oldidan ana shu o‘ylar og‘ushida maydonga chiqaman.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti qoshidagi 1-akademik litseyning 3-bosqich o‘quvchisi Gulnoza Aliyeva besh yoshidan sportning badiiy gimnastika turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Sirasini aytganda, yutuqlarining adog‘i yo‘q. Gulnoza har qanday musobaqadan yuqori o‘rin egallashga harakat qiladi. Keling, ularning eng muhimlari bilan tanishamiz.
Qahramonimiz tinimsiz harakatlari natijasida 2013-yil Germaniyaning Nyurnberg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada 1-o‘rinni egalladi. 2014-yil badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, o‘sha yili O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro turnirda faxrli o‘ringa loyiq deb topildi. 2015-yilning o‘zida ikki bor xalqaro musobaqalarda muvafaqqiyat qozondi. Avvalo Fransiyaning Shamberi shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyin Italiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada ham g‘olib deb topildi.
Gulnozaning bu mehnatlari bejiz ketmadi. O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi tomonidan “Sport ustasi” unvoni bilan taqdirlandi. 2016-yilda yuksak e’tirof – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasiga aylandi. Albatta, u erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmaydi. Yosh sportchimizning hali katta maydonlarda aytar so‘zi, qo‘lga kiritishi shart bo‘lgan g‘alabalari bundan-da ko‘p ekanligiga ishonchimiz komil.
Farhod ESHMO‘MINOV