Tarbiyaning kuchi
Bolalar, siz yozuvchi To‘lqin Muhiddinning jurnalimizda e’lon qilingan qiziqarli ertak va hikoyalarini o‘qigansiz. Yaqinda Cho‘lpon nashriyotida yozuvchining “O‘g‘il bola gap” nomli to‘plami chop etildi. Quyida ana shu kitobdan joy olgan hikoyalardan biri bilan tanishasiz.
Karima 5-sinfda o‘qiydi. U sinfdoshlari orasida semizligi bilan ajralib turadi. Biroq bundan sirayam xijolat bo‘lmaydi. Ozishni xayoliga ham keltirmaydi. Karima sinfiga kirib, bir amallab partasiga o‘tirib oladi. Shu o‘tirishda 6 soat dars tugaguncha o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Tanaffusda oyisi sumkasiga solib qo‘ygan yopgan non, qand-qurs, yong‘oq, mayizni kavshab o‘tiradi. Katta tanaffusda sinfda hech kim qolmaydi. Shunda Karima birozgina mizg‘ib oladi. Sinfdosh bolalar uni “baqaloq”, “ochofat” deyishga og‘iz juftlashadi-yu, biroq indashmaydi. Nega desangiz, Karimaning jahli yomon. Karimaning o‘ziga o‘xshagan dugonasi bor. Parallel sinfda o‘qiydi. Ismi Salima, ular qo‘shni, maktabga birga qatnaydi. O‘xshatmasdan uchratmas deganlaridek, Salimaning ham dardi ovqat. Ikkalasi ham 70 kilogramm tosh bosadi. Yana bitta o‘xshash tomoni ikkalasi ham darslarni arang o‘zlashtiradi, kitob o‘qishni yomon ko‘radi.
– Qodirova, xabaring bo‘ldimi, maktabimizda kurash to‘garagi ochildi. Kecha dugonang Komilova murabbiy bilan gaplashib turganini ko‘rdim. Balki sen ham to‘garakka a’zo bo‘larsan. Dugonang bilan bellashasan, – dedi Karimaning yaxshigina urushqoqligini bilgan sinf rahbari Manzura Mahkamovna.
Karima yo‘q deyishga og‘iz juftladi-yu, dugonasi haqidagi xabardan so‘ng o‘ylanib qoldi. Bir-ikki marta borib mashg‘ulotlarni kuzatgach, u ham to‘garakka qatnasha boshladi. Murabbiy ularni o‘zi ishlaydigan “Barkamol avlod” markazidagi suv sporti to‘garagiga ham a’zo qildi. Tip-tiniq zilol suvdagi maxsus yo‘lakchada murabbiyning soatiga qarab berayotgan topshiriqlari uning zavqini oshirar, tezroq suzib, o‘rtoqlaridan o‘zib ketishga bor kuchi bilan intilardi. Kurashdagi mashg‘ulotlar ham juda qizg‘in o‘tardi. Karima Salima bilan kurash tushar ekan, uni o‘zidan ustun tomonlarini ham yaxshilab o‘rgandi.
– Qoyil, Qobilova, ancha vazn tashlading, harakatlaring ham jadallashdi. Bunday intilishing bilan tez kunda chempionlar safidan joy olasan, – maqtadi Jamil Jalilovich.
Ikki-uch oylik tinimsiz mashqlardan keyin yaxshigina ozgan Karima to‘garakdagi boshqa qizlar bilan ham kurash tushadigan bo‘ldi. Eng muhimi, dugonalar nafaqat sport mashg‘ulotlarida, darslarni o‘zlashtirishda ham yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishdi, a’lochilar safidan joy olishdi. Tumanlararo o‘tkazilgan kurash musobaqasida Karima eng ko‘p ochko to‘plab, viloyatdagi murabbiylar nazariga tushdi. Karima trener belgilagan 3 soat o‘rniga 5-6 soatlab shug‘ullanadigan bo‘ldi. U oynaga qarab o‘z-o‘zidan xursand bo‘lib ketardi.
– Karimaxon, kelaqol, ona qizim, tandirda yog‘li patir yopdim. Shirin choy bilan yeb ol, qara, ancha ranging ketib qolibdi, yoki charchadingmi? – mashg‘ulotdan qaytgan qiziga peshvoz chiqdi oyisi.
– Charchamadim. Bugun 7-sinfdagi Dilshodani kurashda ikki marta yengdim. Trenerimiz maqtadi. Oyijon, endi men yog‘li patir, qaymoq yemayman. Sog‘lig‘imga zarar. Hozir qornim to‘q. Yaxshisi, hovli bilan ko‘chani supurib chiqaman. Keyin kechki ovqatni pishirishda sizga yordamlashaman.
– Tavba, ona qizim, bu kurash deganlari juda yaxshi tarbiyachi ekan-a. Men o‘n yilda eplolmagan ishni ikki yilda uddaladi-ya. Sport seni chaqqon, bilimdon, sog‘lom qilib qo‘ydi-ya. Ukangni ham boksgami, karategami bersak bo‘larkan, uxlagani-uxlagan. Ammo tovuqlarga kim qaraydi, deb o‘ylayapmiz-da.
– Oyijon, shuniyam o‘ylab o‘tiribsizmi? Men borman-ku. Ukam ikki oy to‘garakka borsa, uy ishlarini erinmay bajaradigan bo‘ladi, – kuldi Karima. – Kelasi haftadan bora qolsin. Bu haftada biz viloyat jamoasi safida respublika musobaqasiga boramiz. Bellashuvda g‘olib chiqsam, meni respublika terma jamoasiga qabul qilishar ekan, trenerimiz aytdi, – oyisini quchoqladi Karima. – Oyijon, men hammasi uchun sinf rahbarimiz Manzura Mahkamovnaga rahmat demoqchiman.
– To‘g‘ri qilasan, bolam, men ham seni to‘g‘ri yo‘lga solgan ustozingdan va eng katta tarbiyachi – sportdan minnatdorman.