Tariximiz ko‘zgusi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 25 yilligi nishonlanmoqda. Shu kunlarda mamlakatimiz mudofaa qudrati, turli tarixiy davrlarda yuz bergan harbiy voqealar, davlatchilikning yuzaga kelishi va Qurolli Kuchlarining shakllanishi, buyuk sarkardalar hamda qahramonlar haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Davlat muzeyiga sayohat qildik. Muzey O‘zbekistonning harbiy-tarixiy yodgorliklarini yig‘ish, ularni ilmiy tadqiq qilish, saqlash, harbiy tarix fanini rivojlantirish bo‘yicha faoliyat olib boradi. U dastlab Turkiston harbiy okrugi Markaziy muzeyi nomi bilan 1965-yilda Toshkent Markaziy ofitserlar uyi binosida tashkil topadi. 1975-yilda esa hozirgi joylashgan binosiga ko‘chiriladi. 2010-yil 12-yanvar kuni muzey hududida, ya’ni bino oldida “Vatanga qasamyod” haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Muzey ekspozitsiyasining birinchi bo‘limi (binoning uchinchi qavati) “Qadimgi davr va ilk o‘rta asrlar” deb nomlanadi. Unda O‘rta Osiyo xalqlarining yunon Makedon, axomaniylar hamda mo‘g‘ullar istilosiga qarshi kurashlaridagi ilk qurol namunalari va qurolsozlik tarixi namoyish etilgan. Qadimgi tosh asridagi turli toshxanjar, toshbolta, toshbosqon kabi qurollarni ko‘rgach, xayolan o‘sha davrga sayohat qilasiz. Tarixiy filmlarda jangchilarning o‘q-yoyini ko‘p ko‘rganmiz. Bu yerda tosh asridan keyin yaratilgan uzoq masofadagi raqibni mo‘ljalga oladigan kamon va o‘qni ko‘rib hayratim oshdi. Ilk bor yasalgan kamon o‘qining nayzasimon metall uchlari albatta sizni qiziqtirib qoladi. Bu bo‘limdan yana Sopollitepa, Qo‘yqirilganqal’a, Tuproqqal’a kabi mudofaa inshootlari maketlari ham joy olgan. “Amir Temur va temuriylar davrida harbiy ish” bo‘limida esa temuriylar davridagi harbiy san’at, qurol-aslahalar, jangchilarning himoya dubulg‘a va sovutlari, jangovar buyumlar qo‘yilgan. Eng qizig‘i, ular qurolining haybatli nayzalari kishini ajablantiradi. Ularning uzunligi 4 metrdan 6 metrgacha bo‘lgan ekan. “Amir Temurning To‘xtamish ustidan g‘alabasi” nomli rangtasvir asaridagi jang manzarasida o‘sha davr harbiy holati juda yorqin aks ettirilgani bilan tomoshabinning e’tiborini tortadi.
Uchinchi bo‘lim “O‘zbekiston hududida XVI–XIX asr o‘rtalarida harbiy ish” deyilar ekan. Unda O‘zbekiston tarixida uch davlat: Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari davridagi davlatchilikning harbiy ishlari namoyish etilgan. Bu yerda xonliklar hududida joylashgan ustaxonalarda yasalgan yadroli zambarak, tirgakli pilta miltiqlar, shamshirlar, qilich va qalqonlar, xanjarlar namoyish etilgan. “Mustamlaka davrida harbiy siyosat va qo‘shinlar holati” bo‘limida Rus imperiyasining O‘rta Osiyoga yurishlari va imperiya qo‘shinlariga qarshi kurashlar hamda unda ishlatilgan qurollar haqida tasavvurga ega bo‘lasiz. “Sovet davridagi harbiy siyosat va muammolar” bo‘limida esa 1941–1945-yillarda fashizmga qarshi kurash yillari yurtdoshlarimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasi aks ettirilgan. Bo‘limdagi aviatsiya, avtomobil, zirhli tank texnikalari, turfa xil o‘qotar qurollar, front kiyim-kechaklaridan namunalar, video va foto materiallari sizni o‘ziga jalb etishi aniq. Shu bilan birga urush qatnashchilarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilgan ishlar ham yoritilgan.
Ikkinchi qavatdagi birinchi bo‘lim “Qurolli Kuchlarning mustaqillikka erishish arafasidagi ahvoli. Turkiston harbiy okrugi (1989–1991–yillar)” deb nomlanadi. Undagi eksponatlar orqali O‘zbekiston hududida joylashgan qo‘shinlar ahvoli, ularning harbiy va moddiy texnika bazasi haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz. Yana bu bo‘limning davomida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etish jarayoni (1991–1992-yillar)”, “Qurolli Kuchlarning tashkil topishi va rivojlanish bosqichlari” va “O‘zbekiston Respublikasi zamonaviy Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati” borasida batafsil ma’lumotga ega bo‘lasiz. To‘g‘risi, bu yerdagi zamonaviy harbiy-jangovar qurollar, havo, quruqlik va daryo texnikalarining maketlari, fotolavhalarni ko‘rib qalbingiz iftixorga to‘ladi.
Ha, muzey mamlakatimiz aholisini, ayniqsa, yoshlarimizda harbiy vatanparvarlik, harbiy qasamyod va harbiy burchga sadoqat hissini shakllantirish yo‘lidagi madaniy maskandir. Muzey direktori Ubaydulla Oltinovning aytishicha, ushbu dargohdan maktab o‘quvchilarining qadami uzilmas ekan. Xususan, yanvar oyining o‘zida kuniga 200 dan ziyod o‘quvchilar tashrif buyurmoqda. Muzeyning birinchi qavatidan kichik Ko‘rgazmalar zali va tashrif buyuruvchilar uchun Kino zali ham o‘rin olgan. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosni aks ettiruvchi turli tadbirlar, harbiy xizmatchilar va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan uchrashuvlar, ijodkorlar bilan ko‘rgazmalar muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu maskan Qurolli Kuchlarimiz tarixi va faoliyatini yoshlar hamda harbiylar orasida targ‘ib qilish, ularning tasavvurini boyitish, yuqori saviyaga ko‘tarishda beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Siz ham muzeyga kelsangiz, harbiy sohaga qiziqib Vatanimiz posboni bo‘lishga ahd qilishingiz shubhasiz.
Bekmurod ABDURAIMOV