Qizil olma
Qadim zamonda podshohning voyaga yetgan sohibjamol qizi kasal bo‘lib qolibdi. U hech narsa yemay, kun-u tun qimirlamay yotaverganidan, ozib-to‘zib ketibdi. Saroy tabiblari qizni qanday dard bilan og‘riganini topisha olmabdi. Darg‘azab podshoh mulozimlariga buyuribdi:
– Nahotki, mening mamlakatimda qizimni davolaydigan tabib topilmasa?! Qayerdan bo‘lmasin, tabib topib keltiringlar!
Mulozimlar yelib-yugurib, uzoq bir qishloqda yashaydigan keksa tabibni topib kelishibdi. U qizning holatini, tomir urishini tekshirgach:
– Olampanoh, aslo qayg‘urmang, qizingizni kasali og‘ir emas, davolasa bo‘ladi, – debdi. – Xizmatkorlarga buyuring, shunday bir meva topib kelsinlarki, unda qahraboning sariqligi, yoqutning qizilligi, kumushning oqligi, oyning ziyosi bo‘lsin. Mevadan uch sezgi: rangidan ko‘z, hididan burun, ta’midan og‘iz lazzat olsin.
Tabib shohning mulozimlarini sinash maqsadida mevaning nomini aytmabdi. Xizmatkorlar qanday meva topib kelishlarini bilmay hayron bo‘lib: “Shohim, bir qoshiq qonimizdan keching, mevani bilmadik, uning nomini tabibning o‘zlari aytsinlar”, deyishibdi. Tabib ularga, qizil olma keltiringlar, debdi.
Mulozimlar malika yotgan xonaga bir savat qip-qizil olma keltirishibdi. Xonani uning xushbo‘y hidi qoplabdi. Qiz ko‘zini ochib, hayrat bilan olmalarni tomosha qilibdi va o‘zi sezmagan holda bir donasini yeb qo‘yibdi. Shu tariqa bir necha kun qizil olma yegan malika oyoqqa turibdi. Xursand bo‘lgan shoh tabibga sovg‘alar bergach, olmadagi yashirin sirni so‘rabdi.
– Qadimgi hakimlar tajribalariga ko‘ra olmaning o‘zi ham, rangi ham, hidi, hatto bargi ham davo, – debdi tabib, – u yurak faoliyatini, qon aylanishini yaxshilaydi, moddalar almashinuvini me’yoriga keltiradi, kayfiyatni ko‘taradi, xotirani mustahkamlaydi, inson tanasini tozalaydi va kasalliklarga qarshiligini oshiradi.
Bu gaplarni eshitgan shoh katta olmazor bog‘ yaratishga farmon beribdi va bu xayrli ishga o‘zi bosh bo‘libdi.
Kim aytadi, mo‘jizalar faqat ertak, afsonalarda bo‘ladi deb? Hikoyamizdagi malika yegan ajoyib qizil olmani bugungi kunda faqat Surxondaryo viloyati Boysun tumanida uchratish mumkin. Alohida tam, xususiyat, ko‘rinishga ega, kech kuzda pishadigan bu olma Boysunning qizil olmasi, nomi bilan mashhur. Gap shundaki, u boshqa yerda o‘stirilsa o‘z xususiyatini o‘zgartiradi. Qizil olmani kelgusi yil olma pishig‘igacha saqlash mumkin, harorat o‘zgarishiga qarab rangini o‘zgartiradi. Keksa bog‘bonlardan surishtirib buning sirini bilishga qiziqdim. Hech kim buning sababini aniq ayta olmadi. Tog‘ning o‘ziga xos toza havosi, suvi yoki tuproq tarkibi, daralardan tunda esadigan salqin shabada ta’siridandir balki... Bu olma jaziramani xush ko‘rmaydi. Shu tufayli havosi mo‘tadil tog‘oldi Avlod, Sariosiyo qishloqlarida, ayniqsa, yaxshi hosil beradi. Qizil olmaning boshqa olmalardan farqi shundaki, uning o‘ziga xos naqshli qizil rangi bor, betakror xushboy hidga ega. Qand moddasi ko‘pligi sabab shirin. Uni uzoq o‘lkalarga tashiganda ham tarkibi, ko‘rinishi o‘zgarmaydi.
Kuz faslining sokin tunlarida Boysun ko‘chalarini kezing. Yo‘l atrofidagi bog‘ – chorbog‘lardan taralayotgan qirmizi olmalar hididan sarxush bo‘lasiz. Shunda bu olmalar ona tabiatning insonga hadya etilgan noyob ne’mati – mo‘jizasi ekanligiga ishonasiz.
Ochil TOSHQULOV,
Surxondaryo viloyati Boysun shahri