Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yosh ko‘ngillar e’tirofi

“O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov har bir uchrashuvda bolalarga qarata, Mening aziz bolalarim, hammangizni bag‘rimga bosaman, barchangizni yaxshi ko‘raman, derdi. Ana shu mehr bois qishloqlarda ham shahar maktablaridan qolishmaydigan o‘quv muassasalari, sport zallari qurildi, kerakli sharoitlar yaratildi. Bu esa biz aka-singillarga ham olis tog‘lar etagida turib, o‘z fikrimiz, o‘z iqtidorimizni namoyon eta olishimizga kuch bag‘ishladi.

She’rni yozyapmiz-u og‘ir judolikdan ko‘zlarimizdan yosh to‘xtamayabdi...

Siz taratgan mehr nuri Vatanda

Imkon berdi har bir qiz-u o‘g‘longa.

Biz bolalar mehringizdan yayrashib

Chiqdik bugun dunyolarga bo‘ylashib!”

Bu maktubni bizga Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 49-maktab o‘quvchilari – aka-singil Dadaxon va Madina Qodirqulovalar yo‘llashgan.

Shu kungacha ham tahririyatimizga jurnalxonlarimizdan yuqoridagi mavzuda xatlar kelishda davom etmoqda.

O‘quvchilar o‘zlarining Birinchi Prezidentimizga bo‘lgan mehrlarini, u kishining sa’y-harakatlari bilan vatanimizda yoshlarning barkamol avlod bo‘lib yetishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘zlari qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlar haqida to‘lqinlanib hikoya qilishgan. Bu muvaffaqiyatlar esa bolajon mamlakatimizda keng quloch yoygan, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”, degan ezgu maqsad samarasi ekanligini minnatdorlik bilan ta’kidlashgan. Va Islom bobolarining muborak nomini qalblarida abadiy saqlashga, kelajakda ham o‘z yutuqlari bilan O‘zbekiston nomini dunyoga taratishga, Vatan ishonchini oqlashga qasamyod qilishgan.

Bizga shu mavzuda maktub yo‘llagan: Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 38-maktab o‘quvchisi Osuda Karimjonova, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 13-maktab o‘quvchisi Dilshodbek Rahmatullayev, Andijon viloyati Qorasuv shahridagi 5-maktab o‘quvchisi Marjona Dehqonboyeva, Jizzax shahridagi 8-maktab o‘quvchisi Mahliyo Shodiyeva, 24-maktab o‘quvchisi Saida Hamzaqulova, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 36-maktab o‘quvchisi Dadaxon Raimboyev, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 17-maktab o‘quvchisi Gulchiroy Xalilova, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 200-maktab o‘quvchisi Habiba Sharifbekova, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 49-IDUM o‘quvchisi Laziza Erpo‘latova, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 61-maktab o‘quvchisi Sanjar Yo‘ldoshev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidan Nargiza Jumamurodova, Qo‘ng‘irot tumanidagi 10-maktab o‘quvchisi Parizoda Aralboyeva, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 9-maktab o‘quvchisi Muniraxon Esonaliyeva, shuningdek, elektron pochtamiz orqali kechinmalarini bayon qilgan Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Marhabo G‘ofurova, Xorazm viloyati Urganch tumani 45-maktab o‘quvchisi Farzidabonu Ortiqova, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 4-maktabdan Gulbahor Olimova, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 326-maktab o‘quvchisi Bahodir Omonov va boshqa barcha jurnalxonlarimizga samimiy e’tiroflari uchun minnatdorchilik bildirib, dilingizdagi ezgu orzular ro‘yobga chiqsin, kelajakda yurtimiz koriga yarovchi komil insonlar bo‘lib yetishing, deb qolamiz.

 

Gulxanjon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.