Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ta’til tuhfalari

Iqtidorli bolalar yozgi dam olish mavsumida ham o‘qib-izlanishni davom ettirishdi. Qator nufuzli bellashuvlar, san’at, sport musobaqalarida, xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, O‘zbekiston farzandlari nimalarga qodirligini dunyoga namoyon etishdi.

 

* * *

Qoraqalpog‘iston respublikasi Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Gulparshin Jo‘ldasbayeva 2017-yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan “Ingliz tili bilimdonlari” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Ana shu g‘olib qiz yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “Sakura” xalqaro ilmiy anjumanida qatnashdi. Uning ingliz tilida qoraqalpoq tarixi, milliy urf-odatlari haqidagi qiziqarli ma’ruzasi, qoraqalpoqcha o‘lanlari yaponlardek zukko xalqni ham lol qoldirdi.

 

* * *

O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Yashil chiroq” respublika musobaqasida Xorazm viloyati yosh avtonazoratchilari bellashuvning oliy mukofotiga sazovor bo‘lishdi. 1-o‘rin Navoiy va Surxondaryo viloyati jamoalariga nasib etdi.

 

* * *

Samarqand viloyati Bulung‘ur maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Nurmuhammad Fayzullayev yozgi ta’tilda dehqon fermerlar og‘irini yengil qilishga muvaffaq bo‘ldi. Dukkakli ekinlarni ekishga mo‘ljallangan qurilma yaratdi. Uning yordamida bir kunda 50-60 sotix yerga makkajo‘xori, loviya urug‘ini ekish mumkin. Vaholanki, shuncha yerga urug‘ qadash uchun dehqon 9-10 kun mehnat qilishi, egilib-bukilishi kerak bo‘lardi. Qurilmaning yana bir qulay tomoni – unga hech qanday yoqilg‘i sarf qilinmaydi.

Gulxanjon Mustaqillik tufayli yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan tengdoshlarining yutug‘idan faxrlanib turganida, xona eshigi ochilib yuz-ko‘zidan quvonch ufurib turgan bola kirib keldi.

– Assalomu alaykum Gulxanjon, meni tanidingmi? – dedi u yoqimli jilmayib.

– Tanidim, sen Uchtepa tumanidagi 4-maktab o‘quvchisi Muhammadrizo Majidovsan. Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi. Omonmisan, do‘stim. Kayfiyatingdan navbatdagi yutuqni qo‘lga kiritganga o‘xshaysan.

– Topding. Xuddi shu haqida o‘rtoqlashgani keldim.

Gulxanjon Muhammadrizo bilan Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan yosh musiqachilarning “Chernomorskiy Olimp” konkursida 2-o‘rinni olib qaytganida tanishgan.

Muhammadrizo o‘shanda, “Bu festivaldagi ishtirokim menga katta maktab bo‘ldi. Nasib bo‘lsa keyingi festivalda g‘olib bo‘laman” deya va’da bergandi. U va’dasining ustidan chiqish uchun ustozi, 28-BMSM o‘qituvchisi Mehribon Qodirova bilan birgalikda astoydil shug‘ullandi, o‘gitlariga jon deb quloq soldi. Va 2015-yil 11 yoshida Italiyada o‘tkazilgan “Hello, Italu” nufuzli tanlovida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Shuning uchun Gulxanjon do‘stidan, – san’atdami, xalqaro tanlovdami? – deb so‘radi.

– Yo‘q, – yana jilmaydi Muhammadrizo, – Bolgariyaning Burgas shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro olimpiadada.

– Matematikadan?! – hayratini yashirmadi Gulxanjon.

– Hayratlanishga hojat yo‘q, men 5-sinfdan boshlab matematika, informatika, ingliz va rus tillarini mukammal o‘rganishga kirishdim. O‘qituvchilarim Durdona Sharipova, Rahmatilla Karimovlarning mahoratimi, mehribonliklari sababmi, matematikani yaxshi ko‘rib qoldim. Astoydil shug‘ullanib 6-sinfda shu fan bo‘yicha 8-9-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan “Biz al-Xorazmiy izdoshlarimiz” tuman musobaqasida qatnashib, birinchilikni egalladim. Bu tanlov men uchun sinov bo‘ldi, o‘zimga ishonchim ortdi. Shu bois ustozimdan maktab o‘quvchilari orasida matematika bo‘yicha har yili xalqaro olimpiada bo‘lishini eshitgach, unda ishtirok etishga ahd qildim. “To‘rt yildan buyon mamlakatimiz yosh matematiklari bu olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashadi. Ayniqsa, buxorolik yosh matematiklar o‘z mahoratlari bilan Olimpiada hakamlarining havasini keltirmoqda”, – dedilar Rahmatilla aka. Men dadam bilan maslahatlashib, Qorako‘l tumanidagi o‘sha mashhur akademik litseyga bormoqchi bo‘ldim. Shunda Durdona opam mana shu xalqaro olimpiadada respublikamizdan ilk bor qatnashib, oltin medal sohibi bo‘lgan Umid Rahmonov Toshkentda shogirdlar tayyorlayotganini aytib qoldilar.

Biz ularni qidirib topdik. “Agar mashaqqatlardan cho‘chimayman, dangasalik qilmayman, desang, ertadan mashg‘ulotni boshlaymiz”, dedilar sinovchan tikilib Umid aka. U kishi kamtar, biroq anchagina talabchan ustoz ekan. Menga Olimpiada talablari asosida saboq berdi. Bu jarayonda men matematikani o‘zim uchun qayta kashf qildim. Uni yaxshi ko‘rib qoldim. Jumboqli, mo‘jizali fan. Mo‘jizaligi shundaki, olti oylik mashg‘ulotlar meni xalqaro olimpiada sovrindoriga aylantirdi.

Musobaqaga ketyapman-u lekin ishongim kelmaydi. Buning ustiga jamoamiz rahbari – o‘zim kitoblarini o‘qib matematika olamini tanigan muallif Shuhrat aka Ismoilov! Shunday olim bilan yonma-yon yurish, samimiy suhbatlarini tinglash naqadar maroqli! Jamoamizda Qorako‘l tumanidagi 1-DIUM 8-sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov, 7-sinf o‘quvchisi Lazizbek Rajabov, Peshko‘ tumanidagi 18-maktab 8-sinf o‘quvchisi Jahongir Nortoyev, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Iskandar To‘rayevlar nafaqat matematika, balki boshqa aniq fanlar hamda ingliz tilini chuqur bilishlari bilan ham hammaning havasini keltirdi. Eshitgandirsan, Doniyor oltin, Lazizbek bilan Jahongir kumush, men va Iskandar xalqaro musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritdik.

– Do‘stlaring ko‘payibdi-da.

– Ha, musobaqada 30 ta davlatdan 600 ga yaqin o‘quvchi kelgan ekan. Biz bir-birimiz bilan ingliz tilida suhbatlashdik. Men Toshkentdagi o‘zgarishlar, tarixiy obidalar, biz o‘quvchilarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ularga gapirib berdim. Ular:

– Juda tirishqoq bola ekansan. Mamlakatingda shunday ajoyib shart-sharoitlar bor ekan. Shu yil sentabr oyida Xitoyda bo‘ladigan musobaqamizda g‘olib bo‘lsang kerak, – deyishdi.

– Ha, – dedi Gulxanjon, – matematikaga bo‘lgan mehringdan sezilib turibdiki, 2019-yil janubiy Afrikada o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan xalqaro olimpiadada ham mamlakatimiz iqtidorli matematiklari jamoasi safida bo‘lishingga ishonaman.

– Nasib qilsa, – dedi Muhammadrizo kamtarlik bilan.

Oqqan daryo oqaveradi. Alloma bobolarning zukko nabiralari vatanimiz nomini dunyolarga taratishda, xalqimiz og‘irini yengil qilishda, yurt koriga yarovchi kishilar bo‘lish yo‘lida izlanishdan, o‘rganishdan charchamaydilar. Dam olish-u ta’tillarni ham yutuqlar, zafarlar bilan boyitaveradilar. Yuqoridagi qahramonlar bu muvaffaqiyatlarini Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik to‘yiga to‘yona qildilar.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.