O‘zbekning mard o‘g‘loni
– Qurbonboy melisaning kenjatoyi mukofot olibdi. Kecha televizorda aytdi, muallim.
– Qanday yaxshi, yuringlar bir tabriklab kelamiz.
30-iyun tongida Ohangaron shahrida yoyilgan quvonchli xushxabar kun bo‘yi odamlar og‘zidan tushmadi. Sovrindorni tanigan ham, tanimagan ham azbaroyi xursandligidan “Bolalarimizga ham shu yigitchaning yo‘lini bersin, ota-onasiga rahmat!” deyishdi. Mukofot sohibi esa bu paytda Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovning qo‘llaridan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini qabul qilib olar edi.
Aziz o‘quvchilar, keling men sizlarni bu o‘g‘lon bilan yaqindan tanishtiray.
Sultonov Otabek Qurbonboy o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyining 3-bosqich o‘quvchisi. Bu yil Prezidentimiz qaroriga muvofiq “Mard o‘g‘lon” mukofoti bilan taqdirlandi.
– Bolaligimdan musiqaga qiziqqanman, – deb so‘z boshladi u biz bilan suhbatda. – 5-sinfga o‘tganimda dadam mendagi ishtiyoqni payqab saksafon chalish to‘garagiga berganlar. Keyin litseyda ustozim Olim Abdullayev saboqlari bilan musiqa olamiga singib ketdim. Mana, sakkiz yildirki respublika va xalqaro tanlovlarda ishtirok etib kelmoqdaman. Nazarimda ota-onam meni o‘zimdan ham yaxshi bilishadi. Bugungi muvaffaqiyatlarimning asosi ham aynan ularning duolari va rag‘batlari tufayli.
O‘tgan yillar mobaynida qo‘shni Qozog‘istonning Olmaota, Ostana shahrida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlardan g‘olib bo‘lib qaytdim. Rossiya hamda Ozarbayjondan malakaviy saboq olib keldim. U yerda turli mamlakatlardan kelgan bolalar bilan rus va ingliz tillarida muloqot qildik. Maktab va litseydagi o‘qishlar jarayonida bu tillarni puxta o‘rganganim juda ish berdi. Chunki tarjimonga ehtiyoj sezmadim. Festival va tanlovlarda yangi do‘stlar orttirdim. Ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilib turaman. Ular O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarga havas bilan qarashadi. Yaqinda “Yoshlar ittifoqi” tashkil etilganiga bir yil bo‘ldi. Men esa birinchilar safida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Bu juda katta sharaf, juda katta mas’uliyat. Ochig‘ini aytsam, saksafon chalishni o‘rganayotganimda, bu mukofotni olish xayolimga ham kelmagan edi. Prezidentimiz qarorida ism-sharifimni ko‘rib hayajonlanib ketdim. Taqdirlash marosimi unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Darhaqiqat, bu mukofot yurtimizning mard o‘g‘loni Otabek Sultonovga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Mukofot martaba emas, balki o‘n karra mehnat degani. Endi u o‘z tengqurlarini ortidan ergashtiruvchi sardor, har tomonlama ularga o‘rnak bo‘luvchi ibrat namunasidir. Qolaversa, bundan keyin ham Prezidentimiz ishonchini oqlaydi. Xalqimizning ardoqli shoiri M. Yusuf yozganidek, “Alp o‘g‘lonlar o‘lkasi bu ko‘hna Turon”. Yurtimizda Otabek kabi tirishqoq, iqtidorli, intiluvchan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Kelgusida “Mard o‘g‘lon”lar safi yanada kengayadi.
Otabek Bakirov,
Respublika yosh ijodkorlar kengashi a’zosi