Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yuksak imkoniyatlar eshigi

Bu galgi xizmat safari poyezdimiz ko‘hna va afsonaviy Xorazm viloyatida to‘xtadi. Urganchning mahobatli amfiteatrlari, zamonaviy sport saroylari-yu so‘lim bog‘lari oralab Yoshlar markazini topdim. “Ta’til mavsumi bo‘lsa, hamma oromgohga dam olishga ketgandir!” deb o‘yladim. Ammo markaz foyesiga kirishim bilan dasta-dasta chizgan rasmlari, she’r kitoblarini qo‘ltiqlab olib to‘garak eshigidan shoshib kirayotgan mo‘yqalam sohiblari-yu yosh qalamkashlarni, doirasini issiqda toblayotgan kichik sozanda-yu sahna asaridan parcha mashq qilayotgan havaskor aktyorni ko‘rib quvonib ketdim. Raqqosa libosidagi qizchalar yugurib yurishibdi.

– Sizlarda bugun bayram bo‘lyaptimi? – deb so‘radim markaz direktori G‘ulomboy aka Rahimovdan.

– Yo‘q, bizda har kungi mashg‘ulotlar shunday boshlanadi, – dedi G‘ulomboy aka.

Dastlab ishni Inklyuziv ta’lim markazidan boshladim. Nilufar Ahmedova mashg‘ulotlarga rahbarlik qilarkan. To‘garak imkoniyati cheklangan va alohida ehtiyojga ega bolalar uchun g‘amxo‘rlik va e’tibor bilan jihozlangan: ko‘zi zaif ko‘ruvchi bolalar uchun yaqinlashtirib ko‘rsatuvchi maxsus kompyuter, ranglarni ajratolmaydigan bolalar uchun rang va shakllarni o‘rganishga yordam beruvchi lazerli doska, qo‘l motorikasini rivojlantirish uchun hunarmandchilik anjomlari, jismoniy shug‘ullanish uchun moslamalar, xullas, bari zamonaviy, bari qulay. Sevinchoy Matsapayeva eshitmaydi, gapirolmaydi, ammo chiroyli ko‘ylaklar tikadi. Milliy tikuvchilik sexi bilan hamkorlikda liboslar yaratmoqda. Umidbek Otaboyev esa boshqa tengdoshlari qatori qaddini tutib yurolmaydi. Ammo u suzishga qatnashadi. Nilufar opa ularning har birining orzulari bilan tanish. Inklyuziv ta’lim markazidagi bolajonlar bilan xayrlashib, shaxmat to‘garagi tomon yo‘l oldim. Biroq yo‘lakda tasviriy san’at to‘garagi rahbari Adolat opa Isoqova kutib turgan ekan. Ustoz – o‘quvchilarim ko‘plab tanlovlar g‘olibi, ular haqida yozmasangiz bo‘lmaydi, – deb qo‘llarida planshet va palitralarini ushlab olgan qizlarga ishora qildi. Surayyo va Shahnoza 2017-yil “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan Respublika tanlovida faxrli o‘rinlarni egallashibdi. Surayyo bundan tashqari yosh dizaynerlar tanlovida ham ishtirok etib, “Anor” atelyesida malaka oshirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritibdi. Shahnoza esa “Yurtim yoshlari hayoti” respublika ko‘rik-tanlovida rangtasvir yo‘nalishida 2-o‘rinni egallabdi. Ular ikkisi hammualliflikda yaqindagina “Uchar otlar” asarini yakunlashibdi. “Uchar otlar” – Xazoraspning ramziy timsoli, bu yurt ming otliqlar diyori, deya asariga izoh berdi yosh mo‘yqalam sohibalari.

Ana endi, shaxmat to‘garagida ishni davom ettirsak ham bo‘ladi. To‘garak rahbari Jasurbek Matniyozov 100 nafar bolaga shaxmat qoidalarini o‘rgatmoqda. Asadbek Otaxonov shogirdlari orasida eng faoli. U Urganch shahridagi 25-maktabning 7-sinfida o‘qiydi. Asadbek guruhda Dilshodani o‘ziga teng kuchli raqib deb hisoblaydi. Dilshoda taktikalarni yaxshi o‘zlashtirgan. Asadbek ham undan qolishmaydi. Bugun hisob bir-u bir! Murabbiy Jasurbek akadan: shaxmatchi bo‘lishni niyat qilgan bolalarga qo‘yiladigan birinchi talab nima? – deb so‘radim. – 45 daqiqa davomida ortiqcha so‘z gapirmay bir joyda mulohaza qilib, qimirlamay o‘tirish. Bu shaxmatda juda muhim. Shaxmat – sabrlilar va aqllilar o‘yini, – deydi murabbiy. Jasurbek akaning gaplari rostga o‘xshaydi. Zal suv quygandek jimjit, bolalar aqliy yurishlar haqida bosh qotirmoqdalar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, bugungi mashg‘ulot g‘olibi Dilshoda Qurbonboyeva bo‘ldi. U Urganch shahridagi 13-maktabning 5-sinfiga o‘tdi.

Yonma-yon joylashgan mashg‘ulot zallariga bir-bir ko‘z tashlab, “Zamonaviy raqs to‘garagi” degan yozuvni o‘qidim. Zamonaviy raqs o‘quvchilarning ma’naviyati, axloqi, sog‘lom kelajagi uchun nima bera olishi haqida to‘garak rahbariga savol berdim. Chunki mening nazarimda zamonaviy raqs, xorij musiqasi, g‘arb madaniyatiga taqlid. Qaytaga o‘quvchilarimizni bunday qiziqishdan cheklashimiz kerak, degan tasavvur bor edi. Sinbod Xudoyorov – “Zamon bilan hamnafas sog‘lom kelajak sari” shiori ostida mashg‘ulotlar o‘tamiz. Zamonaviy raqs sport gimnastikasi, qo‘l jangi, brazilcha jang san’atini o‘z ichiga oladi. Ushbu sport turlari mushaklar va pay egiluvchanligini ta’minlaydi, nafas mashqlarini o‘zlashtiradi, qon aylanishini, yurak faoliyatini me’yorlashtiradi, deganidan so‘ng fikrimiz oydinlashdi. Yaqinda to‘garak ishtirokchisi Muhammadali Komiljonov “Battle in Xarezm” Respublika festivalida 1-o‘rinni qo‘lga kiritibdi.

Yoshlar markazi Xorazm viloyat bo‘linmasida turli yo‘nalishlar bo‘yicha 81 ta to‘garak faoliyat olib boradi. Unga 4609 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Ular orasida Behzod Botirov ham bor. Behzod yoshlar teatri to‘garagi a’zosi. Hozir u sahnada “Kitob o‘qi” monologini mahorat bilan ijro etmoqda. Talabchan va qattiqqo‘l ustoz Otabek aka Yoqubov har bitta to‘garak a’zosini aktyorlik mahorati, kasting orqali sinovdan o‘tkazib, tanlab olgan. Bu yerda sahna nutqi, vokal, sahna jangidan darslar o‘tiladi. Guruhdagi barcha ijodkorlar o‘z iqtidoriga ega. Masalan, Gulhayo Ismoilova his-hayajonli sahnalarni maromiga yetkazib ijro etsa, Murod Sobirov murakkab tryuklarni bajarishni yaxshi ko‘radi. Matyoqub Matyoqubov esa vokal yo‘nalishida tengi yo‘q ijrolar sohibi.

Yoshlar markazida eng gavjum zallardan biri xorijiy tillar to‘garagi xonasi ekan. Rus, ingliz, koreys tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan bolalar mashg‘ulotlar zaliga sig‘may qolishgan. Chunki ular bugun xorijiy tillarni puxta o‘rgangan bolalar uchun yuksak imkoniyatlar eshigi ochilishini yaxshi bilishadi.

Kechga yaqin haqiqiy bayram boshlandi. Bir guruh turkmanistonlik yoshlar Xorazm yoshlari bilan ijodiy hamkorlik o‘rnatishi, fan-ta’lim sohasida o‘zaro yangiliklar almashish, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, afsonaviy zaminning tarixiy qadamjolariga sayohat qilish maqsadida tashrif buyurishdi. Davomi endi yangi mavzu. Turkman yoshlari bilan o‘tgan qizg‘in uchrashuvlar haqida keyingi maqolalarimizda hikoya qilamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.