“Temir dugona” qismati
Durdona bu yil bahorda o‘n uch yoshga to‘ldi. Ota-onasi uning tinimsiz xarxashalaridan so‘ng tug‘ilgan kunida opalarinikiga o‘xshagan katta ekranli (sensorli) telefon sovg‘a qilishdi. Opalarining katta ekranli telefoniga havasi kelgan Durdona “menga ham olib berasizlar”, deb turib olgan edi-da.
Tug‘ilgan kunining ertasiga maktabga oshiqdi, chunki qo‘lida orzusidagi telefon bor edi. Hammaning unga havasi keldi. Opalari uning telefoniga turli o‘yinlar, dasturlar, elektron lug‘at, musiqa va video tasvirlarni o‘tkazib berishdi. Durdonaning asosiy vaqti shu “temir dugonasi” bilan o‘ta boshladi. Kun davomida musiqa eshitib, turli effektli kamera orqali o‘zini o‘zi rasmga oladigan odatlar paydo bo‘ldi. U telefonini shunchalik ehtiyotlar hatto dugonalariga bir ko‘rishga berishni ham xohlamas edi. Borgan sari o‘qishdagi baholari pasayib, o‘qituvchilaridan ko‘p tanbeh eshitadigan, tengdoshlari orasida o‘zini katta tutadigan, maqtanchoq qizga aylanib qoldi. Sinf rahbari Gulnora opa Durdonadagi salbiy o‘zgarishdan xavotirlanib, uning onasini maktabga chaqirdi:
– Qizingiz maktabga qimmatbaho qo‘l telefoni tutib kelyapti. Axir, uyingiz maktabga juda yaqin. Bunday telefon Durdonaning yoshiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Hozir uning asosiy e’tibori musiqa eshitib, rasmga tushish emas, faqat o‘qishda bo‘lishi kerak, – dedi voqeani bosiqlik bilan tushuntirib.
Kamola opa stol ustidagi o‘qituvchining oddiygina qo‘l telefoniga ko‘z qirini tashladi.
– Imkonimiz bor ekan, olib berdik. Qizim nazoratim ostida. Qo‘lidagi telefon orqali men undan xabardor bo‘lib turaman, – dedi qizining yonini olib.
Kamola opa uyga kelib, telefon o‘ynayotgan qizini ko‘rdi va dakki bermoqchi bo‘ldi. Ammo Durdona onasiga telefondan foydalanib ingliz tilini o‘rgatuvchi dastur bo‘yicha dars tayyorlayotganini aytdi. Kamola opa bunga ishondi, chunki qizi ingliz tili faniga qiziqar va qo‘shimcha darsga borar edi. Telefonning bunday imkoniyatlari borligidan mamnun bo‘ldi.
Gulnora opa Durdonaning onasi orqali ham uni bu odatlardan qaytara olmaganidan tashvishga tushdi. Chunki Durdonaning holati boshqa dugonalarida ham paydo bo‘la boshlagandi. Gulnora opa tarbiyaviy soatlarda telefonning nojo‘ya ta’sirlari, “selfimaniya” kasalligi haqida zarur ma’lumotlarni o‘quvchilarga yetkazdi.
Maktabdagi tadbirlardan biriga Durdonani boshlovchilikka qo‘yishdi. U dugonalariga qiziqib tadbirga tayyorgarlik ko‘rdi, biroq o‘sha kuni o‘z vaqtida yetib kelolmadi. Gulnora opa unga telefon qildi. “Telefon xizmat doirasidan tashqarida”, degan javobni eshitgach, uning onasi bilan bog‘landi. Kamola opa tashvishli javob berdi. Bugun ertalab Durdona hovlisidagi qiyg‘os gullagan o‘rik daraxtining shoxida rasmga tushaman deb, daraxtga chiqibdi va “selfi tayoqcha”si yordamida o‘zini o‘zi rasmga olayotganda yiqilib tushibdi. Oyog‘i, o‘ng qo‘li qattiq shikastlanib kasalxonada yotganmish.
Tadbirdan so‘ng sinf rahbari bir-ikki qizlarni olib kasalxonaga bordi. Durdona bir ahvolda yotishiga qaramay, telefoni singani haqida qayg‘urib gapirdi. Buni eshitgan Gulnora opa va dugonalari unga ham achinib, ham hayratlanib qarab qo‘yishdi.
Bu voqeadan so‘ng Gulnora opa o‘quvchisidan xavotirlanib maktab psixologiga murojaat qildi. Psixolog o‘z tajribalaridan foydalanib Durdona va shu kabi ruhiy qaramlikka chalingan bolalarni bu yo‘ldan qaytarishga kirishdi.
Hilola HAMDAMOVA
Tahririyatdan: Qadrli jurnalxonlar, sizning orangizda ham Durdonaga o‘xshagan telefon “quli”ga aylangan o‘quvchilar bormi? Balki ularni “davolash” chorasini birgalikda o‘ylab ko‘rarmiz? Fikr-mulohazalaringiz bitilgan maktublarni kutib qolamiz.