Tengdoshlari ichra tengsiz
“Kamalak yulduzlari” Respublika tanlovi Mirzo Ulug‘bek tumani bosqichi. Zal tomoshabinlar bilan liq to‘lgan. Boshlovchi navbatdagi ishtirokchi nomini e’lon qildi. “Xorazm lazgisi” yangradi. Sahnada o‘ynayotgan jajji raqqosa qizning kuyga mos harakatlari yig‘ilganlarni hayratga soldi. Raqs davomida zalda qarsak tinmadi.
Iste’dodli qahramonimiz Aselya Tastanova bilan tanishuvimiz shu tariqa yuz berdi.
Aselya Tastanova poytaxtimizdagi 179-maktabning 6-sinfida ta’lim oladi. U tinib-tinchimas, tirishqoq o‘quvchilardan. Buni sinf rahbari Venera Borisovaning fikrlari ham tasdiqlaydi.
– Aselya rus va ingliz tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. Mana, bir necha yildirki sportning badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanib keladi. Tumandagi 20-bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan raqs to‘garagi a’zosi. Hozirda mazkur maktabning 3-sinf o‘quvchisi.
Jajji qizaloqning ustozlar o‘gitiga amal qilib o‘z ustida tinimsiz ishlashi unga qator muvaffaqiyatlar keltirdi: “Kamalak yulduzlari”, “Sharq atirguli” va yana qator tanlovlarda raqs ijrosi bo‘yicha tengdoshlari orasida tengsiz, deb topildi. Bir necha bor “Istiqlol yulduzchalari” konsert dasturida ishtirok etdi.
– U mashg‘ulotlarga hammadan birinchi kelib, oxiri ketadi. Ustoz bergan topshiriqlarni bajarmaguncha tinimsiz mehnat qilaveradi. Darslarda ham faol. Hatto ingliz tili bo‘yicha yordam so‘rab uyigacha boramiz, – deydi dugonalari Sevinch, Anjelika va Saida.
Yaqinda Avstriyaning Zalburg shahrida “Zalburg yulduzchalari” nomli butunjahon bolalar va o‘smirlar festivali bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtimiz Aselya Tastanova 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. Tanlov taassurotlari haqida uning o‘zidan so‘raganimizda bir olam quvonch va hayajonlarini bayon qildi:
– Tanlovda O‘zbekistondan qatnashgan 16 san’atsevar o‘smir safida men ham bor edim. Biz pianino, skripka, vokal, aktyorlik mahorati va raqs yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bolalari nimalarga qodirligini dunyo ahliga yana bir bor isbotladik. Jamoalar o‘rtasida bizning “Chashma” guruhimiz 1-o‘rinni egalladi. Biz buxorocha, xorazmcha raqslarni ijro etdik. Hay’at a’zolari xorijiy tilda mening ism-familiyamni va Vatanimiz nomini aytib, “Yakka ijrochilik bo‘yicha 1-o‘rin” deganida ilk bor ko‘z oldimga ota-onam keldi. Ustozlarim Mirzohid Mirjalilov, Dinara Haydiyeva, Setora Mashrapova, Iroda Ismoilovalar, Vatanim bergan ishonchni oqlay olganimdan juda-juda xursand bo‘ldim. Tanlov menga qo‘shaloq g‘alaba hadya etdi. Chunki festivalning “Eng yaxshi obraz” nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.
– Sening farzanding dunyo bo‘yicha birinchi bo‘lsa, bundan ortiq shodlik bormi? Farzandimning yutug‘idan haligacha hayajondaman. Hukumatimizga, bizni qo‘llab-quvvatlagan hamma-hammaga, musiqa maktabi direktori Malohat Agayevaga cheksiz rahmatlar aytaman. Har bir ota-onaga farzandi orqasidan rahmat eshitish, yutuqlaridan quvonib, faxrlanib yurish nasib qilsin. Axir ota-onaga bundan ortiq yana nima kerak?! Farzandlarimizning bizga bergan eng katta mukofoti ham aslida shu emasmi! – deydi Aselyaning onasi Yulduz opa g‘urur bilan.
Bizningcha, bu barcha onalarning dil so‘zlari edi.
Sohibjon HOTAMOV