Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yurtimizning ikki faxri

Shamsiddin shaxmatga qachon qiziqib qolganini eslay olmaydi. Balki ota-onasining atrofida tetapoya qilib yurganida ularning shaxmat bo‘yicha o‘zaro bahslarini go‘dak shuuri bilan his qila boshlagandir. Balki endi-endi teleekran lavhalarini anglay boshlaganida chempion aka-opalarining g‘urur bilan so‘zlashlaridan, ularning shaxmat taxtasi qoshida uzoq o‘yga tolishlaridan zavq olgandir.

Shaxmat sport turi bo‘yicha uch karra O‘zbekiston, ikki karra Osiyo chempioni Shamsiddin Vohidov bu onlarni shunday yodga oladi:

– To‘g‘risi, bolaligimda to‘yib o‘yinqaroqlik qila olmaganman. Chunki ota-onam menga doimo talabchan bo‘lishgan. Bo‘sh qoldim deguncha, shaxmat sirlarini puxta o‘rganishimga undardi. Avvaliga biroz mushkul tuyilgan bu sport turi keyinchalik hayotim mazmuniga aylandi.

Bugungi kunda poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 307-maktabning 7-sinfida tahsil olayotgan qahramonimizga shaxmat bo‘yicha ilk professional tahsilni uning birinchi murabbiyi Gulnora opa Ortiqova berdi. Shamsiddinni yetti yoshidan musobaqalarga tayyorlay boshlagan Gulnora opa shogirdining ko‘plab g‘alabalariga guvoh bo‘ldi. Hozirda xalqaro grossmeyster Anton Filippov murabbiyligi ostida mashg‘ulot o‘tayotgan yosh shaxmatchimizga navbatdagi g‘alaba haqli ravishda katta muvaffaqiyat olib keldi. Ya’ni Gretsiyaning Xalkidiki shahrida shaxmat bo‘yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatida hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov jahon chempioni, degan sharafli nomga munosib ko‘rildi. U saksonta davlatdan jami 187 nafar ishtirokchi qatnashgan bunday yirik musobaqada 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahslarida 11 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘arib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Eng muhimi, musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi (7 g‘alaba, 4 durang).

Ha, bugun tinimsiz mehnatlari ortidan katta g‘alabalarga erishib kelayotgan Shamsiddin kabi yoshlarimiz talaygina. Ular o‘z muvaffaqiyatlari bilan nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida hurmat topishmoqda, obro‘ qozonishmoqda. Ana shunday yosh iqtidor egalaridan yana biri Aziza Boyjigitovadir.

Olti yildan buyon sportning karate-do turi bilan shug‘ullanib kelayotgan Aziza bir qator mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda, qit’a va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Hozirda Nukus shahridagi 22-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 9-sinfida o‘qiyotgan bu yosh iste’dod egasi tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak. Ustozi Po‘lat Bozorboyevdan karate sirlarini qunt bilan o‘rganib kelmoqda.

Xalqimiz topib aytgan: astoydil qilingan harakat besamar ketmaydi. Bu aqida Azizaning hayotida ham o‘z isbotini ko‘rsatmoqda. Chunki u katta ishtiyoqi hamda tinimsiz harakatlari natijasida ketma-ket g‘alabalarga erishib kelmoqda. 2013-yili Buxoroda, 2015-yili Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, o‘sha yili Gruziyaning Tbilisi shahrida sportning karate-do turi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

– Bu yutuqlarim zamirida avvalo, ota-onam, ustozlarimning hissasi katta, deb o‘ylayman, – deydi chempion hamyurtimiz. – Shu bilan birga yurtimizda biz yoshlarga yaratib berilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar men kabi sportchilar uchun muvaffaqiyatlar kaliti bo‘ldi. Bu shart-sharoitlarning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida bizning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishimiz uchun ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rliklar mevasi, deb bilaman. Kelgusi maqsadlarimdan eng kattasi, bu jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritish hamda Vatanimiz sharafini yanada ulug‘lashdan iboratdir.

Chempion qiz Aziza Boyjigitova uchun “Sog‘lom ona va bola yili” omadli boshlandi. U Prezidentimizning Farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.