Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Til – qalb oynasi

Bir kuni avtobusga chiqqan o‘quvchilarning suhbati diqqatimni tortdi.

– Bugun futbol o‘ynagani borasanmi? – dedi o‘quvchilardan biri sherigiga.

– Yo‘q, borolmasam kerak, bugun “paxan”ning navbatchilik kuni emas. Uydan chiqib ketolmayman. Qolaversa, qishloqdan bobom kelganlar. Otam, “boboy”ga yaxshi qara, deb tayinlaganlar.

O‘quvchi men unga ajablanib qarab turganimni ko‘rib o‘zini oqlagan bo‘ldi.

– Opa, hozir shunaqa gapirish “moda”, – dedi xijolat tortgan bo‘lib.

Ularning suhbatini tinglar ekanman, otadan ibrat olayotgan farzandning so‘zlariga g‘ashim keldi. Kattalar nutqidagi noo‘rin so‘z kichiklar xotirasiga tez o‘rnashishini tushundim. Kattalar e’tiborsiz aytgan ayrim so‘zlar yosh avlod tiliga o‘rnashib qolishi fojia emasmi?

Ayniqsa, ismini qisqartirib, “Boqi”, “Baho”, “Aziy”, “Mukar” deb chaqirishlari, “Pakana”, “Qoravoy”, “Fantomas”, “Kal”, “Shrek” deya bir-birlariga laqab qo‘yishlari, ularning ota-onalari qo‘ygan ismga bo‘lgan behurmatlikni bildirmaydimi? Bu laqablar, qisqartirib chaqirishlar yillar o‘tib ham odatga kirib qolsa-chi? Balki bu odatiy holdek qaralar, ammo chetdan turib kuzatilsa, juda xunuk eshitilishini bilisharmikan? Bu jargon so‘zlarni eng yaqin insonlarga nisbatan ishlatish orqali ularga mehr-muhabbatdan ko‘ra hurmatsizlik bildirilyapti, deb o‘ylayman.

Shu voqea sabab o‘quvchilarning nutqiga ko‘p e’tibor beradigan bo‘ldim. Qizlar nutqlarida “íåóæåëè”, “êîðî÷å”, “òàê ÷òî”, “hello”, “ok”? so‘zlarini tez-tez talaffuz qilib turishlari ularning zamonaviylik emas, balki madaniyatsizlik belgisi ekanligini, nahotki, tushunmasalar. Til o‘rganish bilan uni buzib talaffuz qilish o‘rtasida katta farq bor. Ayniqsa, ona tilining sofligi uchun kurashish o‘z millatiga bo‘lgan faxrlanish tuyg‘usi ifodasidir.

Bugungi kunda turli ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u yerdagi qisqa, jo‘n, sheva, og‘zaki nutqqa asoslangan jumlalar o‘quvchiga ta’sir qilmasdan qolmayapti. Bu ularning yozma nutqida ham o‘z aksini topmoqda.

Adabiy nutqqa rioya qilish har birimizning tilimizga, o‘zligimizga hurmatimiz ifodasidir.

Kunlardan bir kuni sulton Husayn Boyqaro mulozimlariga go‘shtning eng shirin joyini pishirib kelishni buyuribdi. Bundan boshi qotgan mulozimlar hazrat Alisher Navoiydan yordam so‘rashibdi. Navoiy molning tilini pishirib borishni maslahat beribdi.

Oradan ancha vaqt o‘tib, Husayn Boyqaro go‘shtning eng ta’msiz, achchiq joyini pishirib kelishni buyuribdi. Mulozimlar yana Navoiyning qoshiga kelibdilar. Shoir uzoq o‘ylanib o‘tirmasdan o‘sha tildan pishirib berishni maslahat beribdi.

Sulton bu safar ham barkashda pishirilgan tilni ko‘rib hayron bo‘libdi va sababini so‘rabdi. Javob topolmagan mulozimlar bu Navoiyning taklifi ekanligini aytibdilar. Shunda shoh Navoiyni saroyga chorlabdi.

– Til shunday narsaki, u insonni ko‘klarga ko‘taradi, unga olqishlar yog‘diradi. Agar istasa tuproqqa qoradi. Yaxshi so‘z ham, yomon so‘z ham shu tildan chiqadi, – deb javob beribdi shoir.

Shoh do‘stining topqirligiga yana bir bor tan beribdi.

Til sofligi uchun kurashish buyuk mutafakkirlarimiz asarlarida ham o‘z aksini topgan. Til qalbimiz oynasi, millat faxri. Bu ko‘zguni darz ketkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Hazrat Mir Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub-ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) asarida “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” deb bejiz ta’kidlamaganlar. Bu hikmatga amal qilish har birimizning burchimizdir.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.